“Mendagi qattiq qo`rquv er-xotinlik munosabatlariga to`sqinlik qilmoqda”

13:10, 22 oktabr

— Ota-onamning xohishi bilan xolamning o`g`liga turmushga chiqdim. Lekin u kishi bilan birgalikdagi hayotimiz uzoqqa bormadi. Sobiq erimning salomatligi borasida nozik muammosi borligi sabab ajrashishga majbur bo`ldik. Oradan ko`p o`tmay, menga ko`ngil qo`ygan bir yigit oila qurishni taklif qildi. Uning ota-onasi turmushga chiqqanimni, biroq oilaviy hayot kechirmaganimni bilishardi. Shuning uchun avvaliga rozilik bildirishdi. Keyinroq g`iybatchilarning gapiga kirishdimi, to`yga qarshilik qila boshlashdi. Ammo u hech narsaga qaramay, meni sevishini aytib, nikohiga oldi. Mana ikki yildirki, sevgan insonimning rafiqasiman. Hozir ota-onamnikida yashaymiz. Mendagi qattiq qo`rquv er-xotinlik munosabatlariga to`sqinlik qilmoqda. Shifokorlarga ham, tabiblarga ham murojaat qildim. Ammo... Atrofdagilar esa meni tushunmay, «Shunaqasi ham bo`larkanmi?» deb kulgi qilishayapti.

Ismini sir tutgan muxlis, 24 yosh, Surxondaryo viloyati.

Qaynonajon: — Qizim, hozir tibbiyot juda rivojlangan. Davosi yo`q dardning o`zi yo`q. Asab va ruhiyat sohasi mutaxassislari albatta muammongizni hal qilishga ko`mak berishadi. Gap-so`zlarga kelsak, avvalambor shaxsiy hayot har kimning o`zigagina tegishli bo`lgan hududdir. Uni muhokama qilishga hech kimning haqqi yo`q. Sir-sinoatga to`la dunyoda siz ham baxtli-saodatli ayol bo`lishingizga ishonamiz. Sizga mustahkam iroda, sog`lik tilab qolamiz.

Shahnoza XALILOVA, ruhshunos: — Ko`pincha ona, opa yoki kelinoyilar balog`atga etgan qizini chimildiqdan sharmisor bo`lib qaytgan kelinlar haqidagi voqealar bilan qo`rqitib qo`yishadi. Garchi bu ishlari bilan qizlarini yomon yo`lga kirib qolishdan himoya qilishni ko`zlagan bo`lishsa-da, o`zlari istamagan holda ularning ongida noto`g`ri tushuncha shakllantirib qo`yadilar. Natijada, ayrimlarda oila qurganlaridan keyin «Menda ham o`sha holat takrorlansa, oqibati fojea bilan tugaydi», degan qo`rquv paydo bo`ladi. Shu sababdan xoh yigit bo`lsin, xoh qiz bo`lsin, vaqti etganida aynan ota yoki ona farzandining jinsiy tarbiyasini shakllantirgani ma`qul. Tushunishimcha, sizning holatingizda qo`rquv allaqachon fobiya darajasiga ko`tarilgan. Shu tobda sizga biror maslahat bera olmayman. Chunki psixologiyada fobiyaning sabablarini aniqlab, ana undan keyingina davolashga kirishiladi. Maslahatim, vaqtni cho`zmay, mutaxassisga murojaat qiling. Chunki ushbu vaziyatda vaqtning o`tishi faqat zararingizga xizmat qiladi.

Saodat Ochilova yozib oldi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!