“O`zbekneftgaz”: O`zbekistonda yagona avtomobil benzin narxi belgilandi

00:36, 23 oktabr

“O`zbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasi benzin narxi oshirilganligi yuzasidan rasmiy ma`lumot berdi. Unda shunday deyiladi:

“O`zbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasi shuni ma`lum qiladiki, so`nggi vaqtda mamlakatimiz aholisining O`zbekiston Respublikasi Bosh vazirining virtual pochtasi orqali, shuningdek kompaniyamiz, Respublikamizning rahbar, nazorat hamda huquqni muhofaza qiluvchi idoralari nomiga kelib tushgan murojaatlarida avtobenzin ta`minotida bo`layotgan uzilishlar, shu jumladan ba`zi avtomobillarga yonilg`i quyish shoxobchalarida (AYoQShlarda) avtobenzinning ustama narx bilan sotilayotganligi, avtobenzin olish uchun uzundan-uzoq navbatda turishga to`g`ri kelayotganligi, Toshkent shahridagi aksariyat AYoQShlarda Ai-80 rusumli avtobenzinning 2075 so`mlik narxda, viloyatlarda esa asosan tijorat narxida, ya`ni 3000 so`mlik narxda sotilayotganligi, avtobenzinning ayrim nopok kimsalar tomonidan Toshkent shahridagi AYoQShlardan turli yo`llar bilan olib borib boshqa viloyatlar aholisiga uch ming so`mdan besh ming so`mgacha bo`lgan chayqov narxida sotilayotganligi haqidagi o`rinli e`tirozlarini inobatga olib hamda bundan buyon mazkur qonunga hilof holatlarga uzil-kesil barham berish maqsadida 2016 yil 23 oktyabrdan barcha turdagi avtobenzin chakana narxlari Respublika bo`yicha bir xil etib belgilandi.

Hurmatli hamyurtlar! Shu munosabat bilan “O`zbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasi Sizlardan o`zlaringiz istiqomat qilayotgan joylardagi yoki yurtimizning har qanday hududidagi AYoQShlarda bundan buyon avtobenzin narxiga ustama qo`yib sotilayotganligi yoxud boshqa noxush holatlar haqida “O`zneftmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasining ishonch telefoniga, “O`zdavneftgazinspeksiya”ning viloyat boshqarmalari, joylardagi tegishli huquqni muhofaza qilish organlari va neft bazalarning ishonch telefonlariga xabar qilishingizni hamda faol fuqarolik pozisiyasida turib, biz bilan yaqindan hamkorlik qilishingizni so`raymiz!”

Avtobenzinning yangi chakana narxlari quyidagicha belgilandi:

  • Ai-80 rusumli avtobenzinning 1 litri - 2 800 so`m;
  • Ai-91, Ai-92 va Ai-93 rusumli avtobenzinlarning 1 litri – 3 000 so`m;
  • Ai-95 rusumli avtobenzinning 1 litri – 3 300 so`m.

 

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!