Alijon Ochilov: “Saylovchining huquqiy madaniyati yuksak bo`lsa, ovoz berishda faol qatnashadi”

21:15, 23 oktabr

Ayni kunlarda yurtimizning barcha hududlarida, shu bilan birga, mamlakatimizning xorijiy davlatlardagi vakolatxonalarida O`zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga qizg`in hozirlik ko`rilmoqda. Adliya vazirligi boshqarma boshlig`i, Huquqiy targ`ibot va ma`rifat bo`yicha davlat organlari ishlarini muvofiqlashtirish bo`yicha idoralararo kengash kotibi Alijon Ochilov bilan suhbatimiz saylovchilar huquqiy madaniyatini yuksaltirish bo`yicha olib borilayotgan ishlar xususida bo`ldi.

– Tabiiyki, saylovning O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi va qonunlari, saylov bo`yicha xalqaro huquqning umume`tirof etilgan qoidalari asosida o`tishi ko`p jihatdan fuqarolarimizning siyosiy-huquqiy madaniyatiga, ularning faolligi va fuqarolik burchini chuqur anglashiga bog`liq, – dedi A. Ochilov. – Demak, saylovchilarimizning siyosiy-huquqiy madaniyati yuksak bo`lsa, ular ushbu siyosiy jarayonda ongli ravishda yondashadi, o`z ovozi davlatning va jamiyatimiz hayoti, mamlakatimiz kelajagi uchun muhim ahamiyatga ega ekanini tushunib etadi.

2016 yilning 7 oktyabrida Markaziy saylov komissiyasi xuddi shu maqsadda O`zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko`rish davrida saylovchilar huquqiy madaniyatini yanada yuksaltirish bo`yicha o`tkaziladigan tadbirlar dasturini tasdiqlagan edi. Mazkur dasturda aholi o`rtasida milliy saylov tizimi, “O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to`g`risida”gi qonun, ushbu qonunga keyingi yillarda kiritilgan o`zgartish va qo`shimchalar, shuningdek, Markaziy saylov komissiyasining saylov masalalarini tartibga soluvchi qarorlari mazmun-mohiyati hamda saylovchilarning bu boradagi huquq va erkinliklarini keng tushuntirish ishlarini olib borishga qaratilgan chora-tadbirlar ko`zda tutilgani bilan ahamiyatlidir.

– Dasturni hayotga tatbiq etish doirasida qanday chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda?

– Shu kunlarda ushbu dasturda belgilangan vazifalardan kelib chiqib, saylovga oid 16 ta ommabop risola tayyorlandi. “O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to`g`risida”gi qonun hamda “O`zbekiston Respublikasining saylov to`g`risidagi qonunlari” to`plami chop etilib, joylarga etkazildi.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko`ra, hozirga qadar joylarda 5000dan ortiq huquqiy targ`ibot tadbiri o`tkazildi. Ularning aksariyati uchrashuv, davra suhbati va seminar shaklida amalga oshirilgani uchun ham saylovchilar bilan yuzma-yuz gaplashish imkoniyatini yaratdi. Masalan, shu yilning 21 oktyabrida Toshkent shahrida Markaziy saylov komissiyasi hamda Adliya vazirligi hamkorligida saylov qonunchiligini buzganlik uchun javobgarlik mavzusiga bag`ishlangan amaliy seminar o`tkazildi.

Shuni alohida ta`kidlash kerakki, xorijiy mamlakatlarda ham O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi jarayoniga bo`lgan qiziqish kundan-kunga ortib bormoqda. Buni chet ellardagi ommaviy axborot vositalarida 600 dan ortiq maqola va material e`lon qilingani ham tasdiqlab turibdi.

Ma`lumki, mamlakatimizda 130 dan ortiq millat va elat vakillari bir oiladek yashab kelishmoqda. Shu nuqtai nazardan kelib chiqib, “Yagona oilada – V seme edinoy” shiori ostida O`zbekiston fuqarolari millati, dinidan qat`i nazar, teng huquq va erkinliklarga ega ekanini, millatlararo totuvlik jamiyatdagi barqarorlikning bosh omili bo`layotgani tushuntirishga qaratilgan uchrashuvlar, OAVda chiqishlar ham tashkil etilmoqda.

Masalan, O`zbekiston milliy teleradiokompaniyasida har haftaning juma kunlari “Didar”, “Ranginkamon, “Nao`pir”, “Chinsen” (qozoq, tojik, qoraqalpoq va koreys tillarida), chorshanba kunlari (oyda ikki marotaba) “Yagona oilada”, “O`zbekiston – umumiy uyimiz” ko`rsatuvlari, seshanba kunlari esa milliy-madaniy markazlar faoliyati xaqida radioeshittirishlar efirga uzatilmoqda.

Dastur asosida xotin-qizlar, nuroniylar, imkoniyati cheklangan shaxslar, yoshlar, shu jumladan, birinchi marotaba ovoz beruvchi fuqarolar o`rtasida ham samarali targ`ibot-tashviqot ishlari tashkil etilmoqda.

– Ma`lumki, joriy yilgi saylovda birinchi marta ovoz beradigan yigit-qizlarimiz ham ko`pchilikni tashkil etadi. Ularning saylov haqida bilimlarini oshirish bo`yicha qanday ishlar olib borilyapti?

– Haqiqatan ham, saylov kuniga qadar 18 yoshga to`lib, ovoz berishda qatnashish baxtiga muyassar bo`lgan yoshlarimiz soni ko`pchilikni tashkil qiladi. Shu ma`noda, saylovda birinchi marta qatnashayotgan yigit-qizlarning saylovga oid bilimlarini yuksaltirish masalasiga bu boradagi ustuvor vazifalardan biri sifatida e`tibor qaratilmoqda. Shu maqsadda oliy, o`rta maxsus, kasb-hunar ta`limi muassasalaridagi axborot va murabbiylik soatlarida, ma`naviyat kunlarida o`quvchi va talabalarga saylovga oid qonun hujjatlari, saylovda ovoz berish qoidalari tushuntirilmoqda.

Oliy va o`rta maxsus, kasb-hunar ta`limi muassasalari uchun Prezident saylovining huquqiy asoslarini o`rganish yuzasidan 4 soatga mo`ljallangan maxsus kurs o`quv dasturi tayyorlandi. U asosida 1637 ta ta`lim muassasasidagi o`quv dasturlariga “O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini tashkil etish va o`tkazishning tashkiliy-huquqiy asoslari” mavzusida mashg`ulotlar olib borilmoqda.

Yuqoridagi dastur asosida yaqin kunlar ichida davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari hamkorligida yoshlar uchun “Mening ovozim – Vatanim kelajagi”, aholining saylov jarayonidan xabardorlik darajasini yanada oshirish uchun “Men shaxsan o`zim ovoz beraman”; “Bizning oilamizda har birimiz o`z ovozimizga egamiz”, “Saylovchilar ro`yxatida bormisiz?” kabi aksiyalar o`tkazish rejalashtirilgan.

Bir so`z bilan aytganda, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko`rish davrida saylovchilar huquqiy madaniyatini yanada yuksaltirish bo`yicha o`tkaziladigan tadbirlar dasturi doirasida amalga oshirilayotgan sa`y-harakatlar, yuqorida ta`kidlanganidek, Prezident saylovining Konstitusiya va qonunlarimiz, saylov bo`yicha xalqaro huquqning umume`tirof etilgan qoidalari asosida o`tishiga xizmat qiladi.

Respublika matbuot markazi xodimi

Zaurbek Aslanov suhbatlashdi

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!