Jasur Abduraimov: Eron Osiyoning eng yaxshi jamoalaridan biri

10:03, 24 oktabr

Manamadagi "Radisson Blu Diplomat" mehmonxonasida terma jamoa bosh murabbiylari ishtirokida chorak final o`yinlari oldidan matbuot anjumani bo`lib o`tdi.

O`zbekiston U-19 terma jamoasi bosh murabbiyi Jasur Abduraimov navbatdagi raqib Osiyoning eng yaxshi jamoalaridan ekanini va uning shogirdlari o`yinga tayyor ekanini aytib o`tdi.

“Eron Osiyoning eng yaxshi jamoalaridan biri. Jismoniy jihatdan baquvvat hamda texnikasi yaxshi bo`lgan futbolchilarga ega. Jamoaning taktik jihatdan ham yaxshi o`ynay olishini bilamiz. Ammo, bizning jamoa ularga qarshi o`yinga tayyor. Umuman olganda, ayni damda ishtirokini davom ettirayotgan barcha jamoa turnirga munosib jamoalar”, - dedi Jasur Abduraimov.

“Biz Xitoyga qarshi so`nggi tur o`yinida ayrim asosiy o`yinchilarimizga dam berdik. Ularga jiddiy o`yin oldidan dam berishimiz muhim. Ammo, o`sha kuni tarkibda maydonga tushgan futbolchilar ham o`zlarini ko`rsatishdi. Bizning tarkibdagi o`yinchilarning deyarli barchasini sinovdan o`tkazdik va asosiy o`yinlarda maydonga tushishga kim tayyorligi borasida kerakli xulosaga keldik. Bizning jamoamizni Eronga qarshi juda qiziqarli va jiddiy o`yin kutib turibdi. O`yin barchaga yoqadigan darajada yaxshi va saviyali o`yin bo`lishiga umid qilamiz”, - dedi O`zbekiston U-19 terma jamoasi bosh murabbiyi.

Amirhusayn Peyrovani (Eron): “Bizning jamoamiz bu o`yinga tayyor. O`zbekiston turnirning eng kuchli jamoalaridan biri va ularga qarshi bizga qiyin bo`lishi aniq. Eron yoshlar terma jamoalarining avvalgi turnirlardagi natijalari haqida o`ylamasdan bugungi o`yinga tayyorgarlik ko`rishimi lozim. Bizni bugungi o`yin qiziqtirmoqda. Umid qilamanki, o`yin feyr pley qoidalari asosida o`tadi va jamoalar yaxshi o`yin namoyish etishadi”.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!