Adhamjon Ergashev jahon chempioni

11:14, 24 oktabr

Malayziyaning Penang shahrida og`ir atletika bo`yicha yoshlar o`rtasidagi jahon chempionati davom etyapti. 20 oktyabr kuni start olgan mazkur nufuzli musobaqa ertaga, 25 oktyabr kuni yakuniga etadi. Quvonarlisi jahon chempionatida 62 kg vazn toifasida ishtirok etgan hamyurtimiz Adhamjon Ergashev o`z vazn toifasida barcha raqiblarini ortda qoldirib oltin medaliga sazovor bo`ldi va jahon chempionligini qo`lga kiritdi.

O`zbekiston MOQ matbuot xizmatining ma`lum qilishicha, Adhamjon dast ko`tarishda 125, siltab ko`tarishda 155 kg toshni o`ziga bo`ysundirib, umumiy 280 kg natija bilan birinchi o`rinni egalladi. Mazkur vazn toifasida kumush medali Xitoylik Yunban Vey (276 kg) ga, bronza esa Rossiyalik Zulfat Garaev (273kg)larga nasib etdi.

Bunga qadar Adhamjon Ergashev II o`smirlar Olimpiya o`yinlari hamda o`smirlar o`rtasidagi jahon chempionatida sovrindorlar qatoridan o`rin egallagandi. Endi esa u o`z shaxsiy kolleksiyasiga jahon chempionatining oltin medalini ham qo`shib qo`ydi. E`tiborlisi Malayziyadagi jahon chempionatida terma jamoamiz sharafini birgina sportchi – Adhamjon Ergashev himoya qildi va u o`ziga bildirilgan ishonchni to`la oqlab jahon chempionatida madhiyamiz yangrashiga hamda bayrog`imiz sarbaland ko`tarilishiga sababchi bo`ldi. 

Umuman olganda 2016-yilgi sport mavsumi og`ir atletikachilarimiz uchun omadli keldi. Shu yilning 22-30 iyun kunlari Gruziya poytaxti Tbilisi mezbonlik qilgan yoshlar o`rtasidagi jahon chempionatida Farxod Sobirov 20 yoshli sportchilar orasida barcha raqiblaridan o`zib ketib oltin medalga sazovor bo`lgandi. Oradan ikki oy o`tar o`tmas Ruslan Nuriddinov Rio-de-Janeyrodagi XXXI yozgi Olimpiya o`yinlarida oltin medalni qo`lga kiritib, Olimpiya rekordini yangilagan birinchi o`zbekistonlik sportchiga aylandi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!