10 savolga javob bering va psixologlar tavsiyasiga ko`z yugurtiring!

11:24, 24 oktabr

Kuz faslida ko`pchilikni charchoq hissi qamrab oladi, kayfiyatimiz ham bahor bo`lmaydi. Nega shunday ekan, deb o`tirishdan naf yo`q. Yaxshisi, quyidagi 10 savolga javob bering va psixologlar tavsiyasiga ko`z yugurtiring. Shunda o`zingizni kuchli his qilasiz va hayotdan zavq olib, oldinga intilasiz!

Eslatma: savollar oldiga «Qachon oxirgi marta...» jumlasini qo`yib o`qing. 

1.  ...suv ichdingiz?
Buncha oddiy savol deya qosh chimirishga shoshmang. Balkim bugun kun davomida choy, qahva yoki gazli ichimliklar bilan chanqog`ingizni aldab o`tirgandirsiz? Hoziroq 1 stakan qaynatib sovitilgan suv iching va deraza oldiga borib, toza havodan nafas oling. Xo`sh, o`zingizni ancha tetik his qilayapsizmi? Unda davom etamiz.

2.  ...to`yib orom oldingiz? 
Shu kunlarda uyqungiz tinch bo`layaptimi? Yakshanbalar-chi? Bozor, uy ishlari, choyxonadagi o`tirishlar bilan o`tayaptimi faqat. Yo`q bunaqasi ketmaydi! Ayniqsa, oltin faslda. Keling, shu yakshanba miriqib dam olamiz. Shahar bo`ylab sayr qilish, madaniy dam olish maskanlariga borish mumkin. Istasangiz, to`yi-i-i-ib uxlang. 

3.  ...harakatlandingiz? 
Nega ba`zilar tushkunlikka tushib qolamiz? Nima uchun tanasini qandaydir og`ir yuk bosib turgandek og`riq sezadi? Qon bosimiz yo oshib, yo tushib ketadi? Hamma gap kamharakatlikda. Harakatsiz insonning barcha energiyasi bir nuqtada to`planib qoladi-da, azob beradi. Inson o`zini baxtli va sog`lom his qilishi uchun har kuni yarim soat-bir soat ayov yurish yo yugurish kifoya qilarkan. Jismoniy mashqlar bajarish, sport zaliga borish, yugurish, suzish — bular nafaqat tanangizni chiniqtiradi, aqlingizni teranglashtirib, zavq hissini ulashadi. 

4.  ...o`zingizdan qoniqdingiz?
Gohida hech yurishmayotgandek, qo`limizdan hech narsa kelmayotgandek tuyuladi. Shunday kezlarda bir ish ustida kunlab bosh qotirmasdan, boshqa biror kichikroq yumushga chalg`ish kerak. Oddiy ishni uddalagandan keyin «Men zo`rman, hamma ish qo`limdan keladi», deya o`zingizga takrorlang. Oqibatda o`zingizni omadli va uddaburon sanab, kuchga to`lasiz. 

5.  ...meva iste`mol qildingiz?
Bu siz uchun oddiygina gap bo`lishi mumkin, ammo mutaxassislar olma, nok, banan kabi mevalar tanovuli g`am-g`ussalarni unutishiga yordam berishini allaqachon isbotlashgan. 

6.  ...yaxshi ko`rgan insoningiz bilan suhbatlashdingiz?
Masalan, tashvishlarga boy kundan keyin 10 daqiqa yaxshi ko`rgan insonlaringizdan birining yuz-ko`ziga qarab o`tiring. Yoki uzoqroqda bo`lsangiz, uning ko`rinishi, so`zlari, harakatlarini xotirlang. U bilan gaplashish uchun samimiy mavzuda so`z boshlang. Bu ko`ngilingizga xotirjamlik bag`ishlaydi va qalbingizda umid uyg`otadi. Ishoning va albatta, bu fokusni qo`llab ko`ring.

7.  ...kitob mutolaa qildingiz? 
Oldindan aytaylik, «Vaqtim yo`q», degan bahonangiz o`tmaydi. Kitob bu sizga yangi dunyoni ochibgina qolmay, o`z olamingiz bilan ham tanishtiradi. Ya`ni mutolaa orqali kishi o`zligini anglaydi, dunyoqarashi kengayadi. Bugundan boshlab, kichik bo`lsa-da, hikoyalar o`qishni odat qiling. 

8.  ...zavqlanib film tomosha qildingiz? 
Ayollar oxiri ko`rinmas seriallar, erkaklar futbol-u boks o`yinlariga asir bo`lib qolmasdan, kishiga xushkayfiyat bag`ishlaydigan, qalbingizni orzunlantiradigan filmlar ham ko`rib turishsa, yomon bo`lmasdi. Masalan, men og`ir ish kunidan so`ng marhum so`z ustasi Hojiboy Tojiboevning dasturlarini tomosha qilishni yoqtiraman. Charchoqlar, tund qiyofani tabassum  mag`lub etishi bir necha kun ham kulib yurishingizni ta`minlaydi. Natijada ishlaringiz o`ngidan kelaveradi.

9.  ...raqsga tushdingiz? 
Baland ovozda yangrayotgan sho`x musiqaga raqsga tushsangiz, miyangiz o`sha onlarda hech nima haqida o`ylamay, qalbingiz zavq-u shavqqa to`lib-toshadi. 

10.  ...yaqinlaringizni bag`ringizga bosdingiz? 
«Men endi yosh bolamanmi?» deysizmi? Yoki uyalasizmi? Har kuni, albatta, yaqinlaringiz — ota-onangiz, opa-ukangiz, bolalaringiz, juftingizni bag`ringizga bosib, minnatdorchilik bildiring. Shu ondayoq hayotingizdan mamnunlik va ichki kuchni sezasiz.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!