Baxtingizni yanada yorqin ranglarga “bo`yang”!

11:40, 24 oktabr

Bilasizmi, o`qish, yozish mashina haydashni o`rganish singari omadli bo`lish sirini ham o`zlashtirish mumkin ekan. Buning uchun o`z ichki imkoniyatlaringizni o`rganib chiqib, ularni to`g`ri yo`naltirishning o`zigina kifoya. 

Omadsizlik oroli

Mashhur «Brilliant qo`l» filmini yaxshi eslaysiz, albatta. Undagi omadsizlik oroli haqidagi qo`shiqni qachonlardir xirgoyi qilib yurganingiz ham aniq. Ham quvnoq, ham g`amgin qo`shiq. Kichkinaligimda o`sha orolda yashovchilar dahshatli odamlardek gavdalanardi xayolimda. Hozir esa… Agar menda o`sha orolni qidirib topish imkoni bo`lsa, jon deb u erga borib, omadsiz odamlarga omad formulasi haqida ma`ruza o`qigan bo`lardim. J

Gap shundaki omadsiz odamlarni boshqalardan faqat bir narsa ajaratib turadi xolos. Ular hayotdan nimani istashlarini aniq bilishmaydi. Masalan ishidan yolchimagan omadsiz odamga yangi, yaxshi ish taklif qilib ko`ringchi? U albatta bu taklifni rad etadi. Har erda bor toshu-tarozi maqoli bilan o`zini oqlaydi ham. Sababi u hayotida nimanidir o`zgartirishdan, tavakkal qilishdan qo`rqadi. Omadsiz odam biror ishni eplolmagani uchun bahona qidirishga shunchalik ko`p quvvat sarflaydiki, uning biror ishni qoyillatishga shunchaki holi qolmaydi. Nega bahona qidiradi deysizmi? Chunki o`ziga ishonmaydi. Har qanday ishni «eplolmasam keragov», degan ikkilanish bilan boshlaydi.

Omad kaliti qaerda?

Sholchaning tagida? Yuq-yo`q, adashdingiz. U sizning ishonchingizda. Ha, xuddi shunday! O`zingizga, hayotingiz yaxshilanishiga, bundan ortig`iga ham erisha olishingizga bo`lgan ishonchingizda. Omadli odamlar omadsizlardan aynan shu xususiyat bilan farqlanishadi. Va eng asosiysi, ular o`zlarini YaXShI KO`RIShADI! To`g`ri, ular hayotida ham ba`zi-ba`zida kichkina omadsizliklar ro`y berib turadi. Ammo ular buning uchun yil davomida aza tutib yurishmaydi. Aksincha «arzimagan» dilxiralik haqida bosh qotirishdan qochishadi va bora-bora uni shunchaki unutib yuborishadi.

Ular har doim o`z oldilariga maqsad qo`yib, unga erishish ilinjida yashashadi. Hatto arzimagan masalalarda ham. Masalan, seminar mashg`ulotida «5» baho olishni ko`zlab (talaba misolida), maqsadga etishadi ham. Keyin kichkinagina bo`lsa-da, shu yutuq bilan, «istasam har qanday ishni uddalay olamanku», deb o`ziga bo`lgan ishonchini «sug`oradi».

Oyning o`n beshiga ishonuvchilar

Ya`ni omadlilik darajasi o`rtacha bo`lgan odamlar. Ular Everestni zabt etishni istashmaydi. Qora qozoni qaynab tursa bo`ldi. Niyatga yarasha deganidek… Qora qozon qaynashi uchun harakat qilishadi. Ammo ularning harakatlari omadi chopganlarnikichalik  ishonch va tavakkaldan yiroq. Yo`q, ular ishonishadi! Lekin o`zlariga emas, oyning o`n beshi yorug` bo`lishiga. Aytgancha, aynan shunday—omadliik darajasi o`rtacha odamlar er sha`ri aholisining aksariyat qismini tashkil etadi.

Yaxshi hayotga erishish maktabi

Xuddi shunday nomlanadigan maktab bor ham. Uning asoschisi Britaniyalik professor Richard Vaysman hayotda eng omadi chopgan va umuman kosasi oqarmaydigan insonlar psixologiyasini o`rganib, butun boshli turkum asarlar yaratgan. Undagi fikrlarni umumlashtirgan holda hayotiga omad nurlari kirishini istagan odamlar uchun qo`yidagilarni tavsiya qilish mumkin.

  1. An`anaviy ketma-ketlikdan qoching, qoliplardan chiqishga harakat qiling. Mana masalan, uyingizga har kun har xil yo`llardan yurib boradigan bo`lsangiz, ko`proq joylarni ko`rasiz,  turli voqealarni kuzatasiz va balki o`sha siz ilgari yurib ko`rmagan yo`llarning birida orzuingizdagi insonni uchratish imkonini topasiz.
  2. E`tiborliroq bo`ling! Masalan, nega Aziza yurgan yo`lidan nuqul pul topib yursa, Umida yurgan yo`lida hamyonini yo`qotib yuradi? Sababi Aziza o`zi peshonasi yarqiragan qizu, Umidaning yo`lidan nuqul qora mushuk chiqib qolaverishida emas. Birinchising ikkinchisidan ko`ra hushyorroqligida.
  3. Ichki sezgilardan foydalaning! Ahamiyat berganmisiz, nega biror bir o`yinda birinchi marta ishtirok etayotgan odamning omadi yurishaveradi? Axir u qoidalarni ham to`g`ri bilmaydiku? Sababi ham aynan shunda, uning suyana oladigan tajribasi yo`q, shuning uchun ichki sezgiga ishonadi va yutadi.
  4. O`zinnigizni omadli ekanligingizga ishontiring! O`zini-o`zi ishontirish san`ati katta kuch. U shunday kuchki, manaman degan tabiblar ham «ixlos-xalos», degan jumlani shundan olishgan. Yo`q-yo`q, bu degani ishingiz yurishmayotgan payti «hali hammasi yaxshi bo`ladi», deb ishoni-i-i-ib, o`tiravering degani emas. Siz xayolan omadingiz chopgan o`sha kunlarga qayting, o`sha hislaringizni jonlantiring. Va xuddi issiq kunda sillasi qurigan odam odam muzday suvga talpinadiganidek maqsadingiz sari keskin talpining.

Ishonavering, siz hammasini uddalaysiz! Axir omadlisiz-ku?!

Gulnoza tayyorladi

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!