Sinab ko`ring, o`zingizga qanchalik e`tiborlisiz?

14:22, 24 oktabr

Farzandni e`tiborsiz qoldirish mumkin emas, turmush o`rtoqning ham ko`nglini olish lozim, ota-onani, qaynota-qaynonaga ham mehrimizni izhor qilib turishimiz kerak. Uy ishlarini aytmasa ham bo`ladi! Ular doim alohida «hurmat-ehtirom»ga muhtoj. Ishingiz, oilangiz, kundalik yumushlardan ortib, o`zigizga ham vaqt ajratasizmi? Ushbu test sinovi o`zingizga qachalik e`tiborli ekaningizni ko`rsatadi.

 

1. Qomatingizni me`yorda saqlash uchun nimalar qilasiz?

A. «Ba`zan ertalablari jismoniy mashqlar bajarib turaman» — 5 ball.

B. «Maxsus dastur asosida ovqatlanaman, sport zallarga muntazam qatnayman» — 15 ball.

S. «Hech narsa qilmayman, inson bir marta yashaydi, jonimni qiynashga ne hojat?» — 0 ball.

D. «Ertalablari yuguraman, ba`zan parhez tutaman» — 10 ball.

2. Sizga fitnes klub yoki basseynga bir yillik abonement sovg`a qilishdi. Siz?

A. «Undan ko`ra konsertga chipta berishsa bo`lardi. Kimgadir sotib yuboraman» — 0 ball.

B. «Agar yashash joyimda uzoq bo`lmasa, qatnashga xarakat qilaman. Maxsus kiyim ham sotib olish kerakmi hali?» — 5 ball.

S. «Bu zo`r imkoniyat-ku! Anchadan buyon rejalashtirayotgan edim. Shifokor ham tavsiya qilgandi. Albatta, qatnayman» — 10 ball.

D. O`zim allaqachon bir yillik abonement olganman, lekin buni ham qo`ldan chiqarmayman, boraman» — 15 ball.

3. Go`zallik salonlari siz uchun?

A. «Tez-tez borib turadigan joyim! Manikyur, pedikyur, soch turmaklari — hamma yangiliklarni birinchi sinab ko`raman» — 15 ball.

B. «To`y-hashamlarga borganda kiraman» — 5 ball.

S. «Behuda pul sarflanadigan joy, yilda bir ikki marta sochimni kestirish uchun kirishim mumkin» — 0 ball.

D. «Bir oyda bir borib turaman» — 10 ball.

4. Davo maskanlarini qanday tanlaysiz?

A. «Do`stlarim, tanishlarim tavsiyasiga ko`ra» — 5 ball.

B. «Har xil, asosan poliklinika yo`llanmasiga qarab» — 2 ball.

S. «Doimiy nazoratida turadigan shifokorim bor, u bilan maslahatlashaman» — 10 ball.

D. «Bu men uchun juda muhim, internet, reklama e`lonlariga qarab tanlayman, qolaversa, narxlari yuqori bo`lganlariga ishonaman, axir qimmat bexislat emas» — 15 ball.

5. Kundalik tashvishlardan ortib ko`ngil yozishga ham vaqt topasizmi?

A. «Harakat qilaman, lekin har doim ham buning iloji bo`lmaydi» — 5 ball.

B. «Albatta!» — 10 ball.

S. «Bu men uchun emas, bunga vaqtim ham, xohishim ham yo`q» — 0 ball.

D. «Ishdan qolib bo`lsa ham, o`zimning ko`nglimga qarayman» — 15 ball.

6. Tibbiy yordamga qachon murojaat qilasiz?

A. «Dard bergan, davosini ham beradi, juda bo`lmasa, «Tez yordam» bor» — 0 ball.

B. «O`zimni yomon his qilishni boshlashim bilan» — 5 ball.

S. «Men doim xastalikning oldini olish uchun muolajalar qilaman» — 15 ball.

D. «Avval uyda o`zim davolanishga urinaman, tuzalmasam, keyin shifokorga uchrashaman» — 2 ball.

7. Shifokorning tavsiyasini...

A. «To`liq bajaraman» — 10 ball.

B. «Tanlab olishim uchun turli muolajalar tavsiya qilishini iltimos qilaman» — 5 ball.

S. «O`qib-o`rganib ko`raman, ma`qul topsam, bajaraman» — 2 ball.

D. «Ikki-uch mutaxassis bilan malahatlashib, keyin davolanaman» — 15 ball.

8. Sizni ko`pchilikning ichida maqtashsa...

A. «Judayam uyalib ketaman» — 2 ball.

B. «Maqtovga arziyman-da!» — 15 ball.

S. «Xursand bo`laman» — 10 ball.

D. «Men faqat dakki eshitganman» — 0 ball.

9. Tug`ilgan kuningizni qanday nishonlaysiz?

A. «Oilaviy, osh, tort degandek...» — 5 ball.

B. «Majburan nishonlamayman, axir yana bir yilga qaridim-ku!» — 0 ball.

S. «Bazmga avvalroqdan tayyorlanishni boshlayman, munosib restoran, ko`ylak, soch turmagi, kimlarni taklif qilsam ekan?» — 15 ball.

D. «Yaqinlarim bilan kichik davrada yig`ilib, o`yin-kulgu qilamiz» — 10 ball.

 

Test natijalari

4 BALLDAN 20 BALLGAChA. Oxirgi marta o`zingiz uchun qachon vaqt ajratganingizni eslay olasizmi? Shifokor ko`rigidan o`tganingizni-chi? Bu dunyoning tashvishlari hech qachon tugamaydi, hafta, hech bo`lmasa, oyda bir kunni,  albatta, o`zingizga bag`ishlang. O`zingizni suyib, ayasangizgina, atrofingizdagilar ham sizni qadrlay boshlashadi.

20 BALLDAN 70 BALLGAChA. O`zingizni yoddan chiqarmaysiz, lekin dangasalikdanmi yoki ishlaringiz o`ta ko`pligidanmi, har doim ham o`zingiz haqingizda o`ylamaysiz. Balki soch turmagingizni o`zgartirarsiz? Yoki kosmetologga borish ham kayfiyatingizni ko`tarib, o`zingizga bo`lgan ishonchingizni oshiradi.

70 BALLDAN 100 BALGAChA. E`tiborlisiz. Qadringiz, hurmatigizni bilasiz. Atrofingizdagilar ham buni sezishadi. Yangiliklarni xursand qabul qilasiz, bu yaxshi. Lekin o`zingiz bilan yaqinlaringizning manfaatlari duch kelganda, ikkilanmay qiziqishlaringizni qurbon qila olasiz.

100 BALLDAN 150 BALLGAChA. Siz o`zingizga judayam e`tiborlisiz! Hayotdan zavq olishni qoyillatasiz. Bu hatto o`ta xudbinlik bilan ham yo`g`rilib ketgan. «Men va faqat men» shiori bilan yashaysiz. O`zini yaxshi ko`rish yaxshi, albatta, biroq yaqin isonlaringizni e`tiborsiz qoldirmayapsizmikan? Axir ularga ham mehringiz, e`tiboringiz kerak...

Noila UMAROVA tayyorladi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!