«O`g`limning uchinchi turmushi... ammo bu kelin ham bo`lmaydi!»

15:04, 24 oktabr

O`g`lim uylangach, xotini bilan kelisholmay ajrashib ketishdi. Xozir aliment to`laydi, nabiramdan xabar olib turamiz. «Sayoq yurmasin» deb yana bir bor uylantirdik. U bilan ham bir necha yil yashadi, homilador bo`lavermagach, yana ajrashishga majbur bo`ldi. Ikkinchi turmushi bo`lmagach, o`zidan ancha yosh qizga uylantirishga qaror qildik. Bu kelinim bilan ham bir yildan oshiq yashadi. Yaqinda yana nabirali bo`ldim. Ammo turmushi jar yoqasiga kelib qoldi, nazarimda. Yosh kelin “Onam aytdi, bolani kesercha kesish orqali dunyoga keltiraman” deb turib oldi. Qudam ham shuni kutib turgan shekilli, qizining ko`zi yoriguncha o`zi qarab berishini aytib uyiga olib ketdi. Bunday o`zboshimchalikdan g`azablanib, biz ham kelinning holidan xabar olmay qo`ydik. Bolani dunyoga keltirgach, chillasi chiqmayoq «Kelin turmushga chiqar emish» degan xabar keldi. Shu gaplardan keyin o`zim bosh bo`lib uni qaytardim. 5-6 oy yaxshi yashab yurishdi. Hammasi iziga tushgani rost bo`lsin-da, deb turgan edimki, yo`q joydan telefon talashib men bilan urisha ketdi. Kichik kelishmovchilik darrov katta mojaroga aylandi. Achchig` ustida onasiga qo`ng`iroq qilib, «O`zingiz yo`lga solib bering, havo almashtirib keladi» dedim-da, uyiga jo`natib yubordim. Keyin bilsam, shifoxonaga yotib olibdi. «Qaynonam meni urdi» deya ariza ham yozibdi. Masala, hatto, mahalla idorasida ko`rildi. Majlisdan chiqib, o`g`lim «Bolam uchun seni kechiraman» dedi. Shuncha gapdan keyin ham, qudam qizini biznikiga yubormadi. Mana besh oydirki, o`g`lim va kelinim alohida yashashyapti. Endi bu ayyor kelin bolamni ishxonasiga borib, tinchini buzayotgan ekan. O`g`lim bo`lsa, nuqul yarashaman, deydi. Meni yolg`onchiga chiqargan, kora balchiqqa botirib ketgan kelinni qanday kechiray? Boshqa tomondan esa o`g`limning yoshi ham 38 dan oshdi. Uning bebaxt bo`lishini istamayman. Nima qilay, bunday kelin bilan yashab bo`larmikan?

Mastura 58 yosh, Samarqand viloyati.

Qaynonajon: Albatta, har bir oilada er-xotin tinch-totuv, ahil-inoqlikda baxt nashidasini surib yashashi ayni muddaodir. Ammo, jon bor joyda janjal bor deyishadiku, kishilar istamasalar ham, er-xotin orasida tushunmovchiliklar, kelishmovchiliklar va urush-janjal chiqib turishi bor. Ushbu holatni to`g`ri hal qilish ham oila a`zolarining saodatiga xizmat kiluvchi muhim omillardan biridir. Ona - har qanday holatda ham farzandining taqdiri uchun eng ko`p qayg`uradigan, unga dunyosini fido etguvchi zotdir. Shunday ekan, keling, o`z farzandingiz va shiringina nabirangiz uchun keliningizga yana bir imkon bering. Uni kechiring.

Shahnoza Xalilova, ruhshunos: Ha, shu yoshga kirib ham hayoti o`nglanmagan  erkakning ahvoli juda achinarli. Ammo onaning “Atrofdagilar nima der ekan, kelinimni kechirmayman” qabilidagi munosabati yanada ayanchliroq, nazarimda. O`g`lingiz muammolarini hal qila oladigan yoshga etibdi, endi uni o`z holiga qo`yib, o`zingiz uchun ham yashang. Axir hayot insonga bir marotaba beriladi. Biroq, o`g`limni ajrashtirsam, kelinimning o`rniga yaxshisini topaman, deb o`ylamang. Endi vaziyat tobora og`irlashib boraveradi. Qaror chiqarishni er va xotinga qo`yib bering, o`zlari kelishib olishadi. 

Saodat Ochilova yozib oldi.

 

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!