Yaqinlik yarashishga yordam beradimi?!

16:30, 24 oktabr

«Er-xotinning urishi doka-ro`molning qurishi», deyishadi xalqimizda. Haqiqatan ham bir uyda yashayotgan, bir ro`zg`or uchun javobgar ikki insonning janjallashib turishi tabiiy. Ammo yarashishchi? Aksariyat erkaklar nizoni yaqinlik orqali hal etishga urinisharkan... Ular qanchalik haq yoki nohaqliklarini esa shifokor-seksopatolog Ramazon NAZAROVning tavsiyalari orqali aniqlaymiz.

 

«Sen bir taraf, men bir taraf...»

– Ayolim bilan urishib qolgan paytimizda haftalab arazlaydi. Yaqinlik haqidaku, so`z bo`lishi mumkin emas. Men esa hammasini bosdi-bosdi bo`lishi uchun u bilan yaqin bo`lishni istayman. Buning nimasi yomon? Qanday qilsam, xotinim buni tushunadi?

S. F, Toshkent shahri

 

YoTOQXONA – JANJALDAN HOLI HUDUD!

Aksariyat hollarda janjaldan keyin yaqinlikni erkak istaydi. Bu yo`l bilan naq uchta muammoni hal qilmoqchi bo`ladi: 1. Unga befarq emasligini ko`rsatish. 2. Qattiq alam qilgan bo`lsa, tajovuz orqali ayolini o`ziga bo`ysindirish. 3. Janjalni izsiz tugatish.

Bu odatda ko`pincha ayolini ruhan tushunmaydigan erkaklarda ro`y beradi. Biroq erkaklarni ayblamang. Chunki nizoli holatdan keyin er-xotin qonida adrenalin darajasi yuqori bo`ladi, shuning uchun ayol erkak ko`z o`ngida yanada jozibali ko`rinadi. Yaqinlik odatdagidan farq qilishi ham rost. Sababi, janjaldan keyin er-xotin bir-biridan uzoqlashadi va bu paytdagi munosabatlar sog`inch xislariga to`lib-toshadi. Lekin ayol-chi? Axir u o`zini tahqirlangandek sezishi mumkin.

 

«U MENI TUShUNMAYDI...»

— Turmush o`rtog`im janjaldan keyin o`zimga kelishimni kutib o`tirmaydi. Yaqinlikka majbur qiladi. Rad etsam, meni tashlab ketishi, to`shakni alohida qilib olishi bilan qo`rqitadi. Majburan aytganini qilaman. Ammo bu men uchun qiynoqdan boshqa narsa emas. Qanday yo`l tutay...

M.U, Farg`ona viloyati

 

MUTAXASSIS NIMA DEYDI?

So`z avvalida erkakka tavsiyamiz: ruhshunoslar bunday paytda juftlikning hech bo`lmasa 2 soatga alohida xonaga chiqishini maslahat berishadi. Yaqinlikka keladigan bo`lsak, buni faqatgina tinchib olgandan va albatta, suhbatlashib ozmi-ko`pmi murosaga kelgach, amalga oshirish kerak. Aks holda ayol kuchli nevroz holatiga tushib qolishi va qayta-qayta eriga noroziligini bildirishi, natijada yana bitta janjal yuzaga kelishi mumkin.

Ayolga ham aytar so`zimiz bor: eringizni yo`qotmoqchi emasmisiz? Aytishib qolganingizdan so`ng yarim soatga tashqariga chiqishini so`rang. O`zingiz esa dush qabul qilib, tinchlaning. Juftingiz hovuridan tushgach, «sizni tushunolmaganimdan yuragim g`ash. Nima qilamiz?» deng. Sizni qiynayotgan gaplarni aytib oling, ammo uni ayblamasdan, sekinlik bilan so`zlang. Eringiz hammasini hal qilaman, dedimi, ishoning! Ayni damda bu eng ma`qul yo`l. Ishonqiramaslik, muammoni ertaga qoldirishi emas, qat`iy ishonch bilan unga yuzlaning. Noziklik bilan unga erkalaning, qisqa suhbat orqali bugungi nizoni unutishga harakat qiling. Yotog`ingiz sehrli taftini noxush janjallar bilan sovutmang.

Barno HOJIMIRZAEVA tayyorladi.   

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!