Ozarbayjonda O`zbekiston Prezidenti saylovi jarayonlari yuzasidan matbuot brifingi o`tkazildi

17:17, 24 oktabr

Mamlakatimizda joriy yilning 4 dekabr kuni bo`lib o`tadigan O`zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko`rish hamda o`tkazish bilan bog`liq jarayonlar qizg`in pallaga kirib bormoqda. Ushbu muhim siyosiy tadbir yangicha ijtimoiy-siyosiy va sosial-iqtisodiy sharoitda, partiyalararo raqobat, aholining siyosiy hamda fuqaroviy faolligi yanada kuchaygan pallada o`tkazilayotgani bilan ham e`tiborlidir.

To`rtta siyosiy partiya qurultoyini o`tkazib, unda  O`zbekiston Respublikasi Prezidentligiga o`z nomzodlarini oldinga surdi va saylovdan 35 kun oldin boshlanadigan saylovoldi tashviqotida faol ishtirok etishga tayyorligini ma`lum qildi.

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko`rish hamda o`tkazish bo`yicha asosiy tadbirlar dasturiga muvofiq Markaziy saylov komissiyasi saylov kampaniyasining barcha bosqichlarini qonunda o`rnatilgan muddat hamda tartibda o`tkazilishini ta`minlaydi.

Saylov komissiyalari faoliyatining ochiqligi hamda oshkoraligi, ularning yig`ilishlarida OAV, siyosiy partiyalar vakillari va xalqaro kuzatuvchilar ishtiroki ta`minlanmoqda. Markaziy saylov komissiyasi tomonidan bo`lajak saylov yuzasidan aholining xabardorligini ta`minlashga qaratilgan keng qamrovli tadbirlar, saylovchilarning huquqiy madaniyati hamda elektoral faolligini yanada oshirish bo`yicha dastur amalga tatbiq etilmoqda.

Bu boradagi ishlar mamlakatimizning xorijiy davlatlardagi diplomatik vakolatxonalarida tashkil etilgan 44 saylov uchastkasida ham olib borilmoqda. Jumladan, hamkor davlatlar bilan birgalikda turli brifinglar, “davra stollari”, seminarlar, matbuot anjumanlari va boshqa tadbirlar o`tkazilmoqda.

Mazkur tadbirlardan ko`zlangan asosiy maqsad – xalqaro jamoatchilikni saylov kampaniyasi jarayonlari haqida xabardor etish, saylovning barcha bosqichlari ochiqligini ta`minlashga qaratilgan bo`lib, shu bilan birga turli sabablar bilan xorijiy mamlakatlarda bo`lib turgan mamlakatimiz fuqarolarini bo`lajak O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to`g`risidagi xabardorligini oshirish, saylov huquqidan foydalanishiga xizmat qiladi.

Saylov kampaniyasi ochiqligi va oshkoraligini ta`minlashda ommaviy axborot vositalari muhim rol o`ynaydi, ularga O`zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko`rish hamda o`tkazishga taalluqli ma`lumotlarni etkazib berish xorijda saylovni xolis hamda har tomonlama chuqur yoritilishini ta`minlaydi.

Shu maqsadda O`zbekistonning Ozarbayjondagi elchixonasi mamlakatdagi etakchi axborot-tahlil nashrlarini brifingga taklif etdi. Ular orasida “AZERTADJ” davlat axborot agentligi, Azeri-Press (APA) agentligi, “Trend” xalqaro axborot agentligi, “Sia-az”, “Interfax.az”, “Oxu.az”, “Report.az”, “Etnoglobus.az”, “Turkishnews.az” axborot-tahlil agentliklari, shuningdek, SVS telekanallari bor.

Brifingda jurnalistlarga normativ-huquqiy baza, bo`lajak Prezident sayloviga tayyorgarlik ko`rish hamda o`tkazish jarayonlari xususida batafsil ma`lumot berildi.

Tadbirda ishtirokchilarning diqqat-e`tibori “Markaziy saylov komissiyasi to`g`risida”gi, “O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to`g`risida”gi va boshqa qonunchilik hujjatlariga kiritilgan o`zgartish va qo`shimchalarga qaratildi. Xususan, “O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to`g`risida”gi qonunida quyidagi tuzatishlarga alohida e`tibor qaratildi:

– siyosiy partiyalarning saylovda ishtirok eta olishini engillashtiradigan, prezidentlikka nomzod ko`rsatish uchun zarur bo`ladigan imzolar soni (5% dan 1% gacha) qisqartirilganligi;

– saylovoldi tashviqoti tushunchasi, uni o`tkazish shakllari, turlari va usullari to`g`risidagi normaning mustahkamlab qo`yilganligi;

– qamoqda saqlash joylarida saylov uchastkalari tuzilishi, ovoz berish tartib-taomili soddalashtirilganligi;

– vaqtincha yashash joyida saylovchilar ro`yxatiga kiritilish imkoniyati;

– muddatidan oldin ovoz berish muddatlari, tartibi va jarayoni belgilanganligi, ovoz berish boshlanishiga bir kun qolganida “sukunat kuni” o`rnatilishi nazarda tutilgan tuzatishlar alohida qayd etib o`tildi.

Ta`kidlanganidek, O`zbekistonda sohada qabul qilingan barcha qonun hujjatlari fuqarolarning saylov huquqlarini adolatlilik, ochiqlik, transparentlik tamoyillari asosida amalga oshirilishi, saylovchilarning saylovda erkin ishtiroki uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishga qaratilgan.

Brifingda jurnalistlarga O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini yorituvchi Respublika matbuot markazi press-relizlari tarqatildi.

Ozarbayjonlik jurnalistlar “Jahon” axborot agentligiga o`z taassurotlari yuzasidan intervyu berdi.

Xususan, Arzu Rajabova (“AZERTADJ” davlat axborot agentligi) brifing saylov kampaniyasining barcha bosqichlari, unda ishtirok etayotgan nomzodlar, shuningdek, OAV hamda xalqaro kuzatuvchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar haqida to`liq ma`lumot olish imkonini berganini ta`kidladi.

“Trend” axborot agentligi xodimi Elena Kosolapova taqdim etilgan ma`lumotlar Ozarbayjon xalqini O`zbekistondagi bo`lajak muhim siyosiy voqelik yuzasidan tanishtirishga xizmat qilishini ma`lum qildi.

Shamil Alibekovning (“Report.az”) fikricha, brifingdan olingan ma`lumotlar O`zbekistonda davlatning demokratik va barqaror taraqqiyotida muhim o`ringa ahamiyatga ega bo`lgan saylov jarayoniga o`z vaqtida va jiddiy yondashilganidan dalolat beradi.

Fardin Isazade (“Interfaks-Ozarbayjon” axborot agentligi) Prezident saylovini kuzatish bo`yicha xalqaro tashkilotlar hamda turli davlatlarga taklifnomalar yuborilgani O`zbekistondagi bo`lajak siyosiy tadbirning to`liq shaffoflik ruhida o`tishini ta`minlashiga ishonch bildirdi.

Elchixona tomonidan o`tkazilgan tadbir mahalliy matbuotda keng yoritildi. Jumladan, “Trend”, “Day.az”, “APA”, “ReportAz”, “GunAz”, «Novosti-Azerbaydjan» va boshqa nashrlarda O`zbekistondagi saylovlarga bag`ishlangan maqolalar chop etildi.

Eslatib o`tamiz, Markaziy saylov komissiyasi mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalarining 500 dan ziyod vakilini akkreditasiyadan o`tkazdi. Shanxay hamkorlik tashkiloti, MDH Ijroiya qo`mitasi, Islom hamkorlik tashkiloti, Butunjahon saylov organlari assosiasiyasi kabi nufuzli tashkilotlar va EXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo`yicha byurosiga saylovlarni kuzatish bo`yicha taklifnomalar yuborilib, ular O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini kuzatishda ishtirok etishga tayyor ekanliklarini bildirdilar. 

EXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo`yicha byurosi O`zbekiston Respublikasi xalqaro standartlarga muvofiq bo`lajak saylovni transparent o`tkazishga tayyorligini e`tiborga olib, Prezident saylovini kuzatish bo`yicha to`laqonli missiyasini yuborishga qaror qilganini ma`lum qildi.

Hasan Ilhomov,
mustaqil ekspert

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!