Pokistonda polisiya akademiyasiga qilingan hujum oqibatida 50 kishi halok bo`ldi

09:45, 25 oktabr

Pokistonning Kvette shahrida joylashgan polisiya akademiyasiga bir guruh qurollangan jangarilar hujum qilishi oqibatida 50 ga yaqin odam halok bo`ldi, deb xabar berdi “Vesti.ru” nashri.

Ma`lumotlarga ko`ra, 25 oktyabrga o`tar kechasi bir guruh avtomat va granatalar bilan qurollangan jangarilar polisiyachilar mashg`ulot o`tkazadigan markazga hujum uyushtirgan. Bu erda polisiyachilar bilan birga 600 nafar kadet ham bo`lgan. Jangarilar 200 ga yaqin odamni garovga olgan. Maxsus bo`linma jangchilari 250 nafar kadetni jangarilar qo`lidan qutqargan.  

Guvohlarning aytishicha, voqea joyidan portlash, o`q ovozlari eshitilgan. Pokiston armiyasi vakilining ma`lumot berishicha, hujumni uch nafar xudkush-terrorchi uyushtirgan, ularning belida portlovchi modda bo`lgan. Jangarilardan ikki nafari o`lim kamarini ishga solishga ulgurgan, oqibatda juda ko`p odam qurbon bo`lgan, uchinchi terrorchi esa Pokiston harbiylari tomonidan otib o`ldirilgan. Jangarilar qamal qilinganda, Afg`onistondagi yo`riqchilari bilan aloqaga chiqqan. OAVlarning xabar berishicha, hozirda jangarilarni yo`q qilish bo`yicha o`tkazilgan tadbir muvaffaqiyatli yakunlangan.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!