Ajrashgan oilalarda otalar tomonidan voyaga etmagan bolalarga boshpana qilib berish masalasi ko`rib chiqilmoqda

14:39, 25 oktabr

Joriy yilning 20 oktyabrida Toshkent shahar hokimining “Toshkent shahrida oila munosabatlarini mustahkamlash va nikohdan ajratish holatlarining oldini olishga qaratilgan keng qamrovli chora-tadbirlarni amalga oshirish, bunda tegishli davlat organlari va jamoat tashkilotlari hamkorligini yanada kuchaytirish to`g`risida” Qarori imzolandi.

Ushbu qarorga ko`ra, eng avvalo, shahar va tumanlar kesimida tuzilgan ishchi guruhlariga oilaviy ajrimlarning odini olish borasida chuqur tahlillar olib borib, oila qurayotgan shaxslarning majburiyat va mas`uliyatini oshirish, ajrim qayd etilgan holatda birinchi navbatda voyaga etmagan farzandlarning uy-joy bilan ta`minlanishi, alimentning to`liq undirilishiga erishish, undan bo`yin tovlash holatlariga qarshi amaldagi qonunlarga o`zgartirish va qo`shimchalar kiritish yuzasidan takliflar tayyorlash vazifasi yuklatilmoqda. 

Imkoniyati bo`la turib, oilasi, farzandlarini uy-joy bilan ta`minlamagan, oilasini moddiy qiyin ahvolga solib qo`ygan erkaklar, fohishabozlik bilan shug`ullanib oilalarning ajrimiga sababchi bo`layotgan ayollar keng jamoatchilik orasida muhokama qilinadi. Bir oy muddatda uy-joysiz qolgan voyaga etmagan farzandlar monitoring qilinib, ularning otalari tomonidan ularga boshpana qilib berish masalasida jiddiy ish olib borish masalasi ham ilgari surilmoqda.

Qarorda to`ydan keyin kelinni bir oy muddatda (agar Toshkent shahrida doimiy ro`yxatda tursa) kuyov yashaydigan xonadonga (bu xonadon kimning mulki bo`lishidan qat`iy nazar) ro`yxatga qo`yish borasida vazifalar qo`yilgan. Umuman, bu borada ham kelinlar va voyaga etmagan farzandlarning huquqlarini ta`minlash bo`yicha keskin ish olib boriladi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!