“Bolalar uyiga topshirgan qizim mendan yuz o`girdi”

14:44, 25 oktabr

Turmushga chiqqanimdan keyin erim bilan kelisholmay qo`limda qizim bilan ota-onamnikiga qaytib bordim. Biroq ular mendan or qilib, haydab solishdi. Nima qilishni, boshimni qaerga urishni bilmay “Shaharda biror ish topilib qolar” deya poytaxtga keldim. Qo`limda emizikli bolam bilan ijarada turib, ishlashga majbur bo`ldim. Avvaliga kunimni ko`rib ketarman, degan umidda edim. Lekin ahvol borgan sari yomonlashaverdi. Bir kuni uyini ijaraga bergan ayol “Bola bilan biror narsaga erisholmaysan, yaxshisi uni vaqtinchalikka mehribonlik uyiga topshir, uy-joyli bo`lganingdan  keyin yana qaytarib olasan” deb maslahat berdi. Noilojlikdan, uning aytganini qilishga majbur bo`ldim. Ammo uni tashlab qo`yganim yo`q, shanba-yakshanba kunlari vaqtimizni birga o`tkazardik, yaxshi taomlar pishirib, dam olardik. Shu tariqa oradan yillar o`tib ketibdi. Bir kuni mehribonlik uyiga borsam, tarbiyachilar qizimni asrab olishganini aytishdi. So`rab-surishtirsam otasi kelib, qishloqqa olib ketibdi. Avvaliga bolam uchun shunisi yaxshidir, degan fikr ham hayolimdan o`tdi. Ammo vaqt o`tgani sari qizim bilan oramiz uzoqlashib boraverdi. Bu oradan men bir xonali uy olib, jigarporamni oldimga chaqirdim. Ammo endi hammasi avvalgidaymasdi. Qizim qorni to`ymayotganini, o`zi istagan ko`ylakni kiyolmayotganini aytib, arazlayverdi. Va oxir oqibat otasining oldiga ketib qoldi. Yaqinda uni unashtirishganini eshitdim. O`zidan so`rasam, “ha yaqinda to`yim bo`ladi, lekin unga sizni aytmayman, sizdan uyalaman” dedi. Mana endi nima qilishni bilmay hayronman. Ne mashaqqatlar bilan yorug` dunyoga keltirgan dilbandim , dunyoni ko`zimga qorong`u qilib tursaya?

Muxlisa, 45 yosh, Navoiy viloyati.

Qaynonajon: — Mushkul vaziyat. Hayot insonning boshiga ne qiyinchiliklarni solmaydi deysiz, ularga sabru-bardosh bilan toqat qilish biz “ojiza”larning zimmamizdagi vazifadir. Qizingiz hali yosh, g`o`r, turmushning pastu balandini tushunmaydi. Bu dunyoda insonning eng yaqini, kerak bo`lsa, jonini ham berishga tayyor kishi mushtipar ona ekanligini bilmaydi, bilsa ham tan olgisi kelmaydi. Chunki, hayotdan alamzadaligi bor-da. Ammo siz oqila ayolsizku, bir zumda taslim bo`ldingizmi? Farzandingiz hayotning baland-pastini bilmaydi hali, turmushda turli vaziyatlar bo`ladi. Ularning echimini topishda, albatta, sizga suyanadi. Siz esa unga mehr ko`rsatishdan, holidan xabar olishdan charchamang. Hali hammasi iziga tushib ketadi. Farzandingizning rohatini ko`ring.

Shahnoza Xalilova, ruhshunos: Keling vaziyatga, mehribonlik uyiga topshirilgan qizingizning nigohlari bilan qarashga harakat qilamiz. Ota-onasi tirik, soppa-sog` bo`la turib, ularga kerak emasligini tushungan bolaga qanchalar og`ir. Hatto, qornining to`qligi, ustining butligi ham bu kemtikni to`ldirolmaydi. Qizingiz sizni kechirishi va tushunishi uchun ma`lum muddat, vaqt zarur. Unga shu vaqtni bersangiz, bir kun o`zi qaytishiga umid bor. Agar uni ko`rishga, muloqotda bo`lishga shoshilsangiz, uning ko`z o`ngida yanada mudhish holatda gavdalanaverasiz. Balki, farzand ko`rgach, onalarga naqadar mushkul ekanini tushunib, o`zi qaytar. Maslahatim ortiqcha harakat qilmang, shuningdek, qizingizning o`zgarib qolganida otasi yoki atrofdagilarni ham ayblamang. Yaxshisi, farzandingizning baxti ochilganidan xursand bo`lib, tinib-tinchib yashasin, deya yaxshi niyat qiling.

  Saodat OChILOVA yozib oldi. 

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!