«Erimni hech kimga berib qo`ymayman!»

16:47, 25 oktabr

Sadoqatli umr yo`ldoshingizni vafodorligiga shubha bilan qaray boshladingizmi?! To`xtang, biroz tin oling! Aql, ayollarga xos donolik, joziba va qadr-qimmatingizni yordamga chaqiring! Va ular bilan birga jangga shaylaning! Ana, endi OLG`A-A-AAAAA!!!

 

Bu muammodan hech kim sug`urtalanmagan!

Biz hammamiz Er sayyorasida, bir osmon ostida yashaymiz. Demakki, barchamizning muammolarimiz ham deyarli bir xil. Faqatgina har birimiz ularga turlicha yondashamiz. Masalan, stakanga ozgina suv solib, atrofingizdagi insonlarga ko`rsatsangiz, ayrimlar uni yarmi bo`shagan deb ta`rif bersa, boshqalari esa stakandagi suv yarmiga to`la ekanligini isbotlashga tushishadi. Men o`zimni ana shu ikkinchi toifadagi insonlar safiga kiratardim. Hayotimda neki yuz bermasin, hammasini yaxshilikka yo`yishga intilardim. G`am-tashvish neligini bilmay yashardim. Oilaviy hayotimdan rohatlanib, bolamning tarbiyasi bilan band edim. Kutilmaganda... bir kuni... hammasi ostun-ustun bo`lib ketdi...

 

Gumonga do`st tutinmang!

Qalbimning tub-tubidagi ichki ovozim men bilan suhbatga kirishdi, aniqrog`i bor ovozda baqirishni boshladi:

— Eringga e`tibor berib qarasang-chi! Axir, unga nimadir bo`lgan!?

Biroq sevimli turmush o`rtog`imga bor kuchimni to`plab, sinchiklab qarasam-da, ochig`i, pichoqqa ilinarli biror-bir narsa topolmasdim. To`g`ri, men tomonga kamroq qaraydigan bo`lgan, kun davomida faqatgina majburiyat yuzasidan qo`ng`iroq qiladi, «SMS» yozishni esa butunlay unutib yuborganini tan olmay ilojim yo`q. Lekin bularning barchasiga qarshi yaxshigina asosim bor, biz to`rtinchi yil birga yashayapmiz axir! Xotinidan ko`ngli to`q bo`ladi-da!

Biroq bu qurmag`ur ichki ovozni hech to`xtatib bo`lmas ekan-da, baqirishiga ahamiyat bermaganimni ko`rib, endi sekingina pichir-pichir qilishni boshladi:

— Yo`-o`-o`-q, baribir bu erda bir gap bor. Kiyimlari, mashinasini yaxshilab hidlab ko`rdingmi, begona atirning isi yo`qmi?

— Hech qanday hid yo`q.

— Ko`ylagining yoqasi-chi, u erda «pomada»ning izi bordirov...

— Top-toza, hech qanday dog` yo`q. Undan keyin erimga lab bo`yog`i surkalgan lablar yoqmasligini o`zing ham yaxshi bilasan!

— HA! Qara, oppoq sviterining ustida qop-qora uzun soch osilib turgandir?! Adashmasam, ikki hafta ilgari sochingni «karamel»ga bo`yab, kare qilib kestirganding-a-a-a?! Bu sening soch tolang emasligi aniq!

— Ha... ko`rdim... Menimcha, biroz oshirib yuborayapsan!

 

Ochiqchasiga gaplashib olamiz!

Ishlar men o`ylaganimdan ham jiddiylashib borgani sari, o`zimni qo`yishga joy topa olmasdim. Oiladagi har qanday muammoni turmush o`rtog`im ikkimiz tinch yo`l bilan hal qilishga o`rganganimiz uchun u bilan ochiqchasiga, yakkama-yakka gaplashib olishga ahd qildim. Bu suhbatimizga farzandim, qaynonam va ovsin-ajinlarim guvoh bo`lishini aslo istamasdim. Shuning uchun ikkimiz ham ishga ketayotganimizda mashinada gaplashishga qaror qildim. Imkon qadar ovozimni balandmaslikka harakat qilardim. Ich-ichimdan yonayotgan bo`lsam-da, buni tashqariga chiqarmaslikka harakat qilardim. Xuddiki, gaplashayotgan mavzuimiz meni zarracha ham tashvishga solmaydigandek (Qaniydi, aslida ham shunday bo`lsa...).

Avvaliga erim oilaviy xotirjamlikni qadrlovchi oila boshlig`i sifatida aytib o`tgan shubhalarimni birma-bir inkor eta boshladi. Biroq suhbatning so`ngida aytgan gaplari qilgan ishini tan olish bilan birga oilasini qadrlashini ham ko`rsatdi. Mashinasida har ehtimolga qarshi bolalarga kerak bo`lib qolar deya, plastik stakanlarni olib yuradigan erim ulardan birini qo`liga olib:

— Ko`rayapsanmi, bu oddiygina elim buyum — deya gap boshladi, — uni osongina g`ijimlashim yoki ikkilanmay axlatga tashlab yuborishim mumkin. Chunki har qadamda bunday stakanni sotib olishga imkonim bor.

Men uning gaplarining ma`nosini anglolmay, asabiylashishni boshlagandim. Stakanning bu muammoga nima aloqasi bor ekan?!

— Ana u erda bo`lsa, — yo`lning chetidagi bogem chinnilari sotiladigan do`konni ko`rsatib, — asl chinni buyum bor. U har kimga ham nasib qilavermaydi. Men ana shunday chinni idishni hech narsaga alishmayman, asrab-avaylayman. Chunki u men uchun qadrli bo`ladi! — deya so`zini yakunladi jufti halolim.

Quvonchimni ichimga sig`dira olmasdim. Odatda, erkaklar umrining so`ngiga borib, ayolining qadriga etadi deyishardi. Buni qarangki, turmush o`rtog`im rafiqasining qadr-qimmatini yosh bo`lsa-da, yaxshi bilarkan! Jahl va alamning hovuri pasaydi, bu gaplardan so`ng unga bo`lgan mehrim yanada oshdi.

 

Agar bu bir marotabalik bo`lmasa-chi...

Inson har doim eng mushkul vaziyatga ham tayyor turishi lozim. Erimning bu gaplari menga ikki oygina taskin bo`lib berdi, undan so`ng o`sha menga elim stakan deya tanishtirilgan ma`shuqa farzandimning otasiga «elim»dek yopishib olganini tushundim. Ko`z bilan ko`rmagan va qo`l bilan ushlamagan raqibamga qarshi olib borgan ko`r-ko`rona jang deyarli yarim yildan ko`proqqa cho`zildi. Bu uzoq davom etgan urush natijasida mening o`zim anchagina yo`qotishlarni boshimdan kechirganim ham rost. Ochig`i, ular haqida hozir gapirishni istamasdim. Yaxshisi, natijani aytib qo`ya qolaman. Erimga zulukdek yopishgan ayol endi boshqa birovning sho`rini quritayotganini bilaman, erimdan nari bo`lganiga ham, behad shukurlar bo`lsinki,  ikki oydan oshdi. Odamlarga ham hayronsan, yangi oilalar barpo bo`ladigan maskanda, baxtli oilalarning quvonchiga rahna soladigan ayollar ishlar ekan.

Turmush o`rtog`ingiz necha-necha qizlar orasidan el-yurtga to`y berib, Allohning kalomini tilga olib sizni rafiqalikka, farzandalariga onalikka tanlabdimi, siz u uchun doim yagonasiz! Ishoning, hammasi yaxshi bo`ladi!

Erining YaGONASI

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!