Mamlakatimizda O`zbekiston Respublikasi ichki ishlar idoralari xodimlari kuni keng nishonlandi

09:55, 26 oktabr

25 oktyabr – O`zbekiston Respublikasi ichki ishlar idoralari xodimlari kuni munosabati bilan Ichki ishlar vazirligi Madaniyat saroyida tantanali tadbir bo`lib o`tdi. Bu haqda O`zA xabar bermoqda

O`zbekistondagi tinchlik, osoyishtalik va farovonlik nafaqat dunyodagi boshqa xalqlarning havasini keltirmoqda, balki bu xalqaro ekspertlar e`tirofiga ham sazovor bo`lmoqda. World Justice Project tomonidan har yili e`lon qilinayotgan Qonun ustuvorligi indeksida O`zbekiston mamlakatda tartib va xavfsizlikning ta`minlangani ko`rsatkichi bo`yicha MDH davlatlari orasida etakchilik qilib kelayotgani buning isbotidir. 

O`zbekiston Respublikasi ichki ishlar idoralari xodimlari kuni munosabati bilan Ichki ishlar vazirligi Madaniyat saroyida bo`lib o`tgan tantanali tadbirda bu alohida qayd etildi. 

O`zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri A.Ahmadboev va boshqalar xalqimiz tinchligi va osoyishtaligini ta`minlashga qaratilgan izchil islohotlar jarayonida qonunchilik va huquq-tartibotni mustahkamlashga alohida e`tibor qaratilayotganini ta`kidladi. 
Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning 2001 yilda qabul qilingan sohani takomillashtirishga oid farmoni bu borada muhim dasturilamal bo`ldi. Shu asosda jinoyat-qidiruv va terrorizmga qarshi kurashish, tergov, huquqbuzarliklarning oldini olish, patrul-post va jamoat tartibini saqlash, yong`in xavfsizligi, yo`l harakati xavfsizligi, qo`riqlash xizmatlari zamon talabidan kelib chiqqan holda takomillashtirildi. 

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoev 2016 yil 16 sentyabr kuni imzolagan O`zbekiston Respublikasining “Ichki ishlar organlari to`g`risida”gi qonuni soha faoliyatini yanada takomillashtirish, samaradorligini oshirishga xizmat qiladi. 

Ichki ishlar idoralarining moddiy-texnik bazasi tubdan mustahkamlandi. Soha xodimlari jahon andozalariga mos aloqa, texnika va zamonaviy axborot-kommunikasiya vositalari bilan ta`minlandi. Tizimni nafaqat jismonan, balki ma`nan etuk kadrlar bilan to`ldirishga alohida e`tibor qaratilayotgani bois Ichki ishlar vazirligi akademiyasi, Toshkent oliy harbiy-texnika bilim yurti, Yong`in xavsizligi oliy texnika maktabiga har tomonlama etuk yoshlar o`qishga qabul qilinmoqda va ular zamonaviy ta`lim standartlari asosida tarbiyalanmoqda. 

Ichki ishlar idoralari xodimlarining aholi hamda o`zini o`zi boshqarish idoralari bilan hamkorligi yanada mustahkamlandi. Mahalla faollari, profilaktika inspektorlari, mahalla posbonlari bir binoda, o`zaro hamkorlikda faoliyat olib borayotgani jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olishda ijobiy samara bermoqda. Mavjud 3 ming 788 milisiya tayanch punktining deyarli barchasida fan va sport to`garaklari, kichik biznes shoxobchalari, zamonaviy sport maydonchalari faoliyat ko`rsatmoqda. Bu mahallalar muhitining tobora sog`lomlashishiga ijobiy ta`sir ko`rsatayotir. 

Ichki ishlar idoralari shaxsiy tarkibining nafaqat kasb mahorati, balki ma`naviy-ma`rifiy, siyosiy-ijtimoiy va huquqiy bilimini oshirish, xodimlarni ijtimoiy himoyalash, ularning xizmatini rag`batlantirish borasida olib borilayotgan ishlar sohadagi yutuqlarni ko`paytirmoqda. El-yurtimiz osoyishtaligini ta`minlashga munosib hissa qo`shgan ko`plab ichki ishlar idoralari xodimlari davlatimizning yuksak mukofotlariga sazovor bo`lmoqda. 

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoev 2016 yil 24 oktyabrda imzolagan “O`zbekiston Respublikasi ichki ishlar idoralari xodimlari kuni munosabati bilan bir guruh xodimlarni mukofotlash to`g`risida”gi farmon buning yaqqol tasdig`idir. 

Tadbirda mukofotlar tantanali ravishda topshirildi.

– Bugungi bayram, hamkasblarimizning yuksak davlat mukofotlari bilan taqdirlangani davlatimizning sohamizga bo`lgan yuksak e`tibor va ishonchi ifodasidir, – deydi Samarqand viloyati Ichki ishlar boshqarmasi jinoyat qidiruv va terrorizmga qarshi kurashish boshqarmasi bo`lim boshlig`i, II darajali "Shon-sharaf" ordeni sohibi Lochinbek Yaxshilikov. – Ana shu ishonchni oqlash, xalqimiz tinchligi, mamlakatimiz osoyishtaligi yo`lida mehnat qilish ichki ishlar xodimlarining muqaddas burchidir. Ichki ishlar organlariga oid yangi qonun asosida fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga oid faoliyatimiz yanada kuchaytirilmoqda. Biz bu yo`lda doim fidoyilik bilan xizmat qilamiz. 

Soha vakillari, faxriylari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etgan tadbirga san`atkorlarning konsert dasturi bayramona ruh bag`ishladi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!