Nikol Kidman: «Yo`q» deyishdan avval 20 soniya tin oling»

10:04, 26 oktabr

Nikol Kidman kino olamida orzu qilish mumkin bo`lgan barcha narsaga erishdi. Aktrisaning boshqa «yulduz»lardan farqi shundaki, u nafaqat millionlab tomoshabinlar mehrini qozonishi aniq bo`lgan loyihalarda, balki unchalik taniqli bo`lmagan rejissyorlarning kamharj kartinalarida ham ishtirok etaveradi. Kidmaning aytishicha, unga buyuk rejissyor Stenli Kubrikning gaplari dars bo`lgan ekan: «Hech qachon yangi g`oyalarni, noodatiy vaziyatlarni rad etmang».

 

Bolalik

Nikol Kidman Gavayi shtatining poytaxti Gonoluluda 1967 yilning 20 iyun kuni tug`ilgan.  Nikolning ota-onasi butun umrlarini Avstraliyada o`tkazishgan. Otasi Entoni Devid Kidman bioximik bo`lib, AQShdagi ko`plab ilmiy markazlarda faoliyat yuritardi. Nikol uch yoshga kirganida ular Vashingtondan yana Avstraliyaga ko`chib ketishdi. Va u erda Nikolning singlisi – hozirda jurnalist sifatida faoliyat yuritayotgan  Antoniya dunyoga keladi. 

Nikol yoshligidan ijodiy salohiyati baland ekanini namoyon qila boshlagandi, uch yoshidan balet bilan shug`ullanar, musiqa saboqlari olar, 10 yoshidan esa drama to`garagiga borib, yoshlar teatrlarida  qatnasha boshladi. 14 yoshida Nikol ilk bora telefilmda kichikroq rol o`ynadi, so`ngra seriallarga taklif eta boshlashdi.  Maktab davrini eslarkan, aktrisa juda tortinchoq bo`lganini tan oladi. Hatto, gapirganida biroz duduqlanardi ham.  

 

Muhim qaror

1984 yili shifokorlar Nikolnning onasida ko`krak saratonini topishdi, otasi esa barcha ishlarini yig`ishtirib, bu dardga darmon bo`ladigan dori kashf etish ilinjida tunlarni kunlarga ulay boshladi. Shunda 16 yoshli Nikol maktabni, aktyorlik studiyasini, TVdagi takliflarni tashlab, oilasiga moddiy yordam berish uchun massajchi bo`lib ishga kirdi. Axir ro`zg`orni kimdir tebratishi kerak edi-da. Aktrisa bu ishini hayotidagi eng to`g`ri qarorlardan biri deb hisoblaydi: «Men birovlarga kerakligimni anglagandim, bu esa juda muhim.» Afsuski otasi saratonga davo topolmadi, ammo onasi kasallikni engishga muvaffaq bo`ldi.

 

Ilk qadamlar

Onasi tuzalishi hamon Nikol san`at tarixini o`rganishga kirishdi, Sidneydagi mashxur teatrlarning birida aktyorlik mahoratidan saboq oldi. Reklama, kliplar va avstraliya teleshoularida qatnashib yurgan qizga «Vetnam» va «Bangkok Xilton» seriali ilk mashxurlikni olib keldi. «Dengizdagi sukunat» filmi esa dunyoga tanitdi. 1990 yili Nikol  birinchi marta Gollivud filmi – «Chaqmoqli kunlar»da suratga tushdi. Kino ishlab chiqaruvchilariga mo`maygina daromad olib kelgan bu film aktrisaning taqdirini belgiladi – karerasi olg`a siljidi, o`zi esa yosh, umidli aktyor Tom Kruzga turmushga chiqdi va AQShga ko`chib keldi.

 

Mukofotlar va yo`qotish

U o`z davrining eng zo`r aktrisalaridan biriga aylandi, «Oskar» ham oldi, Kann mukofotidan ham bebahra qolmadi. Moda dunyosining eng oldi brendlarining yuzi bo`ldi, hatto uni dunyodagi eng chiroyli burun egasi deb topishgan. U matbuot sahifalaridan tushmaydi, qizil gilamlar ham uning poyiga muntazir. Biroq...

Nikol Kidman birinchi turmush o`rtog`i Tom Kurz bilan 10 yil yashadi. Bu chiroyli juftlik uzoq vaqt farzandli bo`la olisholmagach chiroyli ishga qo`l urishdi – bir qiz bir o`g`ilni farzand qilib asrab olishdi. Ularning munsabatlari buzilganida esa rosa shov-shuv ko`tarildi: diniy kelishmovchilik, homilasining tushib qolishi, nikoh shartnomasining shartlari. Biroq aktrisaning o`zi sobiq eri haqida bir og`iz yomon gap gapirmadi, birgalikda o`tkazgan turmushini iliq so`zlar bilan tilga olishni kanda qilmasdi.

 

«Tom ketdi...»

«Biz ajrashdik. Tom ketdi. U meni tashlab ketdi va tamom. Men chuqur tushkunlikka tushib qoldim. Butun dunyoda yolg`iz qolgandek edim. Ammo bu holatimni farzandlarimiz Bella va Konorga ko`rsatmasligim kerak edi. Aynan shu payt meni yanada mashxur qilgan «Mulen Ruj» filmi olamshumul muvaffaqiyat qozondi, «Oskar» ga sazovor bo`ldim, ammo shaxsiy hayotim jarga qulagandi... Hammasi bir payda sodir bo`lganichi.. Ancha vaqt o`tib, men o`shanda ulg`ayganimni tushundim. Gap shundaki, 23 yoshimda turmushga chiqqandim. Avstraliyadagi tinch, osuda hayotimning o`rnini Amerikaning shovqini egallagandi. Hamma narsa qaynab ketgandek edi. Ehtirosli muhabbat bilan erga tegdim. Yana superyulduzga. O`zim ham qandaydir qilib, yulduzga aylandim. O`zing ham, ering ham mashxur bo`lsa... Siz go`yo mana shu mashxurlikning ko`rinmas qobig`i ichiga tushib qolgandek bo`larkansiz. His-tuyg`ularingni esa faqat shu qobiq ichidagi jufting tushunarkan. Faqat u.  Bu ajoyib tuyg`u, aslida – turmush o`rtog`ing bilan bir butunga aylangandek bo`larkansan. Ammo u ketdi va men ana shu qobiq ichida butkul yolg`iz qoldim. Usiz hayotni bilmasdim. Usiz yashashni tasavvur qilmasdim. 35 yoshda bo`lsam ham hali 23 yosh edim go`yo. Qisqa muddat ichida ulg`ayishimga to`g`ri keldi. O, buning og`riqlari. Shuning uchun ham yoshligim ortda qolganidan xursanddirman...»

 

Baxtning ma`nosi

2006 yili Nikol Kidman avstraliyalik mashxur qo`shiqchiga turmushga chiqadi. Ularning to`yi ona shahri Sidneyda bo`ladi. 2008 yili esa uzoq kutilgan farzandi – Sandey Rouz Kidman-Urbanni dunyoga keltiradi. Yana ikki yildan so`ng esa surrogat ona tug`ib bergan qizaloq Feyt Margaretni bag`riga bosdi.

«Hayotim davomida farzand asrab oldim, o`zim bola tug`dim, surrogat onalik nimaligini bildim. Va buni hech kimdan yashirmadim, negaki tanishlarim mana shu usullardan birortasini qo`llab ko`rish haqida bosh qotirayotganlarining guvohi bo`lganman. Ayollarga hammasi yaxshi bo`ladi, degan gapni eshitish muhim ekanini bilaman».

Hozirda Nikol turmush o`rtog`i va bolalari bilan Gollivud va Nyu-Yorkning shovqinidan yiroqqa AQShning Tennessi shahridagi Neshvill  shahrida osuda hayot kechirmoqda. «Aynan shu erda men baxt nimaligini angladim, – deydi aktrisa. – Avvallari «omad», «muvaffaqiyat», «karera» degan so`zlarning ma`nosini tushunardim. Endi esa baxtning ma`nosini ham bilaman. Baxt bu – muhim bo`lmay qolgan narsalardan voz kechib, haqiqatan muhim narsalar uchun yashashdir».

Nazokat ABDUQUNDUZOVA

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!