Uyda shaurma tayyorlaymiz!

10:44, 26 oktabr

Hozirgi kunga kelib har qadamda shaurma, gamburger, xot-dog kabi mazali, ammo zararli taomlarni tayyorlab sotilayotganining guvohi bo`lamiz. Nafaqat bolalar, balki kattalar ham bunday tezpishar va oson taomlarni  xush ko`radilar. Shunday ekan, uni uy sharoitida tabiiy va toza mahsulotlardan, yog`siz qilib tayyorlashga nima etsin. Quyida shaurma tayyorlash resepti bilan bo`lishdik. Uni bolalarga tushlikda tayyorlab berishingiz mumkin.

Kerakli mahsulotlar:

150 gr. mol go`shti, 80 gr. karam, yarimta sabzi, 80 gr. smetana, 2 osh qoshiq ketchup, 1 choy qoshiq o`simlik yog`i, bitta lavash, ko`kpiyoz, ko`katlar va tabga ko`ra tuz.

Tayyorlanish:

1.    Karamni qalamcha qilib to`g`rang, sabzini yirikroq qirg`ichdan chiqarib oling. Maydalab to`g`ralgan ko`kpiyoz va ko`katlarni soling.

2.    Salatga o`simlik yog`i va ta`bga ko`ra tuzi solib yaxshilab aralashtiring.

3.    Go`shtni mayda qilib to`g`rab oling, qancha mayda bo`lsa, shuncha yaxshi.

4.    Endi sous tayyorlang.

5.    Buning uchun ketchup va smetanani aralashtirib oling.

6.    Shaurmani tayyorlashni boshlang. Lavashni yoyib, unga sousdan surting.

7.    Go`shtni qovurishni istamasangiz, suvda yoki gaz pechida butun holda pishirib oling. Istasangiz, ozgina o`simlik yog`ida tab berib, pishirib oling. Tayyor go`shtni sous ustiga joylashtiring.

8.    Go`sht ustiga karamli salatni solib chiqing.

9.    Karamli salat ustiga ham qolgan sousdan yana ozgina surting.

10.  So`ng lavashni mahkam qilib o`rang.

11.  Tayyor bo`lgan lavashni mirto`lqinli pechga 10-15 daqiqaga qo`yib oling-da, dasturxonga torting. Endi bolangiz ko`chada shaurma olib bering, deb xarxasha qilmaydi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!