Janubiy Koreyada O`zbekiston madaniyati haftaligi boshlandi

11:00, 26 oktabr

Koreya Respublikasida O`zbekiston Respublikasi madaniyati haftaligi boshlandi. O`zbekiston bilan Janubiy Koreya o`rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, mamlakatimizda madaniyat, fan-ta`lim, sayyohlik kabi sohalarda amalga oshirilayotgan va erishilayotgan yutuqlarni keng targ`ib etishga bag`ishlangan ushbu tadbir O`zbekiston Respublikasining Koreya Respublikasidagi elchixonasi va Seul milliy universitetining Osiyo markazi hamkorligida tashkil etildi. Bu haqda O`zA xabar bermoqda

O`zbekiston madaniyati haftaligining ochilishiga bag`ishlangan marosimda ikki mamlakatning fan, ta`lim va madaniyat sohasi mutaxassislari, diplomatik korpus vakillari, O`zbekiston va Janubiy Koreya san`ati namoyandalari, professor-o`qituvchilar, talaba-yoshlar ishtirok etdi. 

Seul milliy universitetining Osiyo markazi direktori Myung Ku Kang va boshqalar O`zbekiston bilan Janubiy Koreya o`rtasidagi hamkorlik aloqalari barcha sohalar qatori madaniyat sohasida ham izchil rivojlanib borayotganini alohida ta`kidladi. 

O`zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning 2015 yil may oyida Janubiy Koreyaga, Koreya Respublikasi Prezidenti Pak Kin Xening 2014 yil iyun oyida O`zbekistonga davlat tashriflari o`zaro hamkorlikni yanada yuksaltirishga xizmat qildi. 

O`zbekiston va Janubiy Koreya munosabatlari o`zaro ishonch va hurmat, do`stlik va strategik sheriklikka asoslangan. Ikki davlat o`rtasidagi aloqalar 2006 yilda imzolangan Strategik hamkorlik to`g`risidagi qo`shma deklarasiya, 2014 yilda qabul qilingan Strategik sheriklikni yanada rivojlantirish va chuqurlashtirish to`g`risidagi qo`shma deklarasiya asosida taraqqiy etmoqda. 

O`zbek va koreys xalqlarining o`xshash jihatlari ko`p. Mehnatsevarlik, sadoqat, mehr-oqibat kabi fazilatlar ikki xalq uchun birdek xosdir. Bu jihatlar ikki mamlakatning do`stligi va hamkorligida muhim omil bo`lmoqda. Madaniy-gumanitar aloqalar mamlakatlarimiz o`rtasidagi munosabatlarni yanada mustahkamlashda muhim rol o`ynamoqda. Fan, ta`lim, san`at, sport, turizm kabi yo`nalishlardagi hamkorlik tobora rivojlanmoqda. 

Mamlakatimizda istiqomat qilayotgan barcha millat va elat vakillari qatori koreys millatiga mansub vatandoshlarimizning ham o`z milliy an`ana va qadriyatlarini asrab-avaylashi, boyitishi hamda kelgusi avlodlarga etkazishi uchun keng imkoniyatlar yaratilgan. Koreys millati vakillari mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy hayotining barcha jabhalarida faol ishtirok etmoqda. Ularning O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatida, mahalliy Kengashlarda, boshqaruv organlarida, iqtisodiy-ijtimoiy hayotning barcha sohalarida faoliyat yuritayotgani, istiqlol yillarida 300 nafarga yaqini mamlakatimiz davlat mukofotlariga sazovor bo`lgani buning yaqqol tasdig`idir. 

1999 yildan “O`zbekiston – Koreya” do`stlik jamiyati faoliyat olib bormoqda. Ikki mamlakat san`atkorlari O`zbekiston va Janubiy Koreyada o`tkaziladigan turli anjuman va festivallarda muntazam ishtirok etib kelmoqda. 2014 yili Toshkentda Seul bog`i ochildi. Yaqinda O`zbekistonda Koreya Respublikasi festivali bo`lib o`tdi. 

Koreyaning Tegu va Pusan chet tillari universitetlarida o`zbek tili, O`zbekiston davlat jahon tillari universiteti, Toshkent davlat sharqshunoslik va Samarqand davlat chet tillari institutlarida koreys tili o`rgatilmoqda. Toshkent shahridagi Inha universitetida axborot texnologiyalari, injiniring kabi zamonaviy yo`nalishlarda yuqori malakali mutaxassislar tayyorlanmoqda. Mamlakatimiz oliy o`quv yurtlari Koreya Respublikasining o`ttizdan ortiq ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan hamkorlik qilib kelayotir. Qator ta`lim maskanlarida koreys tili va madaniyati markazlari ochilgan. 13 oliy o`quv yurti, 30 maktab va liseyda koreys tili o`rganilmoqda. 

Joriy yilning may oyida Toshkentda Koreys madaniyati va san`ati uyi qurilishi ishlari boshlandi. 2017 yilda qurib bitkazilishi mo`ljallanayotgan mazkur muassasa koreys xalqining boy madaniyati va o`ziga xos san`ati, urf-odatlari va an`analarini saqlash va targ`ib qilish uchun qulay zamin yaratadi. Mamlakatlarimiz o`rtasidagi madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlik aloqalari va xalqlarimizning o`zaro do`stona rishtalarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Madaniyat haftaligining ochilishida mamlakatlarimiz va xalqlarimiz o`rtasidagi do`stlik, keng ko`lamli madaniy-gumanitar aloqalar O`zbekiston bilan Koreya Respublikasi hamkorligi yanada istiqbolli ekanidan dalolat berishi qayd etildi. 

O`zbekiston va Janubiy Koreya san`at namoyandalarining konserti bo`lib o`tdi. 

Tadbir doirasida Seul milliy universitetida O`zbekiston tarixi va madaniyati aks etgan foto va o`zbek milliy hunarmandlik buyumlari ko`rgazmalari ochildi. Fotoko`rgazmada Janubiy Koreya rassomlari tomonidan tasvirga olingan, O`zbekiston manzaralari, xalqimiz madaniyati va turmush tarzi aks etgan suratlar namoyish etilayotir. Tarixiy obidalarning mahobatli obrazlarida dunyo tamaddunining ko`p asrlik qiyofalari va muhim davrlari aks ettirilgan. 

Madaniy forum doirasida O`zbekiston kino festivali o`tkazilmoqda. Unda rejissyorlar Ayub Shahobiddinovning “Parizod” va Rashid Malikovning “Tog`a” filmlari namoyish etilmoqda. Tadbir davomida Seul milliy universitetida o`zbek sharqshunos olimlari tomonidan talabalar uchun maxsus ma`ruzalar o`qilishi rejalashtirilgan.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!