Homiladorlikdagi depressiyadan qanday qutulish mumkin?

11:41, 26 oktabr

— Homiladorlikning beshinchi oyidaman. Oxirgi paytlarda juda yig`loki bo`lganman, bo`lar-bo`lmasga yiglayveraman, asabiylashaveraman. Maslahat bering, nima qilay?

D.Toshkent shahri

Statistika bo`yicha homilador ayollarning qariyb 20 foizi engil yoki o`rta darajadagi depressiyaga moyil bo`lishadi. Xo`sh, homiladorlikda depressiyaga nima sabab bo`ladi? Uning bo`lajak ona va tug`ilajak bola salomatligiga qanday ta`siri bor? Depressiyadan qututish uchun nima qilish kerak? 9 oylik baxt og`ushida yurgan bo`lajak onalar bularni bilib qo`ysalar foydadan xoli bo`lmaydi. Chunki «raqib»ni engish uchun uni o`rganish nechog`lik muhimligi bor gap. Savollarga esa oliy toifali shifokor-ginekolog Muborak PIRIMQULOVA javob beradi.

Homiladorlik davridagi depressiya — salomatlikning shunday holatiki, unga bee`tibor qarash homiladorlikning ko`ngildagidek kechishi va homilaning normal rivojlanishiga ham ta`sir ko`rsatadi. Ya`ni ham ona, ham tug`ilajak bola uchun u yoki bu asoratlarni keltirib chiqaradi. Ko`ngilga taskin beradigan jihati shundaki, homiladorlikdagi depressiyani davolash va «jilovlash»ning imkoni bor.

Sabablari

  • Munosabatlardagi muammolar;
  • stressli vaziyatlar;
  • haqorat yoki jarohat;
  • ortiqcha e`tibor;
  • ko`ngilsizliklarga oldindan o`zini tayyorlash;
  • jismoniy o`zgarishlardan qo`rqish;
  • bolani tarbiyalash bilan bog`liq moliyaviy chiqimlar;
  • yonida turmush o`rtog`ining bo`lmasligi;
  • homiladorlik bilan bog`liq asoratlar;
  • rejalashtirilmagan, kutilmagan homiladorlik.

Xullas, bo`lajak onalarda depressiya yuzaga kelish sababi homiladorlik davrida miya tarkibini o`zgartiradigan gormonal muvozanatning buzilishi bilan izohlanadi. Lekin homiladorlarda depressiya yuzaga kelishiga nima sabab bo`lishidan qat`i nazar, unga «taslim bo`lish» mumkin emas!

Alomatlari

Depressiya holati turli salbiy hislar bilan namoyon bo`luvchi ruhiy-hissiy kechinmalar bilan bog`liq. Bu quyidagi belgilarda namoyon bo`ladi:

  • lanjlik;
  • o`zi va tug`ilajak farzandi uchun muntazam qo`rquv his qilish;
  • injiqlik;
  • toliqish;
  • g`amginlik;
  • xavotir;
  • uyqusizlik yoki odatdagidan ko`ra ko`proq uxlash istagi;
  • jizzakilik;
  • qiziqishning so`nishi;
  • ishtaha yo`qolishi yoki haddan ortiq eyish;
  • diqqatni jamlay olmaslik;
  • o`ziga bo`lgan bahoning tushib ketishi;
  • umidsizlik;
  • aybdorlik hissi;
  • yig`loqilik.

Uzoq vaqt bunday holatda bo`lish ayolning o`zi uchun ham, homilasiga ham salbiy ta`sir ko`rsatadi. Axir bolaning rivojlanishida hissiyot va kechinmalarning ham muhim o`rni bor. Ular hatto bolaning tug`ilgandan keyingi rivojida ham  ahamiyatli.

Qanday qutulish mumkin?

1. Agar homilador ayol toliqayotgan bo`lsa ham shunday hol kuzatiladi. Shunday paytda ba`zan homilador ayol iqlim almashtirishi unga ijobiy ta`sir ko`rsatadi. Biror dam olish maskaniga borish, biror hafta onasinikiga yoki boshqa yaqinlariga mehmonga yuborish ham foyda keltiradi. Shunda uning asablari tinchlanadi.

2. Yaqinlarining munosabatini o`zgartirishi ham foydali. Bo`lajak onaga qaynonasi, turmush o`rtog`i va boshqa yaqinlari har doimgidan ko`ra shirinso`z, e`tiborli, mehrli bo`lishlari lozim.

3. Magne va yod etishmaganda ham homilador ayolda depressiya kuzatiladi. Shuning uchun shifokor bilan maslahatlashgan holda muntazam Magne V6 va yodid 200 qabul qilish o`rinli.

4. Homilador ayolda depressiya ikki haftadan ko`p vaqt davom etaversa, albatta davolovchi shifokorga murojaat qilish lozim. U tegishli tekshiruvlarni belgilaydi. Agar tekshiruvlar hech qanday somatik patologiyani tasdiqlamasa, shifokor parhez yozib berishi, muayyan jismoniy mashqlar belgilashi (masalan, suzish yoki yoga bilan shug`ullanish), e`tiborni tug`uruqqa tayyorgarlik jarayoniga qaratishni tavsiya etadi.

5. Agar yuqorida ko`rsatilgan choralar kutilgan samarani bermasa, antidepressantlar yoki psixoterapiya yordamida davolash taklif etiladi. Antidepressantlar yozib berish — eng oxirgi chora.

6. Psixoterapiya ayollarga zararli dorilar qabulisiz, ijobiy maslahatlar berish orqali homiladorlikda depressiyani yuzaga keltiradigan omillarni bartaraf etadi. O`zini tutish borasidagi bu terapiya orqali ayol hayotidagi stress darajasini pasaytirishga e`tibor qaratiladi.

7. Agar homilador ayolning turmush o`rtog`i yonida bo`lmasa, o`ziga, o`z kuchi va muvaffaqiyatiga bo`lgan ishonchni oshirishga harakat qilinadi.

8. Shuningdek, parhezli o`zgarishlar va huzur baxsh etadigan biror yangi yumush bilan mashg`ul bo`lish ham depressiyani davolashda katta ahamiyat kasb etadi.

Oldini olishning iloji bormi?

Albatta bor! Homiladorlikni rejalashtirish va homiladorlikkacha qo`shimcha parvarish, tayyorgarliklar depressiya boshlanishi «imkoniyati»ni kamaytirishga qodir. Ya`ni ayol homiladorlikkacha bo`lgan paytda bu davrda depressiya ham bo`lishi mumkinligi, u boshlansa, nima qilish kerakligini bilib olsa, o`zini turli o`zgarishlarga tayyor his etsa, ko`ngilsizliklarning oldi olinadi. Oila a`zolarining qo`llab-quvvatlashi, muntazam mashqlar, meditasiyalar, ozuqaviy va sog`lom ovqatlanish yordamida homiladorlik davridagi depressiya xavfini kamaytirish mumkin.

Bo`lajak onaning yaqinlariga tavsiyalar:

buni bilishingiz shart!

Chunki agar homilador ayol asabiylashaversa, unda depressiya davom etaversa, bu tug`ilajak bolaga ham salbiy ta`sir ko`rsatadi. Ayol homiladorligida Depressiyadan aziyat cheksa, bola asabiy, jizzaki bo`lib tug`iladi. Shuning uchun bo`lajak onaning qaynonasi, turmush o`rtog`i va barcha yaqinlari quyidagi tavsiyalarga amal qiling:

  • uni avaylang;
  • hatto o`zi ham tushunmayotgan erkaliklariga sabrli bo`ling;
  • imkon qadar e`tiborli bo`lib, mehr Bering;
  • shirin so`zlaringizni ayamang;
  • farzandlari homilador ayolga farzandlari injiqlik qilavermasligini ta`minlang. 

Xullas, muammoning echimi homilador ayol atrofidagi insonlarga, ularning munosabatiga bog`liq

Nilufar tayyorladi

 

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!