O`zbekiston-Finlandiya siyosiy maslahatlashuvlarining 7-raundi bo`lib o`tdi

12:09, 26 oktabr

2016 yil 25 oktyabr kuni Helsinki shahrida O`zbekiston va Finlandiya tashqi ishlar vazirliklari o`rtasidagi siyosiy maslahatlashuvlarning ettinchi raundi bo`lib o`tdi. Finlandiya delegasiyasiga TIVning Rossiya, Sharqiy Evropa va Markaziy Osiyo ishlari bo`yicha departamenti Bosh direktori Maimo Henriksson boshchilik qildi.

Finlandiya tomoniga O`zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimovning vafoti munosabati bilan Finlandiya prezidenti Sauli Niinistoning O`zbekiston xalqiga yo`llagan hamdardlik maktubi uchun mamlakatimiz rahbariyati nomidan minnatdorchilik bildirildi.

Maslahatlashuvlarda siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi hamda O`zbekiston-Evropa Ittifoqi shaklidagi, BMT va boshqa xalqaro tashkilotlar doirasidagi hamkorlikning holati va uni rivojlantirishning istiqbolli yo`nalishlari batafsil muhokama qilindi.

Uchrashuvda tomonlar o`zaro aloqalarni nafaqat davlatlararo darajada, shuningdek biznes, fan, ta`lim va madaniyat muassasalari o`rtasida ham faollashtirishga qiziqish mavjud ekanligini ta`kidladilar.

21 oktyabrda imzolangan “Sud-huquq tizimini yanada isloh qilish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmonining asosiy qoidalari haqida Finlandiya tomoniga tushuntirildi va ushbu hujjat mazkur sohadagi davlat siyosatini yangi sifatli bosqichga ko`tarilgani ta`kidlandi.

Uchrashuvda o`zaro savdo va investision hamkorlikni kengaytirish masalalariga alohida e`tibor qaratildi. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning jadal rivojlanishini ta`minlash, xususiy mulkni himoya qilish va uning daxlsizligi kafolatlarining huquqiy mexanizmlarini yanada mustahkamlash, tadbirkorlikni rivojlantirish yo`lidagi byurokratik to`siqlarni bartaraf etish, respublikada investisiya va ishbilarmonlik muhitini yaxshilashga qaratilgan O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 5 oktyabrdagi “Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta`minlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi farmoni Finlandiya tomonida katta qiziqish uyg`otdi.

Maslahatlashuvlar davomida O`zbekiston-Finlandiya kun tartibining boshqa masalalari ham ko`rib chiqildi.

Muzokaralarda Finlandiyaning O`zbekistondagi Elchisi Niklas Lindkvist ishtirok etdi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!