«Qo`shnimning befarzandligiga men aybdorman...»

14:12, 26 oktabr

Vijdonimni qiynayotgan gunohimni to`kib solmoqchiman. Bundan engil tortmasligim o`zimga ayon. Asli niyatim shuki, ko`ziga tik qarolmaydigan ayoldan maktubim orqali chin dildan istig`for so`rash…

O`shanda o`n olti yoshli yigitcha edim. O`smirlikning bebosh ishonchiyu jilovsiz hislarini taniga sig`dirolmaydigan darajada norg`ul va qiziqqon yigitlar gohida o`zini idora etolmay qolishadi. O`zining kuch-quvvati va g`ayratini nimalardir qilib sinab ko`rgisi keladi. Yigit paytimda oqibat haqida o`ylash tugul, qilayotgan ishimdan maqsadim nima ekanligini ham bilmaganimni, o`zimni ko`rsatib qo`yishga urinishlarimni, “yigitlik haqiqatlarim” uchun kurashishlarimni eslasam, shunchalik ham betarbiya va betiyiq bola bo`lganmidim, deb vahmim keladi. Yoshimiz ulg`aygan sari harakatlarimiz va xohishlarimiz aqlimizga bo`ysunib, o`zimiz bosiqlashib, mulohazalashib boraverar ekanmiz.

Shukrki, oilam to`kis, ota-onam, ayolim, bir o`g`il, bir qizim bilan inoq yashaymiz. Umr yo`ldoshim hammamizga mehribon va g`amxo`r. Yaqin-yaqingacha hamma, hatto o`zim ham har tomonlama baxtli ekanligimga ishonardim. Biroq yoshlikdagi birgina xatom qancha odamga azob-uqubat keltirayotganini o`ylasam, o`zimni birovning baxtini o`g`irlagan, eng toza tuyg`ulariga chang solgan badbaxt odam ekanligimdan yurak-bag`rim kuyib ketayapti.

* * *

Bir kuni ota-onamiz qo`shni tumanga, uzoqroq qarindoshimiznikiga azaga ketishdi. Uyda singlim ikkalamiz yolg`iz qolganimiz uchun singlim ro`paradagi uyda yashovchi qo`shni qiz  — Umidani chaqirib chiqdi.  Umidalarnikiga o`sha kuni tog`asining qizi ham kelgan ekan. Singlim bilan uchalasi uzoq suhbatlashib, kashta tikib o`tirishdi. Tun yarmidan og`gach ular mehmonxonaga kirib yotishdi. O`sha vaqtda turli beparda va hayosiz videokassetalarning yashirin sotuvi avj olgan, biz bo`z yigitlar ikki-uch marta tomosha qilishga ulgurgan paytlar edik. Uydagilardan yashirincha sigareta chekib, kattalarga taqlid qilishni ham boshlagandim. Qizlarning uxlab qolganini ko`rib, ancha vaqtgacha hovlida ota-onam yo`qligidan foydalanib, sigareta tutatib o`tirdim. So`ng hayvoniy hislarning qutqusiga uchib qizlar yotgan xonaning derazasiga bildirmay quloq tutdim. Hech qanday tovush eshitilmagach, qizlar chuqur uyqudaligiga ishonib, mehmonxonaga kirdim. Qo`shnimiz Umida juda chiroyli qiz edi. Maktabda bizdan bir sinf pastda o`qiydigan, aqlli, iboli, tadbirlarda faol bo`lgan bu qizning oshiqlari ko`p, men ham ular qatorida edim. Ko`cha-ko`yda ko`rganimda zimdan ko`z tashlab o`tardim-u, lekin yurak yutib gap otishga jur`at qilolmasdim. Umida ko`z oldimda uzun sochlari parishon yoyilib, engilgina yozgi kiyimda sokin uxlab yotardi. Sekin yaqinlashdim…

Haligacha nega shunday qilganimni, bunchalik betizgin qarorga qanday kelganimni aniq eslayolmayman, vijdonim oldida sababini tushuntirib berolmayman. Umida birdan uyg`onib, meni ko`rdi. Men esa uni baqirib yuborishining oldini olib, «Umida, uxlayver», deb sochlarini silab, tinchlantirmoqchi bo`ldim. Biroq u nimalar yuz berayotganini angladi-da, yuzimga tarsaki tortib yubordi. Shu zahotiyoq hushim o`zimga kelib, xonadan otilib chiqdim. Tarsakining ovozidan singlim va Umidaning qarindoshi uyg`onib ketganini bildim. Eshik orqasida ularning gapini poylab, Umidaning «yomon tush ko`rdim shekilli», deganini eshitib, xotirjam tortdim.

O`sha tun yuzim qattiq tarsakidan ertalabgacha lovillab chiqdi. Qilgan ishimdan bir-ikki kun qo`rqib yurdim. Umida akalariga aytsa, otam ham bundan xabar topsa-ya... Sharmanda bo`lib, o`lib ketaman, deb ich-etimni edim. Vaqt o`tgach esa, men unga hech nima qilmadim-ku, deb o`zimni ovutib, voqeani esimdan chiqarib yubordim. Faqat Umida o`shandan keyin uyimizga qadam bosmay qo`ydi. Mahalla, maktabda meni ko`rsa, ko`rmaganlikka olar, menga nisbatan nafratini sezdirib turardi.

Maktabni tugatgach, Umida shaharga o`qishga ketdi. Keyin viloyatimiz markaziga kelin bo`lib tushdi. Uyida biror to`y-ma`raka bo`lsa kelar, ammo hammaning oldida na menga salom berar, na salomimga alik olar edi. Men esa arzimas shu narsaga shunchalikmi, deb hayron bo`lardim. Vaqti kelib, men ham uylandim, birinchi farzandimiz qiz bo`ldi. Onam «Umidaga juda xavasim kelardi, shu qizni kelin qilish niyatim bor edi, nabiram ham unga o`xshab aqlli, go`zal bo`lib yursin», deb qizimga uning ismini qo`ydi. Onam va ayolimning gap-so`zlaridan Umidaning juda yaxshi xonadonga kelin bo`lib tushganini, oilasi o`ziga to`q, obro`li ekanligini, turmush o`rtog`i ham, o`zi ham yaxshi joyda ishlashini eshitganman. Ammo ular to`ylari bo`lganiga o`n ikki yildan oshgan bo`lsa ham farzandsiz edilar. Ayolim hamisha: «Umida juda yaxshi ayol-da, har doim o`ziga qarab chiroyli bo`lib yuradi, turmush o`rtog`i ham juda yaxshi ko`radi. Mana, necha yildan beri umid bilan bir-birini suyab yashashayapti. Har doim oyisinikiga quchog`i sovg`a-salomga to`lib keladi. Yana deng, rosa bolajon. Jiyanlarining bittasini tizzasida, bittasini qo`lida ushlab olib o`ynatib o`tiradi. Onasi sho`rlik esa burchak-burchakda qizining befarzandligidan kuyib yig`laydi».

Erkak kishi bo`lganim uchun bu gaplarni birovning dard-hasrati sifatida beparvo eshitardim. Bir kuni Umidaning onasi Malika opaning qon bosimi oshib, o`g`li yugurib chiqdi. Xotinim hamshira bo`lgani uchun «Tez yordam» kelguncha qarab turing, deb chaqirib ketdi. Birozdan so`ng xotinim ko`zlari qizarib keldi. «Ha, tinchlikmi?» desam, «Shu qo`shnimizga qiyin bo`ldi-da, shunday yaxshi odamlarni ham taqdir shunchalik qiynar ekanmi-a», deb rosmana yig`lab yubordi. Aytishicha, Umidaning ota-onasi shaharga qizining uyiga mehmonga borishgan ekan. Qaytganidan beri Malika xola tinmay yig`layveradi. «Qizim bechoraning dardi ichida. Bizga hech sir boy bergisi kelmay, har doim kulib turadi. Otasi bilan meni ham kuldirishga, o`zini baxtli ko`rsatishga urinadi. Bolasi ko`paygur bolamning uyi dori-darmonga to`lib ketibdi. Oshqozonim og`rib qoldi, deb soatma-soat belgilab olib, dorilar ichadi. Otasi ham, men ham sezib turibmiz, aslida farzandli bo`lay, deb tinimsiz davolanayapti. Bola zoti shunchalar aziz bo`lar ekan, qizim bola bo`lishi uchun kuysa, men uning kuyishiga kuyaman», deb ayolimga dardini to`kib solibdi.

Shu voqeadan keyin ko`nglimning bir cheti Umida va uning oilasiga achinib qoldi. Sevgan insoniga turmushga chiqqan, birovga hech yomonligi yo`q, ko`z oldimda ulg`aygan shu mushtipar ayolning taqdiri tez-tez esimga tushadigan bo`ldi. Nega shunday bo`layotganini esa u bilan kutilmagan uchrashuvimizdan so`ng tushundim. Bu holatning bir uchi men bilan bog`liq ekanligini ko`nglim avvaldan sezgan ekan.

Qo`shnilarimizdan biri farzandlariga qo`shaloq to`y qildi. Bazm to`yxonada bo`lgani sabab bolalarni uyda qoldirishibdi. Ishdan kelsam, eshik-darvozamiz ochiq, bolalar o`ynagani chiqib ketishibdi. Umidalarning hovlisidan bolalarimning ovozini eshitib, qo`shnimnikiga kirdim.  Hovlida o`g`lim o`rtoqlari bilan chopqillab o`ynab yuribdi. Shu payt oshxona tarafdan Umida chiqib, mening borligimni sezmasdan bolalarni ovqatga chaqirdi. O`g`lim esa yosh bola emasmi ko`zlarini javdiratib, o`rtoqlariga qo`shilib dasturxon tomon oshiqdi. Men «Javohir, uyga yur, opang bilan birga ovqatlanamiz», deb chaqirdim. Umida esa meni ko`riboq, rangi o`chib, jahli chiqqanini oshkor ko`rsatib, indamay turaverdi. Nima deyishimni bilmay:

— Salom, Umida, yaxshimisiz? Mehmonga kelganmidingiz? — deb hol-ahvol so`ramoqchi bo`ldim.

U javob qaytarmay orqasini o`girib nari keta boshladi.

— Tinchlikmi, Umida? Nega to`yga chiqmadingiz? — dedim. Bu savolimni ham javobsiz qoldirib, jahl bilan jiyanlarining qo`lidan ushlab olib kirib ketdi. Izzat-nafsim erga urilgandek bo`lib, o`g`limni etaklab, eshitarli qilib: «Ayol kishi ham shunaqa bo`ladimi?» deb uyimga chiqib ketdim. Darvozaga yaqinlashganimda Umidaning yig`lab yuborganini eshitdim. Alam bilan oshxonadan chiqib, ko`zimga tik qarab:

— Siz nimani ham bilardingiz? Kechalari bola so`rab Xudoga nola qilganmisiz hech? Aytib qo`ygan birgina so`zingizni ortga qaytaray, deb o`zingizga o`lim tilaganmisiz hech? Sizga qo`shilib ezilib, yuragi ado bo`layotgan odamlarning ko`ziga qanday qarashni bilmay qolganmisiz hech? Necha yillardan beri, har safar, har oy umidlar chil-chil singanida yana yangidan kuch topib, yashash nimaligini bilasizmi? Siz nimaniyam eslay olardingiz?! Ha, ayol kishi shunaqa bo`ladi, qachonlardir nomusiga tegmoqchi bo`lgan odamni shunchaki kechirib keta olmaydi! Qilgan ishingizni eslay olmaysiz ham! Men sodda esa 14 yoshimda bir ahmoq yigitning ahmoqona ishi uchun oylab «Xudoyim, bir umr farzand bermasang ham mayli, faqat hozir homilador bo`lib qolmay, ota-onamni sharmanda qilmay, deb har tunda bolalarcha nola qilib chiqqanman. Bilmasdan, tushunmasdan, o`zimni o`zim duoibad qilib qo`yganman! O`zimning xato niyatimning qurboni bo`lib o`tiribman!..

Umida yana nimalardir deb uvvos solib yig`lab, uyga kirib ketdi. Quloqlarim osti shang`illab, mijjam yoshga to`lib uyga qaytdim. O`sha kundan beri orom nimaligini bilmayman. To`g`ri, o`zimni o`zim «bunda hech kimning aybi yo`q, bu bir g`o`r yigitning xatosi», deb ovuntirishim ham mumkin. Biroq bunday qilishga, unutib yuborishga vijdonim yo`l qo`ymayapti. Men hurkak, suvdek toza bir qizning o`smirlik chog`larini azobga, kelajagini uqubatga qo`ygan ekanman. Umidaning menga qilgan nidosi o`tgan yillarning, hech kimga aytolmagan sirlarining nidosi edi. Buni aqlim va ko`nglim juda yaxshi tushunib turibdi. Mana, shuning uchun ham buning menga aloqasi yo`q, deb ayta olmayman!

Singlim Umida, yozganlarimni o`qishingga ishonaman! Men badbaxt odamni kechir, kechir, kechir! Senga va turmush o`rtog`ingga farzandlar ato etishini so`rab men ham Xudoyimga nolalar qilib chiqayapman! Hali yaxshi kunlaring oldingda, ishon, singlim!

Ey aziz ota-onalar, sizlarga ham aytar gapim bor: o`smir yigitlaringizning tarbiyasi, ahvol-ruhiyati bilan jiddiy qiziqing, toki xato qilib qo`yishmasin! Onajonlar, qizlaringizga katta hayot haqida to`g`ri tasavvur va bilimni o`zingiz bering, toki uzuq-yuluq gaplarni ko`cha-ko`ydan eshitib, chalkash fikrlarga o`ralashib qolishmasin!

AZIZA qog`ozga tushirdi

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!