“Biznesni yuritish 2017” xalqaro reytingida O`zbekiston 87-o`rinni egalladi

14:13, 26 oktabr

Tadbirkorlikni rivojlantirish va uni har tomonlama qo`llab-quvvatlash mamlakatimizda amalga oshirilayotgan izchil islohotlarning ustuvor yunalishlaridan biridir, deb yozadi O`zA. 

Joriy yilning 25 oktyabrida e`lon qilingan Jahon bankining “Biznesni yuritish 2017: boshqaruv sifatini va samaradorligini baholash” hisobotiga ko`ra, O`zbekiston dunyoning 190 davlati ichida 87-o`rinni egallab, o`tgan yildagi mavqeini saqlab qoldi. Jahon banki ekspertlari hisobotning 10 indikatoridan 5 tasida O`zbekiston pozisiyasini yaxshilagan. 

Tadbirkorlik sub`ektlarini internet tarmog`i orqali davlat ro`yxatidan o`tkazishning soddalashtirilgan tartibini amaliyotga joriy etish va “yagona darcha” tizimini yanada takomillashtirish tufayli korxonani ro`yxatdan o`tkazish bo`yicha sezilarli o`sish qayd etildi. (25-o`rin, 17 pog`onaga o`sdi). 

Ta`kidlab o`tish kerakki, so`nggi yillarda biznesni tashkil etish tartib-taomillarini tubdan soddalashtirish bo`yicha olib borilayotgan tizimli islohotlar natijasida bugun O`zbekistonda odamlar o`z biznesini ochish uchun Shveysariyadagidan – 1,8 marta, Germaniyadagidan – 1,9 marta, Yaponiya va Rossiyadagidan – 2 marta, Isroildagidan – 2,2 marta, Gresiya va Ispaniyadagidan – 2,3 marta, Hindistondagidan – 4,7 marta, Xitoydagidan – 5,5 marta va Braziliyadagidan – 14,5 marotaba kam vaqt sarflamoqda. 

Reytingdagi yana bir muhim yaxshi ko`rsatkich elektr tarmog`iga ulanish yo`nalishi bo`yicha qayd etildi (83-o`rin, 29 pog`ona yuqori), bu elektr energiyasini etkazib berish barqarorligining o`sishi va elektr energiyasiga bo`lgan tariflarni shakllantirishning ochiq-oshkoraligi bilan bog`liqdir. 

Zamonaviy korporativ boshqaruv usullarini joriy etish, aksiyadorlar huquqlari va rolini oshirish bo`yicha keng ko`lamli islohotlar “Minoritar investorlarni himoyalash” ko`rsatkichi bo`yicha mamlakatimiz reytingining sezilarli darajada yaxshilanishiga hissa qo`shdi (70-o`rin, 18 pog`onaga o`sish). Aksiyadorlik jamiyatlari to`g`risidagi axborotlarning oshkoralik darajasini oshirish va aksiyadorlik kapitaliga egalik qilish tizimini yanada takomillashtirish orqali minoritar investorlar huquqlarini kuchaytirishga qaratilgan yangi normalar va mexanizmlarning joriy etilishi ushbu yo`nalishdagi reytingning yaxshilanishiga xizmat qildi. 

2016 yil 1 yanvardan boshlab tadbirkorlik sub`ektlariga “yagona darcha” tamoyili bo`yicha davlat xizmatlari ko`rsatish yagona markazlari faoliyatini tashkil etish va tadbirkorlarni jalb etmagan holda vakolatli organlar o`rtasida o`zaro elektron axborot almashinuvi tizimini yanada takomillashtirish evaziga mulkni ro`yxatga olish bo`yicha mamlakatimiz reytingi yaxshilandi (75-o`rin, 12 pog`ona yuqori). 

Ta`kidlash joizki, joriy yil boshidan mamlakatimizning barcha tuman va shaharlarida “yagona darcha” markazlari faoliyat boshladi. U erda tadbirkorlarni ro`yxatga olish, ularning er uchastkalariga bo`lgan huquqlarini davlat ro`yxatidan o`tkazish, muhandislik-kommunikasiya tarmoqlariga ulash, qurilishga ruxsat berish, turar joyni noturar joyga qayta rasmiylashtirish va boshqa ruxsatnomalarni rasmiylashtirish kabi davlat xizmatlari ko`rsatilmoqda. O`tgan davr mobaynida “yagona darcha” markazlari tomonidan tadbirkorlarga 76 mingdan ortiq xizmatlar ko`rsatildi. 

Davlat xizmatlari ko`rsatishning “yagona darcha” tamoyilining joriy etilishi tufayli davlat organlariga tadbirkorlik sub`ektlaridan boshqa davlat tashkilotlarida mavjud bo`lgan hujjatlar va axborotni, shu jumladan, soliq qarzdorligi yoki kommunal to`lovlar bo`yicha qarzlarning mavjud emasligi to`g`risidagi ma`lumotnomalarni, shuningdek, ta`sis hujjatlarini, lisenziyalar va ruxsat beruvchi tusdagi hujjatlar nusxalarini talab qilish man etildi. 

Tanlov asosida er uchastkalarini ajratishning yangi mexanizmining joriy etilishi va qurilishga ruxsat berish sohasidagi qonunchilikni izchil takomillashtirib borilishi bu yo`nalishda ham mamlakatimiz reytingini yanada yaxshilash imkonini berdi (147-o`rin, + 4 pozisiya).

Amalga oshirilayotgan islohotlar tufayli er maydonlarini ajratish, qurilishga ruxsat berish, kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish tartiblari sezilarli darajada soddalashtirilib, ularning oshkoraligi oshdi. Natijada Jahon bankining oxirgi hisobotida O`zbekiston 2015-2016 yillarda er boshqaruv sifatini oshirgan dunyodagi 17 mamlakat qatoriga kirdi. 

Yangi hisobotga muvofiq, tadbirkorlar uchun soliq yuki darajasi 38,1 foizni tashkil etib, bu AQSh, Germaniya, Fransiya, Italiya, Avstriya, Chexiya, Ispaniya, Gresiya, Yaponiya, Xitoy, Hindiston, Rossiya va shu kabi qator mamlakatlar ko`rsatkichidan ancha pastdir. 

O`zbekiston korxonani ro`yxatdan o`tkazish (25-o`rin), shartnomalar ijrosini ta`minlash (38), kreditlash tizimi (44), minoritar investorlarni himoyalash (70), mulkni ro`yxatdan o`tkazish (75) va elektr tarmoqlariga ulanish (83) yo`nalishlari bo`yicha dunyoning dastlabki 100 mamlakati qatoridan joy oldi. 

“Biznesni yuritish 2017: boshqaruvning sifati va samaradorligini baholash” hisoboti Jahon banki guruhi yillik nashrining 14-soni hisoblanib, unda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish sohasidagi tartibga solish normalari baholab boriladi. 

Tadbirkorlik faoliyati uchun qulay sharoit yaratish bo`yicha jahon reytingini Yangi Zelandiya boshqarmoqda. Shuningdek, eng kuchli beshtalikdan Singapur, Daniya, Gonkong (Xitoy) va Koreya Respublikasi joy olgan. 

Ta`kidlash lozimki, mamlakatimizda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, uning investision jozibadorligi va xalqaro reytingini oshirish bo`yicha boshlangan islohotlar izchil davom etmoqda. 

O`zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 5 oktyabrdagi “Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta`minlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi farmoni kichik biznes va xususiy tadbirkorlikka keng erkinlik berish, ularning faoliyatiga davlat organlarining aralashuvini tubdan qisqartirish, huquqbuzarliklarning barvaqt oldi olinishini ta`minlash, ularning profilaktikasi samaradorligini oshirish va huquqbuzarliklarga yo`l qo`yilmaslik davlat siyosatining muhim ustuvor yo`nalishi va davlat organlarining birinchi darajali vazifasi etib belgilangani bu boradagi ishlar sifat jihatidan yangi bosqichga ko`tarilganidan dalolat beradi. 

Mazkur farmon bilan tasdiqlangan Kompleks chora-tadbirlar dasturida Jahon bankining “Biznesni yuritish” hisobotida O`zbekiston reytingini kelgusida ham oshirib borish imkonini beruvchi biznes yuritish shart-sharoitlarni yanada soddalashtirish va arzonlashtirish, ruxsat berish tartiblaridan o`tish tizimini takomillashtirish va davlat xizmatlari ko`rsatishning ochiqligini oshirishga yo`naltirilgan muayyan chora-tadbirlar nazarda tutilgan.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!