Qirg`iziston Prezidenti O`zbekiston rahbariga aloqalarni mustahkamlash bo`yicha ko`rilgan choralar uchun minnatdorchilik bildirdi

16:34, 26 oktabr

26 oktyabr kuni O`zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoev hamda Qirg`iziston Respublikasi Prezidenti Almazbek Atambaev o`rtasida telefon orqali muloqot bo`lib o`tdi. Bu haqda Qirg`iziston rahbari matbuot xizmatiga asoslangan holda “Gazeta.uz” xabar qildi

Tomonlar ikki mamlakat o`rtasidagi har tomonlama munosabatlar holati va istiqbollarini muhokama qildi.

Almazbek Atambaev Shavkat Mirziyoevga O`zbekiston rahbariyatining ikki tomonlama hamkorlikning dolzarb masalalariga qaratilayotgan e`tibor, davlatlar o`rtasidagi do`stona qo`shnichilik aloqalarini mustahkamlash bo`yicha chora-tadbirlarni qo`llab-quvvatlayotgani uchun minnatdorchilik bildirib, qardosh O`zbekiston xalqiga tinchlik va ravnaq tiladi.

Qayd etish joizki, muloqot bosh vazir o`rinbosari Adham Ikramov boshchiligidagi O`zbekiston delegasiyasining Qirg`izistonga tashrifi kuni bo`lib o`tdi.

Qirg`iziston hukumati matbuot xizmati ma`lumotlariga ko`ra, davlat chegarasidagi «Dostuk» nazorat-o`tkazish punktida delegasiyani bosh vazir o`rinbosari Muxammetkaliy Abulgaziev, bosh vazir o`rinbosari Jenish Razakov, Qirg`izistonning O`zbekistondagi elchisi Daniyar Sidikov, O`sh, Jalolobod va Botken viloyatlari rahbarlari, shuningdek, oqsoqollar, jamoat va madaniyat vakillari qarshi oldi.

O`zbekiston delegasiyasi tarkibidan Andijon, Namangan va Farg`ona viloyati rahbarlari, davlat organlari, madaniyat, sport vakillari, diniy ulamolar o`rin olgan.

Tashrif doirasida qator madaniy-ommaviy tadbirlar o`tkazish rejalashtirilgan. Uchrashuvlar yakuni bo`yicha ikki tomonlama hujjatlar imzolanadi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!