A`lo kayfiyatni ta`minlashning 4 qoidasi!

09:37, 27 oktabr

Hayot har doim ham biz istagandek tekis yo`ldan iborat emas. Muvaffaqiyatga erishsak sevinamiz, ozginagina ko`ngilsizlikka uchrasak, ming iztirob chekamiz. Lekin arzimas muammolar va dilxiraliklar yuragimizni ezishga arzirmikan? Yo`q, deyapsizmi? Unda kayfiyatingizni ko`tarishda yordam beradigan quyidagi maslahatlarga amal qiling.   

1. Musiqa odamga ruhiy quvvat beribgina qolmay, sizga yaxshi kayfiyat baxsh etadi. Kimdir ta`bingizni xira qildimi, tashvishlanmang va aslo u bilan sen-menga bormang! Xonangizga kirib, o`zingiz sevgan, dilingizga hush yoqadigan musiqa tinglang!

2. Yomon kayfiyat tufayli muvaffaqiyatsizlikka uchrayverishingiz tabiiy hol. Chunki “Qo`limdan kelmayapti”, “O`xshamayapti” kabi so`zlar hamrohingizga aylanib qoladi-da! Buning oldini olishning yana bir oson yo`li — salbiy fikrlaringizni ijobiysiga almashtiring! Hayotga optimist va real ko`z bilan qarang! Doimo imkoniyatlaringizga ishoning, ikkilanmang. Mulohazakor bo`lishga harakat qiling, omadsizliklardan ko`nglingizni cho`ktirmang, ijobiy fikrlashni o`rganing.

3. Kayfiyatingiz buzilganida tabiat qo`ynida 10-15 daqiqa sayr qiling. Toza havodan to`yib-to`yib nafas oling. Qarabsizki, ko`ngil g`uborlaringiz yozilib, ruhingiz tetiklashadi. Ochiq havo, ayniqsa, aqliy mehnat bilan shug`ullanadiganlar uchun juda muhim. Miyaning yaxshi ishlashi uchun kerakli bo`lgan kislorodni tabiatdan olamiz!

4. Qaynoq qahva hamda shokolad ham bir zumda kayfiyatingizni ko`taradi. Bu — sinalgan tajriba.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!