Shavkat Mirziyoev Gurbanguli Berdimuhamedovni Turkmaniston mustaqilligining 25 yilligi bilan muborakbod etdi

09:49, 27 oktabr

2016 yil 26 oktyabr kuni O`zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoevning Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov bilan telefon orqali muloqoti bo`lib o`tdi. 

Shavkat Mirziyoev Gurbanguli Berdimuhamedovni Turkmaniston mustaqilligining 25 yillik shonli sanasi munosabati bilan chin qalbdan samimiy tabriklab, unga davlat rahbari sifatidagi mas`uliyatli faoliyatiga yangi muvaffaqiyatlar, do`st turkman xalqiga farovonlik va bardavom taraqqiyot tiladi. 

O`z navbatida Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov samimiy qutlovlar uchun chuqur minnatdorlik bildirib, qardosh O`zbekiston xalqiga tinchlik, osoyishtalik va ravnaq tilagan shaxsiy istaklarini izhor etdi.

Suhbat chog`ida tarixan qisqa vaqt ichida Turkmaniston keng ko`lamli sosial-iqtisodiy islohotlar va ijtimoiy-siyosiy o`zgarishlarning puxta o`ylangan strategiyasini amalga oshirgani tufayli iste`dodli va mehnatsevar turkman xalqi farovonligini muttasil yuksaltirish, ma`naviy yangilanish, shuningdek, xalqaro maydonda mamlakat nufuzini oshirish borasida salmoqli yutuq va marralarga erishgani ta`kidlandi. 

Xalqlarimizni ko`p asrlik samimiy do`stlik va qardoshlik, yaqin qo`shnichilik rishtalari, mushtarak an`ana, urf-odat va madaniy qadriyatlar bog`lab turadi. Bu uzoq muddatli, keng qamrovli hamkorlikni yanada rivojlantirish va kengaytirish uchun mustahkam va barqaror asos bo`lib xizmat qilmoqda. 

Muloqot davomida O`zbekiston va Turkmaniston rahbarlari yaqinda turli darajada o`tkazilgan ikki tomonlama uchrashuvlar doirasida siyosiy-diplomatik, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikasiya, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda o`zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirishning ustuvor yo`nalishlari bo`yicha erishilgan kelishuvlar ijrosi qanday borayotgani xususida fikr almashdilar. 

Davlat rahbarlari O`zbekiston bilan Turkmaniston do`st xalqlarimiz farovonligi, shuningdek, Markaziy Osiyo mintaqasida xavfsizlik va barqarorlikni ta`minlash yo`lida keng ko`lamli o`zaro hamkorlikni hamda dolzarb xalqaro masalalar yuzasidan amaliy, ishonchli va ochiq muloqotni izchil davom ettirishga tayyorligini bildirdilar.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!