Bolangiz komil inson bo`lib voyaga etishi uchun siz amal qilishingiz kerak bo`lgan 5 qoida!

10:19, 27 oktabr

1. Hech qachon bolangizga baqirmang va uni urmang. Birinchidan, bunda paydo bo`ladigan qo`rquv, ko`plab ruhshunoslarning fikricha, bolani o`rab turgan dunyoga nisbatan shafqatsiz munosabat shakllanishiga, hamma narsaga kuch bilan erishish mumkinligi haqida tasavvur paydo bo`lishiga olib keladi. Shuningdek, bolaning ko`z o`ngida ota-onaning obro`si ham butkul tushib ketadi. Ammo bolaning injiqliklariga erk berish ham kerak emas, chunki bu uning o`zi istagan narsaga har doim, aynan shu usul bilan erishishga o`rganib qolishiga omil bo`ladi.

2. Hamma onalar o`z bolalarining baxtiyor bo`lishlarini istab, ularni erkalashadi. Ammo ota-onalarning bu muomalasi bolakayga yaxshi ta`sir etishi dargumon. Chunki bolakayni go`dakligidan o`yinchoqlar va shirinliklar bilan ko`mib tashlash, kelgusida xudbinlik va kibrga moyillik uyg`otishi mumkin, doimiy nazorat esa uni mustaqil harakat va o`ziga ishonchdan mahrum qiladi.

3. Bolaga ishoning! Bolaga ishonishingizni u bilsin va his qilsin. Masalan, agar farzandingiz urishqoq bo`layotganini sezsangiz va ko`chaga chiqishidan oldin unga har safar «Bugun ham mushtlashib ko`r-chi!», «Bugun ham ustingdan shikoyat qilib kelishsa bormi!», deb takrorlayversangiz, bu unda xatti-harakat stereotipini shakllantiradi. Siz uni, go`yoki shu janjallarga o`zingiz bilmagan holda undagan bo`lasiz. Bunday vaziyatlarda yaxshisi «O`zingni tinchroq va vazminroq tutgin», degan ma`qul. Muhimi bola ham sizga ishonsin: bergan so`zingizning ustidan chiqing. Biroq agar va`dani bajarishning uddasidan chiqolmasangiz, unda buning sababini tushuntirib, farzandingizdan kechirim so`rang. Bu harakatingiz bilan boladagi to`g`riso`zlik va mas`uliyatni tarbiyalagan bo`lasiz! Aldoqchi odamlar ishonchni yo`qotishlarini, ularni hech kim hurmat qilmasligini tushuntiring.

4. Ota-onalar uchun og`ir bo`lmagan, biroq bolaning hayotini kutilmagan quvonchga to`ldiruvchi rag`batlar o`ylab topish mumkin. Vakt o`tishi bilan bola ota-onasining ishidan ilhomlanadi va oilangizda boshqalarga tabassum xamda yaxshi kayfiyat ulashadigan yana bir kichik sehrgar paydo bo`ladi.

5. Shuni yoddan chiqarmangki, bola har doim ota-onasining xatti-harakatlaridan nusxa oladi. Shunday qilingki, undagi ushbu harakat yaratuvchanlikka olib kelsin. O`z qalb qasrini bunyod etishga, o`zining go`zal vujudini tiklashga zamin yaratsin! Va, biz aynan shu bilan dunyoni, butun borliqni go`zallashtiramiz!

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!