Shavkat Mirziyoev va Almazbek Atamboev O`zbekiston – Qirg`iziston hamkorligining bugungi holati va istiqbollari to`g`risida fikr almashdilar

10:26, 27 oktabr

2016 yil 26 oktyabr kuni O`zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoev va Qirg`iziston Respublikasi Prezidenti Almazbek Atamboev o`rtasida Qirg`iziston tomonining tashabbusi bilan telefon orqali muloqot bo`lib o`tdi. 

Davlat rahbarlari O`zbekiston va Qirg`iziston hamkorligining bugungi holati va istiqbollari to`g`risida atroflicha fikr almashib, o`zaro munosabatlarning bir qator asosiy yo`nalishlarida ijobiy o`zgarishlar yuz berayotganini alohida qayd etdilar. 

Muloqot chog`ida ta`kidlanganidek, Farg`ona vodiysining chegaradosh viloyatlari rahbarlari va keng jamoatchiligi ishtirokida Andijon va O`sh shaharlarida o`tgan O`zbekiston hamda Qirg`izistonning nufuzli delegasiyalari uchrashuvlari ko`p asrlik an`anaviy do`stlik va yaxshi qo`shnichilik rishtalarini, xalqlarimiz o`rtasidagi o`zaro ishonch va hurmat muhitini mustahkamlash yo`lida muhim qadam bo`ldi. 

Shavkat Mirziyoev va Almazbek Atamboev O`zbekiston – Qirg`iziston davlat chegaralarini delimitasiya va demarkasiya qilish bo`yicha ikki mamlakat vakolatli organlari birgalikda olib borayotgan ishlarning muvaffaqiyatli yakunlanishidan tomonlar birdek manfaatdor ekanini ta`kidladilar. 

Davlat rahbarlari tomonlarni qiziqtirgan qator mintaqaviy va xalqaro masalalar yuzasidan ham fikr almashdilar. 

O`zbekiston va Qirg`iziston rahbarlari qardosh xalqlarimiz farovonligi yo`lida ko`p qirrali va uzoq muddatli munosabatlarni, mintaqamizda barqarorlik va xavfsizlikni yanada mustahkamlash maqsadida bundan buyon ham turli darajadagi o`zaro aloqalarni davom ettirish va rag`batlantirishga kelishib oldilar.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!