Oktyabr – dekabr oylarida O`zbekistonga jahonga mashhur xonanda va bastakorlar tashrif buyuradi

16:07, 27 oktabr

Respublika Madaniyat va sport ishlari vazirligi tashabbusi bilan “Oltin kuz” Xalqaro san`at festivalini o`tkazishga jiddiy tayyorgarlik ko`rilmoqda.

Festival o`zbek xalqining noyob nomoddiy madaniy merosini, jumladan, milliy musiqa, an`anaviy ijrochilik va teatr san`atini, shuningdek, orkestr ijrochiligi va jahon klassik musiqa san`atini keng targ`ib qilish, xalqimiz, ayniqsa, yosh avlodni milliy madaniyatimiz va qadriyatlarimizga nisbatan ehtirom hislarini yuksaltirish, jahon xalqlari milliy musiqa va qo`shiqchilik san`atining noyob namunalari bilan keng tanishtirish maqsadida o`tkaziladi. 

28 oktyabr – 3 dekabr kunlari Toshkent shahri, Qoraqalpog`iston Respublikasi hamda viloyatlar markazlarida mazkur Xalqaro san`at festivalini o`tkazish to`g`risidagi taklifi Vazirlar Mahkamasi tomonidan ham ma`qullandi. 

Oktyabr – dekabr oylariga belgilangan xalqaro tadbirlarga jahonga mashhur fortepiano va dirijyorlar, xonanda va bastakorlar taklif etilgan. Dasturlar 28 oktyabr kuni O`zbekiston davlat konservatoriyasida soat 11.00da jahonga mashhur fortepianochi, Ya.Vitola nomidagi Latviya musiqa akademiyasining maxsus fortepiano kafedrasi mudiri, professor Yuris Kalnsiemsning mahorat darsi bilan boshlanadi.

Kechki soat 18.00ga belgilangan simfonik orkestr konsertida Shveysariya, Fransiya, Latviyadan tashrif buyurgan solistlar Ilva Vera Eygus, Avrora Gexter, Karlis Bukovskis hamda o`zbekistonlik dirijyor Alibek Kabdurahmonov ishtirok etadi. Shu tariqa to 1 dekabrga qadr belgilangan tadbirlar rejasidan rossiyalik  Vladimir Gorbik (dirijyor),  Vladimir Sverdlov-Ashkenazi (fortepiano), Igor Kalnin (skripka), isroillik Yuriy Gandelsman, AQShlik Sennet Roshell (fortepiano) kabi mashhur san`atkorlarning mahorat darslari, ular ishtirokidagi konsertlar joy olgan. 

“O`zbekiston” xalqaro anjumanlar saroyida O`zbekiston milliy simfonik orkestri bilan hamkorlikda joriy yilning 22 noyabr kuni mashhur xonanda va bastakor Toto Kutuno (Italiya) hamda 1 dekabr kuni jahonning mashhur opera san`ati namoyondasi Alessandro Safinaning (Italiya)  katta konsert dasturlari rejalashtirilgan.  

Shuningdek, oktyabr va noyabr oylarida O`zbekiston badiiy jamoalari ijodiy birlashmasi hamda Folklor-etnografik jamoalar tomonidan tadbirlar tashkillashtirish, Toshkent shahridagi   Alisher Navoiy nomidagi O`zbekiston davlat akademik katta teatri, O`zbekiston davlat akademik rus drama, O`zbekiston davlat yoshlar, Muqimiy nomidagti O`zbekiston davlat musiqali teatrlarining Respublika  hududlariga gastrol safarlar uyushtirilishi ham rejaga kiritilgan.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!