Xol va norlarni yo`qotish mumkinmi?

09:49, 28 oktabr

Xol va norlarni yo`qotish mumkinmi?

 

Har bir insonda o`rtacha 10 tadan 40 tagacha xol bor. Tanamizning turli a`zolarida joylashgan xollar ba`zan go`zalligimizga go`zallik qo`shsa, gohida aksincha bo`lishi ham mumkin. Xol haqida odamlar orasida turli fikrlar bor. Kimdir uni olish mumkin emas, desa, boshqa birov bunda hech qanday xavf ko`rmaydi.

Xol ilmiy olamda «nevus» deb ataladi. Ba`zi nevuslar saraton kasalligini qo`zg`atishi ham haqiqat. Xuddi shunday qizil nuqtachalar ko`rinishidagi angiomalar ham mavjud. Angiomalarni maxsus lazer yordamida olib tashlash mumkin. Ular homiladorlik davrida, kontraseptiv dori vositalari qabul qilganda, jigar yoki oshqozon osti bezlari va ba`zi irsiy kasalliklar oqibatida paydo bo`lishi mumkin. Homiladorlik davrida paydo bo`lgan angiomalar olti oy mobaynida yo`qoladi.

Olib tashlash usullari

Ilgari xol qo`yish rusum bo`lgan bo`lsa, hozirgi kunda ularni olib tashlash odat tusiga kirib bormoqda. Tibbiy go`zallik markazlari ham ayollarning bu istagini amalga oshirmoqda. Hozirgi kunda shahar klinikalarida xol va hatto norlarni ham olib tashlash xizmatlari ko`rsatilayapti. O`z mijozlari salomatligiga ahamiyatli klinikalar uni olib tashlashdan avval mijozga onkologik tekshiruvlardan o`tishni tavsiya qiladi. Va mutaxassis ko`rsatmalariga asoslanib, mijoz salomatligi uchun bezarar usul tanlashga harakat qiladi.

Lazer yordamida olib tashlash usuli tez va og`riqsiz. Olib tashlangan xolning izi qolmaydi va teri sog`lom to`qimalariga zarar etmaydi. Xol o`rni esa 10 kun ichida tuzaladi. Ta`qiqlangan holatlar: turli onkologik va teri kasalliklari, emizish davri, ultrabinafsha nurlarga ta`sirchanlik.

Jarrohlik yo`li asoratli xollarga nisbatan qo`llanadi. Bu kichik jarrohlik amaliyoti bo`lib, bemor tez orada odatdagi hayot tarziga qaytadi. Jarrohlik amaliyotini amalga oshirishdan avval turli tekshiruvlardan o`tish lozim.

Yosh ko`rsatkichi

Xolni olib tashlash uchun yoshning farqi yo`q. Albatta, kichik yoshdagi bolalarga bunday muolajalar tavsiya qilinmaydi.

«Oldirsam, ko`payadimi?»

«Xollarni olib tashlash ularning ko`payib ketishiga olib keladi», degan fikr ham mavjud. Bu noto`g`ri. Qolaversa, xol ko`p ishqalanadigan, qo`l, kiyim yoki boshqa narsalar tegadigan joylarda bo`lsa, uni olib tashlagan ma`qulroq. Chunki bunday nevuslarga shikast etishi xavfi yuqori. Shikastlangan xol esa melanoma rivojlanishiga turtki bo`lishi mumkin. Shuningdek, unutmangki, shikast bilan birgalikda, o`zbilarmonlik bilan davolash ham xavfli.

Ehtiyot bo`ling!

Ammo hech qachon xolni o`zbilarmonlik bilan (xalqona usullar bilan) olib tashlash yaramaydi. Go`zal bo`lish istagi salomatligingizga xavf tug`dirishini istamasangiz, avval dermatoonkolog ko`rigidan o`ting. Xolni oldirmoqchi bo`lsangiz, bu ishni albatta tibbiyot maskanida mutaxassis shifokor nazoratida ostida amalga oshiring.

Tanadagi «bombacha»lar

Xolga shunday deb ham ta`rif berishadi. Bu esa bejizga emas. Terisida xoli ko`p bo`lganlar quyosh nurlarida ko`p toblanmasliklari lozim. Xolda biror o`zgarish ro`y berganini (qichishish, qizarish, qonash, qattiqlik) sezishingiz bilan mutaxassisga murojaat qiling.

Xalqda xolni bog`lab qo`yib yo`qotish yoki turli surtmalar yordamida kuydirish yo`li mavjud. Lekin bunday usul salomatlik uchun xavfliligini unutmang!

Xoldagi tuklarni olsa bo`ladimi?

Xoldagi tuklarni yulib olish emas, kesish lozim. Bunday tuklar yaxshilik alomati. Chunki tukli xollarda melanoma rivojlanishi kam uchraydi.

 

Xolni taqdir belgisi deyishadi. Asosiysi, tanangizning qaerida bo`lsa ham unchalik katta bo`lmasa, rangi o`zgarmasa va bezovta qilmasa, unga tegmagan ma`qul.

 

Maqola «Medas» klinikasi direktori, plastik xirurg Hamidulla ASADOV bilan hamkorlikda tayyorlandi.

Madina tayyorladi

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!