O`zbekistondagi saylov jarayonlariga janubiy koreyalik ekspertlar o`z munosabatlarini bildirdilar

10:32, 28 oktabr

Joriy yilning 24 oktyabr kuni Seul milliy universiteti qoshidagi Osiyo mamlakatlarini o`rganish bo`yicha ilmiy-tadqiqot markazida bo`lajak O`zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga bag`ishlangan davra suhbati bo`lib o`tdi.

Tadbirda Janubiy Koreya ekspert-tahlilchilari, shu jumladan, MDH va Markaziy Osiyo mamlakatlarini o`rganishga ixtisoslashgan Xallim, Dongduk va Kemyong singari oliy o`quv yurtlarining taniqli ekspertlari ishtirok etdi.

Ishtirokchilar mamlakatimizda xalqaro huquqiy normalar, xususan, BMT, EXHTning tegishli nizomlariga muvofiq yaratilgan saylov tizimi qonunchiligi bilan tanishdi. 

Osiyo mamlakatlarini o`rganish ilmiy-tadqiqot markazi (SNUAC) direktori Kang Myong Guning ta`kidlashicha, O`zbekistonda saylov normalari, qonunchiligining tizimli va bosqichma-bosqich demokratlashtirilish hamda liberallashtirilishi samarasida saylovga tayyorgarlik ko`rish hamda uni o`tkazishda tom ma`nodagi ochiqlik, oshkoralik va transparentlik tamoyillariga asoslangan demokratik amaliyotga muvofiqlikni ta`minlaydigan barcha shart-sharoit yaratilgan.

O`z navbatida Siyosatshunoslik va xalqaro munosabatlar departamenti direktori, SNUAC qoshidagi Markaziy Osiyo mamlakatlarini o`rganish mintaqaviy markazi rahbari Shinm Bom Shik tadbirni boshqarib, mazkur davra suhbati Janubiy koreyalik ekspertlarga O`zbekistonning xalqaro standartlarga muvofiq shakllantirilgan saylov tizimini yanada chuqurroq tushunishi uchun yaxshi imkoniyat yaratganini ta`kidladi.

Shundan so`ng Koreya Respublikasining O`zbekistondagi sobiq elchisi, Kemyon universiteti siyosatshunoslik va xalqaro munosabatlar fakulteti professori Chon De Van mamlakatlarimiz o`rtasidagi o`zaro hamkorlik aloqalarini bo`lajak saylovlardan keyin yanada chuqurlashtirishdan Janubiy Koreya tomoni uchun muhim va manfaatli ekanini ta`kidladi. Shu bois ikki mamlakat o`rtasidagi ko`p qirrali hamkorlikni saqlash hamda yanada chuqurlashtirish yuzasidan tomonlar qarashi umumiyligi bildirildi.

Tadbir qatnashchilari O`zbekistonda islohotlarni bosqichma-bosqich chuqurlashtirish borasida ulkan ishlar amalga oshirilganini ta`kidladi. Jumladan, fuqarolarning saylash va davlat hokimiyati vakillik organlariga saylanish huquqlari kafolatlarini mustahkamlashga qaratilgan saylov mustaqilligini ta`minlash hamda saylov qonunchiligini rivojlantirish sohasida ham keng qamrovli islohotlar amalga oshirildi.

2009 yil fevral oyida tashkil etilgan Seul milliy universiteti qoshidagi Osiyo mamlakatlarini o`rganish bo`yicha ilmiy-tadqiqot markazi Osiyo mamlakatlarini o`rganish bo`yicha mintaqaviy va tematik tadqiqot dasturlari o`rtasidagi yaqin hamkorlikni yo`lga qo`yish orqali tadqiqot loyihalari hamda axborot almashish bo`yicha xalqaro dasturlarni amalga oshirib keladi.

Bugungi kunda markaz Shimoli-Sharqiy Osiyo, Janubi-Sharqiy Osiyo va Markaziy Osiyo mintaqaviy ilmiy-tadqiqot markazlariga ega, ettita ilmiy dasturni amalga oshirmoqda va ijtimoy fanlar bo`yicha yirik o`quv-ilmiy bazasi mavjud. 

Markaz Mirzo Ulug`bek nomidagi O`zbekiston Milliy universiteti, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, Turin politexnika universiteti, Toshkent tibbiyot akademiyasi singari oliy o`quv yurtlari bilan hamkorlik qilib kelmoqda.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!