Homiladorlikda shamollashni uy sharoitida qanday bartaraf etish mumkin?

11:51, 28 oktabr

Homiladorlikda (ayniqsa ilk oylarida) bo`lajak ona har qanday xavfdan o`zini asray olishi shart. Siz oddiygina deb ahamiyat bermaydigan tumov ham tug`ilajak farzandingiz sog`ligiga salbiy ta`sir ko`rsatishi mumkin. Xo`sh, homilador ayol shamollab qolsa, qanday yo`l tutishi kerak? Quyida shifokor-ginekolog Barno OTAVALIEVAning uy sharoitida shamollashni qanday davolash borasidagi tavsiyalari bilan tanishing.

Avvalo holatingizni to`g`ri baholang: shamollaganmisiz, gripp yuqtirganmisiz yoki tumov bo`lgansiz?

Gripp o`zini tezlik bilan namoyon etadi. Kutilmaganda tana haroratining 38 daraja va undan ortiq ko`tarilishidan boshlanadi. Quruq yo`tal, bezgak va qaltirash bezovta qiladi, bosh og`riydi, badanda zirqiragan og`riq turadi, ishtaha yo`qoladi.

Shamollash grippdan farqli ravishda dastlabki kunlarda o`zini sezdirmaydi. Burun bitadi yoki undan suv oqadi, tomoq qichishadi yoki og`riydi, yo`tal, kuchsiz yoki o`rtacha bosh og`rig`i, ko`zdan yosh oqishi bezovta qiladi, tana harorati biroz ko`tarilishi mumkin.

Tumov burun bitishi yoki oqishidan boshlanadi. Bu — burun shilliq qavatining yallig`lanishi. Belgilari: isitma, qaltirash, mushaklar zirqirab og`rishi, bosh og`rig`i, burundan qonli yoki yiringli ajralma kelishi.

O`zingizda shamollashning ilk belgilarini sezganingizda…

  • Shamollash endi boshlanib, burun achishib qichishayotganini sezishingiz bilan qaynoq holatdagi bir stakan asalli sut ichish homilador ayollarga juda foydali.
  • Kun mobaynida uy havosini tez-tez shamollatib, isiriq tutatib, hidlash ham yaxshi samara beradi.
  • Agar ayolning organizmi shamollashga moyil, immuniteti past bo`lsa, yong`oq, mayiz, asal, qizil lavlagi, ko`katlarni muntazam istemol qilib turishi kerak.
  • Shamollash boshlanayotgan vaqtda achchiq mastava, sarimsoq piyoz iste`mol qilish kerak.

Tumovda...

Sirli idishga ikkita kartoshka solib, past olovda qaynatiladi. Kartoshka pishish arafasida bir choy qoshiq iste`mol sodasi va 2 tomchi yod solinadi. Yana biroz qaynagach, olovdan olinib, bug`idan chuqur-chuqur nafas olinadi. Bu muolajani kuniga ikki marotaba ertalab va kechqurun takrorlab turilsa, tumov bezovta qilmaydi. Shuningdek, zig`ir va sedanani kuydirib, tutuniga burningizni tutib, chuqur nafas oling.

Grippda...

  • Tez-tez va ko`p suyuqlik (limonli, asalli, malinali, qorag`at (smorodina)li choy, na`matak damlamasi…) ichib, organizmga o`rnashib olmoqchi bo`lgan viruslarni suyuqlik bilan haydab chiqarish kerak.
  • Tabiiy giyohlardan tayyorlangan Insti damlamasi (dorixonalarda mavjud) ham homilador ayollarga zararsiz bo`lgani uchun ginekologlar tavsiya etishadi.
  • Tomoqni moychechak damlamasi bilan chayib turish lozim.

Grippning asorati yomon, shu bois albatta shifokor bilan maslahatlashib, zudlik bilan ehtiyot choralarini ko`rish shart.

Yo`tal qiynasa…

Sizni og`riqli yo`tal qiynayotgan bo`lsa, sholg`omli sho`rva iching. Sholg`omning inson organizmi uchun foydali xususiyatlari yo`talni yumshatadi va to`xtatadi. Xalq tabobatida yo`talni davolaydigan juda mashhur resept bor, homiladorlikda shamollash va yo`talga qarshi u ham yordam beradi: ya`ni turp yoki sholg`omning ichini o`yib, ichiga asal solasiz (uchdan ikki qismini to`ldirib) va ustini yopib qo`yasiz. Uni ertalabgacha shu holatda salqin joyga qo`yasiz va kuniga besh mahal ichasiz.

Tomoq og`riganda…

Oddiy osh tuzini tovada qizdiring. Yaxshi qizib turgan tuzni dokaga o`rab, tomog`ingizga qo`ying. Tuz uzoq vaqtgacha issiqlikni ushlab turish xususiyatiga ega. Issiq holatda qo`yilgan tuz tomoqdagi barcha infeksiyalarni o`ziga shimib oladi. Agar tomoq achishib og`risa, kamfor yog`i (yoki spirt) bilan kompress qilish yaxshi natija beradi.

Homiladorlik davrida MUMKIN EMAS!

  • Shamollash boshlanayotganda oyoqlaringizni issiq vanna qilish, issiq vannada cho`milish, oyoq va badanni bug`lash aslo mumkin emas. Chunki buning ta`sirida homila tushishi xavfi tug`iladi.
  • Tabiiy o`simliklardan ham shifokor bilan maslahatlashgan holda foydalaning. Chunki ayrim giyohlar homiladorlikda aslo mumkin emas.

Sog`ligingizga bee`tibor bo`lmang! Shamollash yoki gripp alomatlarini sezgan zahoti albatta shifokor bilan maslahatlashing! Unutmang, sizning salomatligingiz tug`ilajak farzandingiz sog`lomligining garovidir!

Feruza BERDIEVA tayyorladi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!