Erkin iqtisodiy zonalarni izchil rivojlantirish borasida yanada qulay shart-sharoitlar yaratiladi

12:30, 28 oktabr

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoev  Erkin iqtisodiy zonalar faoliyatini faollashtirish va kengaytirishga doir qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida farmon imzoladi.

Hujjat mamlakatimizda yuqori texnologiyali yangi ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish, hududlarni raqobatdosh va eksportga yo`naltirilgan zamonaviy sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishni o`zlashtirishga yanada faol jalb qilish, ishlab chiqarish, muhandislik-kommunikasiya, yo`l-transport, ijtimoiy infratuzilma va logistika xizmatlarini jadal rivojlantirishni ta`minlash uchun to`g`ridan-to`g`ri xorijiy investisiyalarni jalb etishni kengaytirishning eng muhim omili sifatida erkin iqtisodiy zonalarni izchil rivojlantirish borasida yanada qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida qabul qilindi. 

Yangi hujjatga ko`ra, “Navoiy” erkin industrial-iqtisodiy zonasi, “Angren” va “Jizzax” maxsus industrial zonalari nomini birxillashtirish maqsadida ularni “Navoiy”, “Angren” va “Jizzax” erkin iqtisodiy zonalar deb ataladi. 

Quyilagilar erkin iqtisodiy zonalarning faoliyatini yanada rivojlantirishning asosiy yo`nalishlari etib belgilandi: 

xorijiy investorlarga mamlakatimiz iqtisodiyotining real sektorlariga investisiya kiritishi uchun yanada qulay sharoitlar yaratish maqsadida erkin iqtisodiy zonalar uchun yagona huquqiy rejimni belgilash, soliq va bojxona imtiyozlari, preferensiyalarni birxillashtirish; 

mahalliy mineral-xomashyo resurslarini chuqur qayta ishlaydigan va yuqori qo`shimcha qiymatga ega raqobatdosh mahsulotlar ishlab chiqaradigan yuqori texnologiyali va mahalliylashtiriladigan zamonaviy korxonalarni tashkil qilish uchun to`g`ridan-to`g`ri investisiyalarni, avvalambor, xorijiy investisiyalarni faol jalb etish, erkin iqtisodiy zonalarning muayyan sohaga ixtisoslashuvini qo`llab-quvvatlash va ularda sanoat kooperasiyasini rivojlantirish; 

erkin iqtisodiy zonalarda «yagona darcha» tamoyili asosida barcha turdagi davlat xizmatlarini ko`rsatishga, jumladan, ruxsat berish tartib-taomillariga bosqichma-bosqich o`tish; 

ishlab chiqarish, muhandislik-kommunikasiya, yo`l-transport va ijtimoiy infratuzilmani jadal rivojlantirish, shuningdek, sifatli logistika xizmatlari ko`rsatish bo`yicha zamonaviy infratuzilmani shakllantirish; 

oliy, o`rta maxsus kasb-hunar ta`limi muassasalarida erkin iqtisodiy zonalarning soha kadrlariga bo`lgan hozirgi va istiqboldagi ehtiyojlaridan kelib chiqib, ularning erkin iqtisodiy zonalarda joylashgan korxonalarda ishlab chiqarish amaliyotini o`tashini nazarda tutgan holda, yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlashni tashkil etish. 

Erkin iqtisodiy zonalar quyidagilardan ozod etiladi: 

er solig`i, daromad solig`i, yuridik shaxslar mulk solig`i, obodonlashtirish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish solig`i, mikrofirmalar va kichik korxonalar uchun yagona soliq to`lovi, shuningdek, Respublika yo`l jamg`armasi va O`zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Umumta`lim maktablari, kasb-hunar kollejlari, akademik liseylar va tibbiyot muassasalarini rekonstruksiya qilish, kapital ta`mirlash va jihozlash jamg`armasiga majburiy ajratmalaridan; 

o`zining ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun olib kelinadigan uskunalar, xomashyo, material va butlovchi buyumlar, shuningdek, mamlakatimizda ishlab chiqarilmaydigan va loyihalarni amalga oshirish doirasida O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan ro`yxatlar bo`yicha olib kelinadigan qurilish materiallari uchun bojxona to`lovlaridan ozod etiladi (bojxona rasmiylashtiruvi yig`imlaridan tashqari). 

Bojxona imtiyozlari qo`llangan holda olib kelingan uskunalar, xomashyo, material va butlovchi buyumlar sotilgan yoki beg`araz berilgan hollarda, ular olib kelingan paytdan boshlab uch yil davomida bojxona to`lovlari qonunchilikda belgilangan tartibda to`liq hajmda undiriladi. 

Farmonning ko`zda tutilgan imtiyozlar kiritilgan investisiyalar hajmiga qarab 3 yildan 10 yil muddatgacha beriladi: 

300 ming AQSh dollaridan 3 million AQSh dollarigacha hajmdagi investisiyalar – 3 yil muddatga; 

3 million AQSh dollaridan 5 million AQSh dollarigacha hajmdagi investisiyalar – 5 yil muddatga;

5 million AQSh dollaridan 10 million AQSh dollarigacha hajmdagi investisiyalar – 7 yil muddatga; 

10 million va undan ko`p AQSh dollari hajmidagi investisiyalar so`nggi 5 yilda amaldagi stavkalardan 50 foiz kam hajmdagi daromad solig`i va yagona soliq to`lovi stavkalari qo`llangan holda – 10 yil muddatga beriladi. 
Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O`zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o`rinbosari R.Azimov zimmasiga yuklatildi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!