“Lokomotiv” futbolchilari mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari bilan uchrashdi (Foto)

08:47, 29 oktabr

Xabaringiz bor, 2016 yil yurtimizda “Sog`lom ona va bola yili” deb e`lon qilingan. Ushbu davlat dasturiga ko`ra keng ko`lamli ishlar olib borilmoqda. Shu jumladan, “O`zbekiston Temir Yo`llari" Aksiyadorlik Jamiyati va “Lokomotiv” futbol klubi ham bunga o`zining kichik hissani qo`shish maqsadida bir qator tadbirlar o`tkazib kelmoqda.

Kecha “Lokomotiv” futbol klubi tashabbusi bilan poytaxtimizdagi 23-mehribonlik uyida uchrashuv tashkil qilindi. Unga “Temiryo`lchilar” jamoasi rahbariyati va futbolchilari tashrif buyurishdi. Uchrashuv avvalida “Lokomotiv” jamoasi sardori Temur Kapadze so`zga chiqib, mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilariga klub va futbolchilar haqida ma`lumot berdi.

So`ng bolajonlar o`zlari sevgan futbolchilarga o`zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilishdi. Suhbat davomida Islom To`xtaho`jaev, Server Jeparov hamda Ignatiy Nesterov kabi o`yinchilar katta futbolga qay tariqa kirib kelganliklari, muhim uchrashuv va musobaqalar oldidan qanday tayyorgarlik olib borishlari hamda yosh bolalarning o`zlari kabi mashhur sportchi bo`lib etishish uchun nimalar qilishlari lozimligi haqida gapirib o`tishdi.

Uchrashuv so`nggida “Lokomotiv” a`zolari mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilariga turli xil sovg`a-salom va sport anjomlarini taqdim qilishdi. Shuningdek, shiringina bolajonlar o`zlari havas qiladigan futbolchilar bilan esdalik uchun suratga tushish imkoniga ega bo`lishdi. Mehribonlik uyi rahbariyati va tarbiyalanuvchilari “O`zbekiston Temir Yo`llari” Aksionerlik kompaniyasi hamda “Lokomotiv” futbol klubiga omad tiladilar.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!