Yangi tuqqan ayol klinik o`limni boshdan kechirdi

11:10, 29 oktabr

Qozog`istonning Aqto`be shahrida yashovchi 23 yoshli, Tamara Goreskaya nomli yangi tuqqan ayol klinik o`limni boshdan kechirib, 16 kun komada yotdi, deb xabar berdi “Tengrinews.kz” nashri.

Tamara qiz farzandni dunyoga keltirgan, chaqaloqqa Rita, deb ism qo`yilgan. Tamara 16 sentyabr kuni, homiladorlikning sakkizinchi oyida viloyat markazidagi kasalxonaga yotqizilgan. Ayolning buyragida muammolari bo`lgan, hududiy vrach agar boshi og`risa, turli shishlar paydo bo`lsa, zudlik bilan “Tez yordam”ga qo`ng`iroq qilishi lozimligi haqida uqtirganiga qaramay, Tamara sog`lig`iga bee`tibor bo`lgan. U oila a`zolari bilan birga to`yga borgan, o`zini yomon his qilgach, dori ichgan. Shunga qaramay, ahvoli og`irlashib, kasallik xuruj qilgan, shishib ketganidan oyog`iga 40-o`lchamdagi poyabzal ham to`g`ri kelmagan. Shundan keyin turmush o`rtog`i “Tez yordam”ga qo`ng`iroq qilgan.

“Tamarani kasalxonaga olib kelishganda, koma holatida edi. Hozir u buni eslay olmaydi. Kesarcha kesish orqali, vazni bir yarim kilogramm bo`lgan qizcha dunyoga keldi. Galdagi vazifamiz onani qutqarish edi. Ayolning miyasi, hayotiy muhim bo`lgan nafas olish va harakat a`zolari shishib ketgandi. Shish natijasida yurak to`xtab qoldi. Bemor klinik o`limni boshdan kechirdi. U 16 kun mobaynida komada yotdi, uning tuzalishiga umid qolmagandi. Ammo u o`ziga keldi. Inson yuragi kislorodsiz atigi besh daqiqa yashashi mumkin”, dedi kasalxona vrachi Avramenko.

Tamara Goreskaya tug`ruqxonada 41 kun yotgan. Komadan keyin hech nimani xotirlay olmagan, hamma narsani eslatishga to`g`ri kelgan. “Hozir hech nimani eslay olmayman. Ko`zimni ochganimda qizchalik bo`lganimni aytishdi. Bunga ham 16 kun bo`libdi. Faqat homilador bo`lganimni elas-elas eslayman. Komada yotganimda o`zimni qandaydir qop-qorong`i quvur ichida his qildim. Yuqori yop-yorug` edi. Tipirchilab, quvur ichidan chiqishga harakat qildim, ammo buning uddasidan chiqolmadim. Bu klinik o`lim holati ekanligini endi anglayapman”, deb kechinmalarini so`zladi Tamara.  

Tamaraga 28 oktyabr kuni kasalxonadan uyga ketishga ruxsat berilgan. Qizchasi Rita 40 kun davomida yaxshi rivojlangan. Ayol organizmini qayta tiklashi uchun yana davolanishi lozim, u kasalxonada yotganda qizchaga buvisi qaraydi. “Qizim nevaram bilan birga, qaytadan dunyoga keldi, uning yuragini urishga majbur qilgan reanimatologlardan minnatdorman”, dedi Tamaraning onasi quvonch bilan.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!