O`zbekistonda «Oltin kuz» xalqaro san`at festivali boshlandi

11:47, 29 oktabr

O`zbekistonda Madaniyat va sport ishlari vazirligi tomonidan tashkil etilgan «Oltin kuz» xalqaro san`at festivali start oldi.

Festival 28 oktyabrdan 3 dekabrgacha Toshkent shahri, Qoraqalpog`iston Respublikasi va barcha viloyatlarda bo`lib o`tadi.

Ilk bor o`tkazilayotgan ushbu san`at forumi O`zbekiston va jahon san`atini o`zaro uyg`unlashtirgan. Mamlakatimiz ijodkorlarining chiqishlari xalqimizning milliy musiqa va teatr san`ati rivojini keng targ`ib qilsa, chet ellik san`at ustalari yurtdoshlarimizni jahon klassik kuylari va orkestr ijrochiligi namunalaridan bahramand etadi.

«Oltin kuz» xalqaro san`at festivali O`zbekiston davlat konservatoriyasida taniqli fortepyanochi, Ya.Vitola nomidagi Latviya musiqa akademiyasining kafedra mudiri, professor Yuris Kalnsiemsning mahorat darsi bilan boshlandi.

Dastur davomida Shveysariya, Fransiya, Latviyadan kelgan yosh iste`dodli solistlar Ilva Vera Eygus, Avrora Gexter, Karlis Bukovskis hamda o`zbek dirijyori Alibek Kabdurahmonov ishtirokida simfonik orkestr konserti bo`lib o`tdi.

Festival dasturi keng qamrovli. Xususan, rossiyalik Vladimir Gorbik (dirijyor), Vladimir Sverdlov-Ashkenazi (fortepyano), Igor Kalnin (skripka), isroillik Yuriy Gandelsman, AQShlik Sennet Roshell (fortepyano) kabi mashhur san`atkorlar ishtirokida mahorat darslari, yurtimiz ijodkorlari bilan birgalikda konsertlar o`tkazish rejalashtirilgan.

«O`zbekiston» xalqaro anjumanlar saroyida O`zbekiston milliy simfonik orkestri bilan hamkorlikda o`tkaziladigan italiyalik mashhur xonanda Toto Kutuno, taniqli italyan opera solisti Alessandro Safinaning konserti ko`pchilikda qiziqish uyg`otishi shubhasiz.

O`zbekiston badiiy jamoalari ijodiy birlashmasi va folklor-etnografik jamoalar tomonidan ham qator tadbirlar tashkil etiladi. Dutorchilar ansambli va “Maqom” ansambli “Turkiston” saroyida, folklor-etnografik jamoalar viloyat markazlarida konsert beradi.

Festival doirasida O`zbek Milliy akademik drama teatri, Alisher Navoiy nomidagi O`zbekiston davlat akademik katta teatri, O`zbekiston akademik rus drama teatri, Muqimiy nomidagi o`zbek davlat musiqali teatri va O`zbekiston yoshlar teatri Qoraqalpog`iston Respublikasi va viloyatlarga ijodiy safar qiladi.

 

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!