Oliy Majlis delegasiyasi amaliy tashrif bilan Germaniyada bo`ldi

11:56, 29 oktabr

Joriy yilning 24-25 oktyabr kunlari Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlari qo`mitasi raisi boshchiligidagi parlament delegasiyasi amaliy tashrif bilan Germaniyada bo`ldi.

Tashrif doirasida Bundestag, mamlakat parlamentida ko`p o`ringa ega bo`lgan Germaniya sosial-demokratik partiyasi (GSDP) va Germaniya xristian-demokratik ittifoqi (GXDI) deputatlari bilan uchrashuvlar, Germaniya hukumati, parlamenti, jamoat, ekspert-akademik doiralar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida “O`zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko`rish hamda uni o`tkazishning demokratik standartlari” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.

Tadbirlar chog`ida Germaniya tomoni O`zbekistondagi ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy-huquqiy jarayonlarning borishi, sud-huquq sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, fuqarolik jamiyati institutlarini yanada mustahkamlashga qaratilgan chora-tadbirlar bilan tanishtirildi.

Uchrashuvlarda qatnashchilarga bo`lajak O`zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko`rish hamda uni o`tkazish jarayonlari, ushbu muhim siyosiy tadbirni xalqaro standartlarga muvofiq o`tkazishning huquqiy kafolatlari xususida batafsil ma`lumot berildi. Ta`kidlanganidek, mustaqillik yillarida O`zbekiston saylov qonunchiligida jiddiy sifat o`zgarishlari amalga oshirilishi samarasida bugungi kunga kelib soha huquqiy asosi eng yuqori demokratik talablarga javob beradi.

EXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo`yicha byurosi birinchi marta O`zbekistonga saylovni kuzatish bo`yicha to`liq tarkibdagi missiyani yuborishga qaror qilganiga alohida e`tibor qaratildi. Qolaversa, O`zbekiston tomoni saylovni kuzatib borish yuzasidan MDH, ShHT, IHT, Butunjahon saylov organlari assosiasiyasi missiyalarini, xorijiy davlatlar, shu jumladan, Germaniyadan kuzatuvchilarni taklif etdi.

O`zbekiston rahbariyati tomonidan jamiyatni demokratlashtirish, sud tizimi mustaqilligini mustahkamlash va iqtisodiyotni liberallashtirish bo`yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqidagi ma`lumotlar Germaniya tomonida katta qiziqish uyg`otdi. Ayniqsa, O`zbekiston Respublikasi Bosh vazirining virtual qabulxonasi faoliyat boshlagani ko`pchilikning diqqatini tortdi. Mazkur qadam, ishtirokchilarning fikricha, aholining manfaatlari hamda farovonligi O`zbekiston ijro hokimiyati uchun birinchi galdagi vazifa ekanidan dalolat beradi.

Davra suhbati davomida germaniyalik ma`ruzachilar O`zbekistonda yaratilgan barqaror siyosiy tizim, takomillashtirilgan saylov qonunchiligi va ko`p sonli mahalliy va xalqaro kuzatuvchilarning ishtiroki bo`lg`usi saylovning to`lasincha demokratik prinsiplarga mos ravishda o`tkazilishini ta`minlaydi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!