Germaniyalik mutaxassis va olimlar O`zbekistondagi saylov jarayonlari haqida

12:06, 29 oktabr

Joriy yilning 24-25 oktyabr kunlari Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlari qo`mitasi raisi boshchiligidagi parlament delegasiyasi amaliy tashrif bilan Germaniyada bo`ldi.

Tashrif doirasi o`tgan davra suxbati davomida germaniyalik ma`ruzachilar O`zbekistonda yaratilgan barqaror siyosiy tizim, takomillashtirilgan saylov qonunchiligi va ko`p sonli mahalliy va xalqaro kuzatuvchilarning ishtiroki bo`lg`usi saylovning to`lasincha demokratik prinsiplarga mos ravishda o`tkazilishini ta`minlashini qayd etdilar.

Bundestag Xalqaro hamkorlik qo`mitasi eksperti, doktor Anreas Yanning ta`kidlashicha, O`zbekiston butun Markaziy Osiyoning tinchligi va barqaror taraqqiyotini ta`minlashda muhim rol o`ynaydi. U qo`shni davlatlar bilan hamkorlikni faollashtirish, demokratik islohotlarni chuqurlashtirish, jamiyatni modernizasiyalash va iqtisodiyotni liberallashtirishga qaratilgan ishlarni yuksak baholadi.

Masenat fuqarolik jamiyatini o`rganish instituti direktori, doktor Ekxard Priller O`zbekistondagi Prezident va parlament saylovlarida kuzatuvchi sifatida ishtirok etib, mamlakatda saylov jarayonlarini bosqichma-bosqich takomillashtirilayotgani guvohi bo`lganini ma`lum qildi. Germaniyalik mutaxassis bo`lg`usi saylov ham O`zbekiston milliy saylov tizimida ochiqlik va demokratik tamoyillar yanada mustahkamlanganini amalda namoyon etishiga ishonch bildirdi.

E.Priller O`zbekistonning nodavlat tashkilotlarning vujudga kelishi va mustahkamlanishi borasidagi yutuqlariga ham e`tibor qaratdi. Uning ta`kidlashicha, “kuchli davlatdan kuchli fuqarolik jamiyati sari” tamoyilini izchillik bilan hayotgan tatbiq etayotgan O`zbekiston bu borada nainki ijobiy xoridiy tajribani amalga joriy qilmoqda, balki boshqa davlatlar o`rgansa arziydigan o`ziga xos jihatlarini ham namoyon etmoqda.

Brandenburg texnoliyalar va innovasiyalarni qo`llab-quvvatlash instituti prezidenti, professor E.Kloze O`zbekistonda Prezident sayloviga tayyorgarlik ko`rish jarayonlarini yuqori baholadi. Uning bildirishicha, bo`lg`usi saylovni kuzatishda etakchi xalqaro tashkilotlar missiyalari, xorijiy davlatlarning ko`p sonli vakillarining ishtirok etishi O`zbekistonning butun dunyoga ochiqligidan dalolat beradi.

Germaniyalik olim O`zbekiston rahbariyati tomonidan taraqqiyotni yangi bosqichga ko`tarish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlarga alohida to`xtaldi.

“Biz respublikada siyosiy va iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish bo`yicha ko`rilayotgan chora-tadbirlarni katta qiziqish va hayajon bilan kuzatmoqdamiz. Shu bois O`zbekistonda aholini farovonligini oshirish, ijtimoiy hayotning barcha jabhalarini barqaror rivojlantirishni ta`minlashga qaratilgan keng miqyosli islohotlarning yangi bosqichi boshlanmoqda, deya baralla aytishimiz mumkin”, deya ta`kidladi E.Kloze.

Tadbir ishtirokchilaridan ayrimlari o`z fikrlari bilan o`rtoqlashdi.

Bonn shahridagi Germaniya-O`zbekiston jamiyati vise-prezidenti Xayns Byuler:

“O`zbekistonda amalga oshirilayotgan sud-huquq islohotlarining tadrijiyligi hamda samaradorligini alohida ta`kidlashni istardim. O`zbekistonning yangi rahbariyati tomonidan bugun e`lon qilingan sud huquq tizimi mustaqilligini mustahkamlash va huquq-tartibot tizimini insonparvarligini yanada chuqurlashtirish bo`yicha ma`lumoti mamlakatingiz o`z demokratik taraqqiyot yo`lidan og`ishmay harakat qilayotganining yorqin in`ikosidir.

Aholi murojaatlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Bosh vaziri virtual qabulxonasining ochilishi alohida o`ringa ega. Bunda fuqarolar hukumat rahbariga nafaqat arz va shikoyatlari, balki ijtimoiy hayotning u yoki bu jabhasini yaxshilash bo`yicha aniq takliflari bilan murojaat etayotgani tahsinga sazovor.

Bu holat hokimiyatning ochiqligidan, shuningdek, O`zbekiston fuqarolarining joylardagi muammolarni hal etishda keng ishtirok etayotganidan dalolat beradi”.

Germaniya korporativ fuqaroligi markazi ijrochi direktori, doktor Syuzanne Lang:

“O`zbekistondagi saylovoldi jarayonlari hamda jamiyatni modernizasiya qilish bo`yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar yuzasidan taqdim etilgan ma`lumotlar O`zbekiston hukumatining ijtimoiy yo`naltirilgan bozor iqtisodiyotiga ega zamonaviy demokratik davlatni barpo etish yo`lida sobit borayotganini ko`rsatmoqda.

Biz O`zbekistonga bu yo`nalishda va boshqa sohalarda har tomonlama yordam berishga tayyormiz. O`zbek xalqiga davlatning yangi rahbari boshchiligi ostida farovonlik tilayman”.

 

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!