Qonunchilik palatasi O`zbekiston Respublikasining 2017 yilgi Davlat byudjetini qabul qildi

12:22, 29 oktabr

Deputatlar O`zbekiston Respublikasining 2017 yilgi Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamg`armalari byudjetlarini, shuningdek, soliq va byudjet siyosatining asosiy yo`nalishlarini qabul qildilar.

28 oktyabr kuni O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo`lib o`tdi. Bu haqda O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Axborot xizmati xabar berdi.

Majlisda O`zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi, mamlakatimiz Bosh vaziri Shavkat Mirziyoev ishtirok etdi.

Deputatlar O`zbekiston Respublikasining 2017 yilgi Byudjetnomasi – Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamg`armalari byudjetlari, shuningdek, soliq va byudjet siyosatining asosiy yo`nalishlari loyihalarini ko`rib chiqdilar. Majlisda ushbu masala yuzasidan O`zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o`rinbosari – moliya vaziri R.Azimov ma`ruza qildi.

Ta`kidlandiki, mamlakatimizning asosiy moliyaviy hujjati iqtisodiy islohotlarni yanada chuqurlashtirish, iqtisodiyotda davlat ishtirokini kamaytirish, xususiy mulkning o`rni va rolini tubdan oshirish, xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilish hisobidan yuqori iqtisodiy sur`atlarni ta`minlash vazifasini nazarda tutadi.

Mamlakatimiz hukumatining joriy yil 15 yanvardagi majlisida Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov tomonidan belgilab berilgan ustuvor vazifalar, O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining shu yil 8 sentyabrdagi qo`shma yig`ilishida O`zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoev tomonidan belgilab berilgan ustuvor vazifalar asosida 2016 yil uchun iqtisodiy dasturning eng muhim yo`nalishlari va ustuvor vazifalarini amalga oshirish yuzasidan ko`rilayotgan amaliy chora-tadbirlar makroiqtisodiy ko`rsatkichlarga muvaffaqiyatli erishishni, joriy yilda soliq va byudjet siyosatining asosiy yo`nalishlarini hamda Davlat byudjetining samarali ijro etilishini ta`minlamoqda.

Taqdim etilgan loyihalar makroiqtisodiy muvozanatni va barqaror iqtisodiy o`sishni saqlab qolishga, davlat qarzining asossiz o`sishiga yo`l qo`ymaslikka, aholi daromadlari va turmush darajasini yanada yuksaltirishni ta`minlashga, chuqur tarkibiy o`zgartirishlarga va muhandislik, yo`l-transport hamda ijtimoiy infrastrukturani rivojlantirish bo`yicha faol investisiya siyosatini yuritishga, shuningdek, byudjetlararo munosabatlarni takomillashtirish, hududlarning daromad bazasini ko`paytirish va mahalliy byudjet xarajatlarini maqbullashtirib, subvensiya oluvchi hududlarni kamaytirishga qaratilgan.

Shuningdek, kelgusi yil soliq va byudjet siyosatining asosiy yo`nalishlari loyihasi soliq yukini yanada kamaytirish, soliq tizimini soddalashtirish va soliq ma`murchiligini yaxshilash, byudjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi, pensiyalar, nafaqalar va stipendiyalar miqdorini yanada oshirishni, byudjet mablag`larini samarali rejalashtirishga, ulardan foydalanishning natijadorligini oshirishga hamda byudjetlararo munosabatlarni takomillashtirishga doir chora-tadbirlarni amalga oshirishni nazarda tutadi.

Deputatlar kelgusi yil uchun shakllantirilgan soliq-byudjet siyosatining asosiy yo`nalishlari, shuningdek, asosiy makroiqtisodiy ko`rsatkichlar bo`lgan yalpi ichki mahsulotning 7,8 foizga, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishning 6,9 foizga, qishloq xo`jaligi mahsulotlari etishtirishning 6,2 foizga, kapital qo`yilmalar hajmi 9,6 foizga o`sishi ko`zda tutilayotganligini alohida qayd etdilar.

Parlament a`zolarini qiziqtirgan barcha masalalar yuzasidan olingan batafsil axborotdan so`ng mamlakatimizning 2017 yilgi Davlat byudjeti loyihasi atroflicha muhokama qilindi. Muhokama davomida barcha siyosiy partiyalar fraksiyalari va O`zbekiston Ekologik harakatidan saylangan deputatlar guruhi vakillari so`zga chiqdilar. Deputatlar iqtisodiyotning eng muhim tarmoqlarini, ta`lim, sog`liqni saqlash, fan, madaniyat va jamiyatimiz hayotining boshqa jabhalarini rivojlantirish dasturlari o`z vaqtida va to`liq moliyalashtirilishi muhimligini ta`kidladilar.

Eng muhimi, 2017 yilda iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarini yanada rivojlantirishni ta`minlash maqsadida kelgusi yilda amal qilish muddati tugayotgan soliq imtiyozlarining muddatini uzaytirish taklif etilmoqda. Bu esa tadbirkorlar tasarrufida kelgusi yilning o`zida qariyb 500 milliard so`mga yaqin mablag` qoldirish imkonini berib, ularga o`z aylanma mablag`larini to`ldirish, ishlab chiqarishni modernizasiya qilish va texnologik qayta jihozlashni amalga oshirishlari uchun qo`shimcha manba bo`lib xizmat qiladi.

2017 yilgi Davlat byudjeti loyihasida madaniyat muassasalarini saqlash va sport tadbirlarini o`tkazish xarajatlarining hajmi joriy yilga nisbatan 16,7 foizga oshirilganligi, bunda respublikaning tarixiy-me`moriy, ijtimoiy-madaniy va turizm salohiyatini ehtiyotlab saqlashni ta`minlash, shuningdek, yanada ommalashtirish va targ`ib qilish maqsadida mamlakatimizdagi madaniy va arxeologiya merosi ob`ektlarida konservasiyalash va restavrasiya qilish ishlarini o`tkazish bo`yicha dasturni moliyalashtirish uchun Davlat byudjetidan 25,8 milliard so`m, ya`ni joriy yilga nisbatan 1,17 marta ko`p mablag` ajratish taklif etilmoqda. Bu xalqimizning tarixiy, madaniy va intellektual merosini asrab-avaylab saqlash imkonini beradi.

Davlat byudjetining umumiy xarajatlarida ijtimoiy soha va aholini ijtimoiy qo`llab-quvvatlashga ajratilgan xarajatlar 2000 yilda 42,5 foiz bo`lgan bo`lsa, joriy yilda kutilayotgan 59,5 foizdan 2017 yilda 59,7 foizga oshirish ko`zda tutilmoqda. Shuningdek, kam ta`minlangan va moddiy yordamga muhtoj oilalarni qo`llab-quvvatlashga va bolali oilalarga beriladigan nafaqalar uchun ajratilgan xarajatlar 2017 yilda qariyb 2,6 trillion so`mdan ortiq miqdorda, ya`ni 2008 yilga nisbatan 4 barobar ko`p mablag` ajratilishi rejalashtirilayotgani chuqur o`ylangan ijtimoiy siyosatning natijasidir.

Mamlakatimiz iqtisodiyoti fan va texnikaning eng ilg`or yutuqlariga, iqtisodiy jarayonlarni samarali boshqarishga va xalq ta`limi tizimiga tayanishi lozim. Bu borada 2017 yilgi Davlat byudjeti loyihasida joriy yilga nisbatan 13,0 foizga oshirilgan holda ko`zda tutilgan bo`lib, bu ilm-fanni yanada rivojlantirish va davlat ilmiy-texnikaviy dasturlari doirasida ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlarini amalga oshirish imkonini beradi.

Majlisda O`zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi, mamlakatimiz Bosh vaziri Shavkat Mirziyoev so`zga chiqdi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi muhokama chog`ida bildirilgan fikr-mulohazalarni inobatga olgan holda O`zbekiston Respublikasining 2017 yilgi Davlat byudjetini va davlat maqsadli jamg`armalari byudjetlarini hamda soliq va byudjet siyosatining asosiy yo`nalishlarini tasdiqladi va tegishli qaror qabul qildi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!