O`zbekiston Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoev AQSh Davlat kotibining o`rinbosari bilan uchrashdi

21:33, 29 oktabr

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoev 2016 yil 29 oktyabr kuni AQSh Davlat kotibining siyosiy masalalar bo`yicha o`rinbosari Tomas Shennonni qabul qildi. Bu haqda O`zA xabar bermoqda.

Shavkat Mirziyoev mehmonni yurtimizga tashrifi bilan samimiy qutlab, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov vafoti munosabati bilan O`zbekiston xalqiga chuqur hamdardlik izhor etgani va qo`llab-quvvatlagani uchun AQSh Prezidenti Barak Obama va Davlat kotibi Jon Kerriga samimiy minnatdorlik bildirdi. AQSh delegasiyasi 28 oktyabr kuni Samarqandda bo`lib, Islom Karimov xotirasiga hurmat bajo keltirgani Birinchi Prezidentimiz xotirasiga va xalqimizga yuksak hurmat-ehtirom ifodasidir. 

Suhbat davomida tomonlar O`zbekiston-AQSh munosabatlari o`zaro hurmat va ishonch, bir-birining manfaatlarini inobatga olish tamoyillari asosida izchil, muvaffaqiyatli rivojlanayotgani va mustahkamlanib borayotganini ta`kidladilar. 

Turli darajadagi muntazam muloqotlar ko`p qirrali hamkorlikni samarali rivojlantirish hamda siyosiy, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, gumanitar va boshqa sohalarda salmoqli natijalarni qo`lga kiritish imkonini bermoqda. 

An`ana tusini olgan siyosiy maslahatlashuvlar doirasida tomonlar o`zaro munosabatlarga doir keng ko`lamli masalalar, mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb muammolar, jumladan, Markaziy Osiyoda xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlash yuzasidan fikr almashib kelmoqda. Afg`onistondagi vaziyatni tinch yo`l bilan barqarorlashtirish jarayoni va ushbu mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy tiklanishiga ko`maklashish masalalariga alohida e`tibor qaratilmoqda. 

Tomonlar savdo, sarmoya va yuqori texnologiyalar sohalaridagi o`zaro manfaatli hamkorlikka yuksak baho berdilar. Bugungi kunda O`zbekistonda AQShning «General Motors», «Boeing», «General Electric», «Honeywell», «Hyatt», «Hilton» kabi ko`plab etakchi kompaniyalari samarali faoliyat yuritmoqda. Amerika-O`zbekiston savdo palatasining aniq maqsadli faoliyati keng miqyosdagi iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish va kengaytirishga xizmat qilmoqda. 

Suhbat chog`ida O`zbekiston va Amerika Qo`shma Shtatlari mamlakatlarimizning uzoq muddatli manfaatlariga mos keladigan barcha istiqbolli yo`nalishlarda sheriklik va hamkorlikni izchil mustahkamlab, kengaytirib borish uchun zarur imkoniyat va salohiyatga ega ekani qayd etildi. 

AQSh delegasiyasi rahbari O`zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko`lamli sosial-iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy islohotlarning, fuqarolik jamiyati asoslarini va demokratik qadriyatlarni mustahkamlashga qaratilgan ulkan o`zgarishlarning yorqin natijalarini yuksak baholadi. 

Tomas Shennon yurtimizga tashrifi asnosida o`zbek xalqi boy tarixiy-madaniy va ma`naviy merosga ega ekaniga yana bir bor amin bo`lganini alohida qayd etdi. 

Yoshlar, turli diniy konfessiyalar va keng jamoatchilik vakillari bilan ochiq va samimiy suhbatlar, ularning ertangi kunga ishonchi, intiluvchanligi, qat`iyati va g`ayrat-shijoati mehmonda katta taassurot qoldirdi. Mamlakatimizda hukm surayotgan tinchlik, millatlararo totuvlik va konfessiyalararo bag`rikenglik muhiti diqqatga molik ekani alohida ta`kidlandi. 

AQSh Davlat kotibining o`rinbosari O`zbekiston milliy paralimpiya assosiasiyasiga ham tashrif buyurib, Rio-de-Janeyro shahrida bo`lib o`tgan XV yozgi Paralimpiya o`yinlarida yuksak natijalarni qo`lga kiritgan sportchilarimizni tabrikladi. 

Tomas Shennon samimiy qabul uchun Shavkat Mirziyoevga minnatdorlik bildirdi va AQSh rahbariyati O`zbekiston bilan serqirra munosabatlarni izchil va barqaror rivojlantirishdan manfaatdor ekanini ta`kidladi. 

Suhbat davomida ikki va ko`p tomonlama ahamiyatga ega boshqa dolzarb masalalar ham ko`rib chiqildi. 

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!