Xorijdagi qo`shmachi ayolning o`zimizdagi hamtovoqlari faoliyatiga chek qo`yildi

10:25, 31 oktabr

Hudud va chegara bilmaydigan jinoyatlardan biri bu odam savdosi. Mazkur jinoyat inson huquqlarini poymol etib, uning sha`ni, qadr-qimmatini toptashi haqida bugun bilmaydigan odam bo`lmasa kerak. Mamlakatimizda esa fuqarolarimizning odam savdosi qurboni bo`lmasligi uchun tushuntirishlar, keng targ`ibot-tashviqot ishlari olib borilmoqda. OAV orqali bir qator chiqishlar bilan bu jinoyatning oqibatlari ochib berilmqoda. Albatta, bu kabi yondashuvlar sabab ko`pchilik fuqarolarimiz odam savdosi kabi jirkanch jinoyat oqibatida zavol topishdan himoyalanmoqda. Biroq buning aksi o`laroq, ushbu jinoyatning oqibatlaridan boxabar holda o`zini chohga otayotganlarni ham uchratish mumkin. Yo`g`-e, deysizmi? Ushbu sahifadagi jinoyat tafsiloti “qahramoni”ning harakatlarini o`qib, o`zingiz ham bunga guvoh bo`lasiz.

AJRAShGAN AYoLGA “G`AMXO`RLIK”
Oydina Ro`zieva (ism-familiyalar o`zgartirilgan) turmush o`rtog`i bilan shaxsiy kelishmovchilik sabab ajrashadi. Co`ngra esa ishlab kelish maqsadida  Rossiyaga jo`naydi. U erda u kafeda idish yuvuvchi sifatida ishlay boshlaydi, kafeda ishlab yurgan vaqtlarida, Natasha ismli ayol bilan tanishib qoladi. — Arzimas pulga bunday qiyin ishni qilib yurasanmi, xohlasang senga yaxshi ish bor, — deydi Natasha unga.

—  Qanday ish ekan? —  qiziqib so`raydi Oydin.

—  Unchalik qiyin emas, men topgan mijozlar bilan yaxshi munosabatda bo`lsang bo`ldi. Narxini yaxshi to`laydi. Shu bahonada mo`maygina pul topasan, — javob qildi Natasha.

Oydina o`sha vaqtlarda moddiy jihatdan qiynalib yurganligi sababli bu taklifga rozilik bildiradi.

1 OYLIK “XIZMAT” VA ShERIK
Oydina qo`shmachi ayol qo`l ostida  taxminan 1 oy davomida  fohishalik bilan shug`ullanib yuradi. U asosan Natasha topgan mijozlar bilan saunada “suhbat qurib” yuradi, mijozlar unga bu “xizmati”  uchun soatiga taxminan 2500 yoki 3000 rubldan haq to`lashadi. Lekin pullarni barchasini Natashaning qo`liga tutqazardi. Kelishuvga ko`ra unga shu pullardan 800 rubligina   tegardi.  U Natasha bilan 1 oy ishlaganidan keyin, O`zbekistonga qaytib keladi.  Uyda yurgan vaqtida qo`shnisi Nazira uni yo`qlab chiqadi. 

—  Hozir moddiy tomondan qiynalib turibman. Ish yo`qmi?  Rossiyada o`zi nima ish qildingiz? — deb so`raydi qo`shnisi Oydinadan. U qo`shnisiga Rossiyada shug`ullangan ishini so`zlab beradi.

—   Meni ham o`sha joyga olib keting,  bunday ishni qila olaman. Puli yaxshi bo`lsa... — deya iltimos qildi Nazira.  Oydina esa Rossiyadagi qo`shmachi ayoldan so`rab ko`rishini, rozi bo`lsa olib ketishini aytadi.  

2012 yil 27 sentyabr kuni ikki qo`shni birgalikda poezdda Rossiya davlatining Samara shahriga jo`nab ketishadi. U erda ularni Natashaning o`zi kutib olib,  kvartirasiga joylashtiradi.  Ular har kuni Natasha topgan mijozlar bilan saunada uchrashib yuradilar. Ular qilgan “xizmat” uchun haqni Natashaning o`zi olardi, ularga haq sifatida  pullarning bir qismini, ya`ni 800 rublnigina berardi.  Ko`p o`tmay sog`lig`i to`g`ri kelmagan Nazira do`konga savdo ishlariga o`tib ketadi. Oydina esa ma`lum vaqt Rossiyada ishlab, yana O`zbekistonga qaytadi. 

TUZOQQA ILINTIRISh XIZMATI
Oydina O`zbekistonga qaytgach,  pul topishning yangi usulidan foydalandi.  Uyda yurgan vaqtida qo`shnisi Nazira Oydinaning qo`l telefoniga qo`ng`iroq  qiladi. O`zaro  suhbat davomida Oydina Naziraga ikkita qiz borligi, ular moddiy tomondan qiynalib qolishgani, ko`p mikdorda qarzi borligi sababli ishlab pul topish uchun chet davlatga ketish niyatida yurishganini aytib qoladi.

—  Natashaga qo`ng`iroq qilib, ularni ishga joylashtirib qo`yishni iltimos qilib ko`ring. Ishimiz o`xshab qolsa, ikkalamiz ham moddiy manfaat ko`rishimiz mumkin, — deydi Oydina Naziraga. Nazira esa Oydinaning taklifiga rozilik bildiradi. Shundan so`ng Nazira Natasha bilan gaplashib, Oydinaning taklifini aytadi. Natasha rozi bo`lgach, bu haqda Oydinaga xabar beradi. Oydina esa qizlar bilan uchrashadi. Ularga qanday ishga ketayotgani, aeroportdan o`tayotganda savol berilganda qanday javob qaytarish kerakligini tushuntiradi va qizlarning rasmlarini olib Rossiyadagi tanishiga yuboradi.  Biroz vaqt o`tib Oydina qizlarga tanishiga ma`qul kelganini,  ularga o`z hisobidan aviachipta sotib olganini, tez kunda yo`lga chiqishlari kerakligini, u erda ularni Natashaning o`zi kutib olishini aytadi.   Oydina qo`shnisi Nazira bilan birgalikda qizlarni Toshkentga olib kelib o`zlari jo`natib yuborishga kelishib olishadi. 2015 yil 10 avgust kuni yo`lga otlanishadi. Lekin ular ko`zlagan manzillariga etib borisholmaydi. Qonun himoyachilari ularning jinoyatiga chek qo`yishadi. 

Zuhriddin RAHMONOV

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!