Oilasining qadriga etmaydigan ayollarga saboq bo`lsin...

12:35, 31 oktabr

“Yuragimda saqlaganlarim...” Ushbu ruknga gohida shu qadar dardli maktublar keladiki, noma egasining sabri va irodasiga tahsin aytgingiz keladi. Ismi sharifini sir tutgan bugungi xat muallifi ham ana shunday toqati tog` ayollardan desak yanglishmaymiz...

“Men boshimizdan o`tgan qo`yidagi sadolarni ko`zlarimda yosh, qalbimda alam bilan yozmoqdaman. Yuragimda saqlab o`tmoqchi edim. Ammo bo`lmadi. Bag`rimni qon qilgan alam tilimga chiqishga, qalam orqali sizga bayon qilishga undadi. Koshki, bu yozganlarim kimlargadir saboq, kimlargadir noto`g`ri yo`ldan qaytarguvchi vosita vazifasini o`tasa...

Ancha yillar ilgari biz ne-ne orzu havaslar bilan shahardan kelin tushirdik. Afsus, adashgan ekanmiz. Agar shu orqali oilamizda fojialar sodir bo`lishini bilsak, boshidayoq bu rishtani uzgan bo`lardik...

Voqeani boshidan bayon qiladigan bo`lsam, akam ayoli bilan juda qisqa muddat yaxshi yashadi. Birinchi farzandi tug`ilishi bilan kelinoyim uyiga ketib qoladigan qiliq chiqardi. Bir oy akam bilan yashasa, uch-to`rt oy onasinikida kuni o`tardi. 

—  Men shahar qiziman, qishloqda yasholmayman! — derdi har ikki gapining birida. 

Shu tariqa ketib ketmay, ajrashib ajrashmay arosatda yashab yuraverdi. Har uyiga ketganida janjal bo`lar, hammaning dilini vayron qilib ketardi. Avvaliga onam “qudachilik — ming yilchilik” deya, kelinoyim ketsa, borib ona-otasiga tushuntirib olib kelishga harakat qilib yurdi. Oxiri kelinoyimning o`zida tayinli qaror va maqsad yo`qligini, uyim-joyim deb jon kuydirmasligini, oilasini saqlab qolishga harakat qilmasligini ko`rib, bormay ham qo`ydi. 

“O`zi ketar yor-yor, o`zi kelar yor-yor..” deganlaridek kelinoyim ham o`zi ketib qolib, yana o`zi hech nima bo`lmagandek kelib yashab yuraveradigan holga keldi. Faqat shu qilig`i bo`lsa ham mayli edi. Uyda chog`ida akamga onamni, opa-singillarimni yomonlab qarshi qayrashga harakat qilarkan.

—  O`zi uyda tuzukli yashamasang, onamni, opa-singillarimni qaerdan bilasan, sen. Yomonlashni bas qil. Sen yaxshi bo`lsang, olam yaxshi. Mening onam bilan opa-singillarim hech qachon seni ko`ksingdan itarmaydi. Mening tinch yashashashimni o`ylab ham ular seni tushunishadi! — deya akam janjalning oldini olishga urinarkan. 

Onam nasihat qilishdan, akam murosa qilishdan charchamadi. Kelinoyim esa uch farzandning onasi bo`lsa ham onasinikiga ketib qolishini qo`ymadi. Eng kulgili tomoni har ketganida ko`chini olib ketar, oradan vaqt o`tib tag`in o`zi olib kelib yashayverardi. Biz tugul, mahalla oqsoqoli, qo`ni-qo`shnilar ham bu bilan oila uzoqqa bormasligini obdon tushuntirishdi. Asli o`zida bo`lmasa, yuragida oilasini asrash niyati bo`lmasa qiyin ekan. 

Bo`lmasa, emizikli bolasini ham onamga tashlab arazlab ketib, o`n-o`n besh kun o`tgach, aka-ukalari bilan qaytib kelib yuradimi? Oila, er, farzand, turmush, ro`zg`orning qadri shunchalar pastmi? Shunchalar arzonmi?

Oxiri onam akamning baxti, tinchini o`ylab, o`zi yashab turgan uyni bo`shatib, hovli etagidagi qarovsiz xonaga ko`chib o`tdi:

—  Mana, uy sizlarniki. Tinch yashasalaring bo`ldi. Xohlagancha yashanglar.

Afsus, kelinoyim buni boshqacha tushundimi, onamning bag`rikengligini bo`ysunish deb bildimi, onam yashab turgan xonaning oldiga kir yuvgan suvini sepib o`tadigan, onamning ustidan kuladigan odat chiqardi. Bu ham etmagandek, onamni itarib yiqilib, sho`rlik onam shifoxonada ham yotib chiqdi.

Bundan tashqari endi gap-so`zi ham o`zgardi. Bir so`z bilan aytganda asl maqsadi oydinlasha boshladi. U asta-sekinlik bilan akamni avramoqchi bo`libdi:

—  Bu uy bizga nimaga kerak. Sotaylik-da, shahardan boshqa uy olib ko`chib ketaylik. Keyin shaharda mazza qilib yashaymiz...

Turgan gapki, akam bunga ko`nmagan. Onamni o`ylab, onamning xotirjamligi uchun qayg`urib, yana ayolining subutsizligini bilgani uchun, agar bunday qilsa, erta bir kun ko`chada qolishi aniqligini bilgani uchun bunga rozi bo`lmagan. Lekin uch bolasi va onamni o`ylab, qaynonasinikiga ham borib yashab ko`rdi. 

—  Qani, shu bilan jag`i tinarmikan? Shunday qilsam, uyim-joyim dermikan? — deya shunday qildi.

Qayoqda, asli hayotda o`zligini anglamagan, o`z niyati va maqsadini ham ko`ra olmagan kelinoyim o`z uyida ham tinch yashamadi. Akamni “Sig`indi”, “Ichkuyov” deya haqorat qila boshlagan. Bo`lmasa, akamning ishi va topish-tutishi yaxshi edi. Oxiri akam buni ham g`ururi ko`tarmay uyga qaytib keldi.

Shundan so`ng kelinoyim “Endi umuman yashamayman”, deya uyga kelib hamma narsasini olib ketdi. O`zi yashaydigan uy bo`m-bo`sh bo`lib qoldi. 

—  Uch bolang etim qolmasin, bolam, ertaga mendan norozi bo`lib yurma, o`zim borib qudam bilan jiddiy gaplashib kelay, — dedi onam va opam bilan kelinoyimning qizlik uyiga bordi. 

Onam bechora ne-ne niyatlarda borgan bo`lsa kerak. Afsuski, quda xola ham tushunmagan ayol ekanligini bittagina so`zi bilan isbot etdi:

—  Bu yashash yashashmi? Qizimni bir oyda uzatib yuboraman! Yashamaydi!

Shundan so`ng onamning butkul hafsalasi pir bo`ldi. 

Bir oyda uzatib yubormoqchi bo`lgan qizlarini bir oy o`tib o`zlari tag`in tashlab ketishdi. Ana shunda ham noshukur kelinoyim bir hafta o`tmay, yana ko`ch-ko`ronini yig`di:

—  Mening bu erda yashash niyatim yo`q. Bo`ldi yashamayman!

Kelinoyimning bu qiliqlarini yaxshi bilmagan aka-ukalari hamma ishda akamni ayblab, kelib akamni do`pposlab ham ketishdi. 

Shundan so`ng bu oila batamom barbod bo`ldi. Kelinoyim qayta qaytib kelmadi. Akam esa bolalarini o`ylab boshqa uylanmadi. 

Onam boyaqish, bu janjallar domida kuya-kuya, yana akamning yolg`iz qolganiga ich-etini eb, vafot etdi. 

Xuddi shuni kutib yurgandek, kelinoyim onamning vafotidan keyin oilasini tiklash niyati borligini bildirdi. Akam uchun biz ham bir nima demadik. Buni qarangki, o`rgangan ko`ngil o`rtansa qo`ymas ekan, bir oy yashab yana onasinikiga ketdi. 

Turmushni shu qadar o`yinchoq qilgani, akamning ham hayotini barbod qilgani hammamizga ta`sir qildi. Ayniqsa, akam dardkashi bo`lgan onamdan ham ayrilgani uchun ichkilikka o`rgandi. Ichib olib tinmay yig`lardi:

—  Nega mening hayotim bunaqa bo`ldi? Meni deb sho`rlik onam ham ro`shnolik ko`rmadi. Nega men odamlardek bolalarim bilan birga yashay olmayman! Nega taqdir menga bunaqa ayolni yozdi?

Biz bergan taskinu tasallilar ta`sir qilmadi. Akam ichkilikni tashlamadi. Oqibat shu bo`ldiki, akamning ham yosh umri xazon bo`ldi. Kutilmaganda vafot etib, bizni kuydirib ketdi.

Onamning dog`i kammidiki, akamsiz ham qoldik. Jigarning dardi yomon ekan. Turmushi o`xshamagani uchun bizam ezilib yurardik. Hammasi holva bo`lib qoldi. Mana, bosgan izlariga zor bo`lib o`tiribmiz. Dardimizni kimga aytishni, kimga ohu zor qilishni bilmaymiz. Nima qilaylik, Egamdan zo`r chiqa olmaymiz.

Lekin eng alam qilgani, shu paytgacha akam icha boshlaganida, xastalanganida biror marta kelmagan kelinoyim dunyodan o`tganidan keyin kelib o`tiribdi. U ham uy ilinjida. Nima emish, bu uy uniki va shu erda yasharmish...

Axir shuncha yil bu uyda yashamayman deb onamni ham, akamni ham kuydirgan, qaro go`rga tiqqan odam endi yasharmidi? Bu bedodlikka qanday chidash mumkin?

Akamning qabri sovumay turib, meros talashgani qanday yuzi chidadi ekan? 

Men haliyam ko`p gaplarini yozmadim. Onamni hurmatsiz qilganlari, akamni pastga urganlarini qalamga olmadim. Shu insonlar tirikligida beqadr bo`lgan uy endi qanday qilib qadrli bo`lib qoldi ekan? 

Biz aslida uning niyati bu uy-joylarni sotib, pulli bo`lish ekanligini ham bilamiz. Agar zig`ircha vijdoni bo`lganida. Zig`ircha oilam, erim deb jon kuydirganida ehtimol, indamasdik. Lekin endi qanday jim qarab turaylik. Agar kelinoyimning shu uyda yashagan damlarini jamlasa, bir yil ham chiqmasa kerak...

Nima bo`lganda ham hammaning o`ziga insof bersin ekan? Bemaqsad, bemaslak odamlardan Xudoning o`zi asrasin ekan. Men buni biz kabi kuyib yurganlarga ertaroq ko`zingizni oching, asli badniyat bo`lgan odam o`zgarmaydi, degan ma`noda yozdim. Ehtimol, kelinoyimga o`xshab oilasining qadriga etmay yurgan ayollarga ham saboq bo`lar...

Xullas, yuragimda saqlab yurgan gaplarim shu edi...

KAMINA oqqa ko`chirdi

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!