“Xellouin” – majusiy marosimlarga yo`l berish mumkin emas

13:47, 31 oktabr

Dunyoda kechayotgan iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy aloqalar rivoji, axborot makonining shaffoflashuvi bois o`tgan asrning to`qsoninchi yillarida ko`plab ijobiy o`zgarishlar bilan birga,sobiq sovet mamlakatlari hududida yashovchi xalqlarning milliy qadriyatlariga va diniy e`tiqodiga zid bo`lgan bayramlar (marosim va urf-odatlar) ham kirib keldi. Bunga misol tariqasida  G`arbdan kelgan, bugungi kunda yoshlarning ma`naviy va madaniy hayotida jiddiy muammolar tug`dirayotgan, xellouin “bayrami”ni aytishimiz mumkin.

Agarda ushbu “bayram” tarixiga nazar solsak, xellouin kelt xalqlarining xristianlikkacha bo`lgan davrdagi butparastlik marosimi bo`lib, yillar o`tishi bilan taraqqiyot, g`oyaviy rahnomalari va tijoriy foyda oluvchilar ta`sirida irlandiyaliklarning shimoliy amerikaga migrasiyasi,ayniqsa, xristianlik va kelt bayrami sanasi bir kunga to`g`ri kelib qolishi tufayli,19-asrning oxiridan boshlab  ommalashdi.

An`anaga ko`ra, ushbu “bayram” 31 oktyabrdan 1 noyabrga o`tar kechasi nishonlanadi. Qadimiy kelt xalqlari fikrlaricha, ushbu kunda hosil yig`ib olinishi bilan, quyosh o`liklar hukmdori Samxeynu ixtiyoriga o`tib, oqshom paytida o`tmish va kelajak darvozalari ochilib, darvozalarni esa yovuz kuchlarning malaylari qo`riqlashar, o`liklar va tiriklar o`rtasida farq qolmay sharpalar esa insolar dunyosiga kelar emish. O`z navbatida kelt xalqlari bunday yovuz kuchlar qurboniga aylanmasliklari va jon saqlash maqsadida hayvon terilarini kiyib, yuzlarini bo`yab qo`rqinchli qiyofaga kirib olishar, uy eshiklari oldiga esa yovuzlarga ovqat qo`yishar edi. Bugungi xellouin qahramonlari, ya`ni ular turli xil kostyumlar kiyib, yuzlarini bo`yab, niqoblartaqib vampir, maxluq, jodugar, sharpa va boshqa qo`rqinchli personajlar qiyofasiga kirib, majusiylik dunyosiga xos, jahannam darvozasi qo`riqchilari timsoli bo`lmoqdalar.

Xellouinning salbiy ta`siri jamiyatdagi ma`naviy muhitga daxl qilishini bolalar uyma-uy yurib tilamchilik qilishlari, uy egasiga esa “hayotmi yoki hamyon”, deya do`q urib pul so`rashlari va bunday bema`ni odat ayrim hududlarda borligini, yoshlar yuzlariga niqoblar taqib huquqbuzarliklar sodir etayotganini ham aytib o`tishimiz lozim bo`ladi.

Bugungi kunda xellouin majusiy marosim festival, karnaval, bayram sifatida o`z ajdodlaridan meros bo`lib qolgani bois, bunga turli dinlar, jamoatchilikning muayyan qismi qarshi bo`lsa-da bir qator mamlakatlarda nishonlanadi.

Sobiq sovet mamlakatlari orasida xellouin g`oyalari ko`p ommalashgan va unga qarshi kurash olib borilayotgan mamlakat Rossiya Federasiyasi hisoblanadi. Rossiya davlati, garchand, ko`p sub`ektli va millatli bo`lsada, xellouin g`oyalari tarafdorlarining aksariyat qismi rus yoshlari (bunday holat boshqa sobiq sovet mamlakatlarida ham o`qish rus tilida bo`lgan ta`lim muassasalarida, xususan, ayrim milliy tillardagi o`quv muassasalarida ham kuzatiladi). Bugungi kunda xellouin tarafdorlari va muxolifatchilari o`rtasida keskin tortishuvlar ko`zatilmoqda. Rus Pravoslav cherkovi vakillari xellouin iblislar ibodati, deya baholab, cherkov va jamoatchilik vakillari mamlakat huquq-tartibod idoralariga murojaat qilib, xellouinni qonun yo`li bilan taqiqlashni so`ramoqda.

O`zbekiston dunyoviy davlat bo`lgani bois,15 ta diniy konfessiya faoliyat ko`rsatib kelmoqda. Mamlakatimizda turli millat yoshlari imtiqomat qiladi. Ular orasida, xususan, o`zbek yoshlarida ham G`arb madaniyati, shu jumladan, majusiylik davri marosim va odatlariga bilib-bilmay chalg`ib qolayotganlar ham topiladi. Jamiyat hayotida xellouin va boshqa majusiylik marosimlari o`rin topmasligi uchun huquqiy va tarbiyaviy (milliy, diniy, ma`naviy) choralarni kuchaytirish bilan bir qatorda, madaniy va ko`ngilochar tadbirlar ham taklif etilmog`i zarur.

O`zbek xalqi va barcha o`zbekistonliklarga o`z ajdodlarimizdan qolgan va bizgacha etib kelgan bayramlarimiz borki, ular milliylik, insoniylik, ahloq, madaniyat, din va boshqa tushunchalar bilan uyg`un bo`lgan yuksak qadriyat va nodir meroslarimiz hisoblanadi. Ana shunday boy ma`naviy meros turganda jamiyatimiz hayotida g`arbona majusiy “bayram”larga o`rin bo`lmasligi kerak.

Mamlakatimizda yuzdan ortiq millat vakillari tinch va totuvlikda yashab, o`zlarining tili, urf-odatlari, qadriyatlari, bayramlarini nishonlashda erkindirlar. Va ularni saqlash hamda rivojlantirish uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan.

Biroq erkinlikni suiiste`mol qilib, qadriyatlarmizga mutlaqo zid bo`lgan, ahloqsizlik, tubanlik va yovuzlikni targ`ib qiluvchi, majusiy marosimlarga yo`l berishimiz aslo mumkin emas. Va bunday majusiy marosimlarni kelajak avlodlarimizga, o`zligimizga, qolaversa, mamlakatimizda yashovchi boshqa xalqlarni ham milliy tabiatiga suiqasd, deya qarashimiz mubolag`a bo`lmaydi.

Faxriddin Soliev

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!