2017 yilga aholi bandligi dasturi deputatlar tomonidan qabul qilindi

16:24, 31 oktabr

Avval xabar qilinganidek, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo`lib o`tdi. Unda deputatlar O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan kiritilgan 2017 yilga aholi bandligi dasturi loyihasini muhokama qildilar. Bu haqda O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Axborot xizmati xabar beradi.

Yig`ilishda dastur O`zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoevning joriy yil 8 sentyabrdagi Oliy Majlis palatalarining qo`shma majlisidagi ma`ruzasida bayon etilgan ustuvor vazifalar asosida ishlab chiqilganligi ta`kidlandi. Mazkur hujjat demografik omillar va iqtisodiyotdagi tarkibiy o`zgarishlarni hisobga olgan holda hududlar va iqtisodiyot tarmoqlari salohiyatini ishga solish, mehnat resurslaridan oqilona foydalanish orqali aholi bandligini ta`minlash bo`yicha o`zaro bog`langan va kompleks chora-tadbirlarni ko`zda tutadi.

Dasturda 390 ming kishini doimiy ish joyi bilan, 200 ming kishini – qishloq xo`jaligi hamda qurilishda mavsumiy va vaqtinchalik ish bilan, 309 ming kishini – shaxsiy yordamchi va dehqon xo`jaliklari, hunarmandchilik va oilaviy tadbirkorlik orqali ish bilan ta`minlash nazarda tutilgan.

Deputatlar tomonidan o`tgan yillardan farqli ravishda kelgusi yil dasturining parametrlari yanada optimallashtirilib, hududlar va korxonalarning real imkoniyatlari hisobga olingani alohida ta`kidlandi. Jumladan, qurilish va infrastrukturani rivojlantirish, tuman va shaharlarda kichik sanoat zonalari tashkil etish hisobiga ish o`rinlari yaratishning yo`nalishlari kengaytirilgan. Shuningdek, ushbu dastur loyihasini tayyorlashda 2016 yil davomida aholi bandligini ta`minlash parametrlarining ijrosi yuzasidan deputatlar tomonidan amalga oshirilgan parlament nazorati yakunlari natijasida ishlab chiqilgan takliflar e`tiborga olingan.

Ushbu dastur loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalari va O`zbekiston Ekologik harakati deputatlar guruhi yig`ilishlarida atroflicha muhokama qilinib, bir qator fikr-mulohazalar bildirildi. Jumladan, aholi bandligini ta`minlash bo`yicha parlament nazoratini yanada kuchaytirish, har bir deputatning ushbu masalaga mas`uliyatini yanada oshirish lozimligi ta`kidlandi. Mazkur takliflar inobatga olingan holda 2017 yilga aholi bandligi dasturi deputatlar tomonidan qabul qilindi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!