“Kalyan” – “ommaviy madaniyat”ga aylanayotgan eng yomon tahdid

17:29, 31 oktabr

O`zbekiston Respublikasi Davlat raqobat qo`mitasi iste`molchilar huquqlarini va aholi salomatligini himoya qilish maqsadida “Salomatlik-3” loyixasi doirasida inson sog`lig`i va ma`naviyatiga salbiy ta`sir ko`rsatuvchi illatlar hamda unga qarshi kurashish bo`yicha o`z tahlil va takliflarini bildiradi.

Ma`lumki, bundan 5 yil avval qabul qilingan O`zbekiston Respublikasi “Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishi hamda iste`mol qilinishi cheklash to`g`risida”gi qonuni – fuqarolarning sog`lig`ini, avvalo, yigirma yoshga to`lmagan shaxslarning sog`lig`ini alkogol va tamaki mahsulotlarini iste`mol qilishning zararli ta`siridan, shu bilan bog`liq ijtimoiy va boshqa salbiy oqibatlardan himoya qilishga, shuningdek jamiyatda sog`lom turmush tarzini shakllantirishga qaratilgandir.

Ushbu qonun ijrosi bo`yicha alkogol va tamaki mahsulotlarini chakana savdosini tartibga solish, iste`mol qilishga va reklama qilishga yo`l qo`ymaslik, ularning salbiy ta`siri profilaktikasi sohalarida bir qator ishlar amalga oshirib kelinmoqda.

Shuningdek, 2015 yil 29 dekabrdan Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksda (56-1-modda) jamoat joylarida tamaki mahsulotini iste`mol qilganlik uchun javobgarlik normalari belgilandi.

Biroq, bugungi kunda jamoat joylarida, kafe, bar va restoranlarda fuqarolar, ayniqsa yoshlar tomonidan tamakidan tayyorlanuvchi – chilim (kalyan) iste`moli ko`payib, “ommaviy urf” va “ommaviy madaniyat”ga aylanib bormoqda.

Ma`lumotlarga ko`ra, inson bir soat davomida kalyan iste`mol qilganda, bir dona sigareta chekkanga nisbatan 100-200 barobar ko`p tutunni o`pkaga yutadi yoki bir soat kalyan chekish – 100 dona sigareta chekish natijasida inson sog`lig`iga etadigan zarar bilan barobardir.

Kalyanda 600-650S haroratda ko`mir yonib turishi natijasida uni 45 daqiqa iste`mol qilgan inson organizmiga bir quti (20 dona) sigareta chekish yoki 40  barobar ko`p miqdorida ugar gazi tushadi.

Kalyan iste`mol qiluvchilar organizmida ko`p miqdorda uglerod oksidi, karboksigemoglobin, smola, mshyak (margimush), nikotin, xrom, kotinin, qo`rg`oshin va boshqa kimyoviy-ishg`orli birikmalar borligi aniqlangan.

Bu esa, saraton, yurak-tomir kasalliklarini keltirib chiqarishi, befarzandlikka olib kelishi, xattoki kalyan iste`mol qilgan kishidan tug`ilgan bola, uning farzandi, nabirasi va undan keyingi avlod vakillari ham tamakining zararli ta`sirlaridan jabr ko`rishlari mumkin.

Hozirgi kunda, kalyanning xushbo`y xidli va engil ta`mli turlari mavjud bo`lib, bu esa uni birinchi marta iste`mol qilgan kishini jalb etuvchi va unga qaram qiluvchi, xattoki keyinchalik tamaki mahsulotlari chekish xohishini uyg`otuvchi va sigareta chekishga yo`l ochish xususiyatiga ega.

Mutaxassislarning yakdil fikriga ko`ra, jamoat joylarida, xususan kafe va restoranlarda kalyan iste`mol qilish turli zararli oqibatlarni keltirib chiqaradi. Birinchidan – uning ko`p miqdordagi tutunidan atrofdagilar ham aziyat chekadi, ikkinchidan – uning “yoqimli tutuni” boshqalarni ham, hatto yoshlar va ayollarni o`ziga jalb qilib, tamaki va keyinchalik giyoxvand moddalar iste`moli tomon “etaklaydi”, uchinchidan – kalyan iste`mol qilgan insonda undanda kuchliroq tamaki (narkotik) mahsuloti qabul qilish istagi paydo bo`ladi, to`rtinchidan – yoshlar va qiz bolalar o`rtasida “moda”ga aylanib boradi, beshinchidan – kalyan mundshtuki (trubkasi)dan bir necha kishi bir vaqtning o`zida foydalanishi natijasida yuqumli kasalliklar (gepatit, tuberkulyoz va boshqa infeksiyalar) tarqalishiga sabab bo`ladi, oltinchidan – kalyanda yonib turgan ko`mirdan foydalanilishi va extiyotsizlik oqibatida binoda yong`in chiqish xavfi yuqori hisoblanadi.

Bu borada Davlat raqobat qo`mitasi tegishli vazirlik va idoralar, mutasaddi tashkilot va jamoatchilik tomonidan quyidagi tezkor chora-tadbirlarni amalga oshirilishini maqsadga muvofiq deb hisoblaydi:

1. Fuqarolarni ma`naviy-axloqiy jihatdan tarbiyalashga, aholi, avvalo, yoshlar o`rtasida sog`lom turmush tarzini targ`ib qilishga, ularning sog`lig`iga alkogol va tamaki mahsulotlarini iste`mol qilish bilan bog`liq “ommaviy madaniyat” ko`rinishida urfga aylanib borayotgan turli tahdidlarning oldini olish hamda bunday xalqimizga yot bo`lgan illatlarni kamaytirishga qaratilgan profilaktika, maaniy-ma`rifiy targ`ibotlarni kuchaytirish.

2. Kalyan mahsuloti (kalyan uskunasi (shisha, nagril), tamakisi «tumbak» (Nicotiana Rustica), «mu'essel», «jurak», aromatizatorlari va boshqa qo`shimchalari)ni respublikamizga kirib kelishi va ichki bozorlarda realizasiya qilinishini tartibga solish, bunday mahsulotlarning tarqatilishi hamda iste`mol qilinishini cheklashga qaratilgan davlat dasturlarini amalga oshirish.

3. Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksning 56-1-moddasi (jamoat joylarida tamaki mahsulotini iste`mol qilganlik) va 211-moddasi (yong`in xavfsizligi qoidalarini buzganlik) buzilishi yuzasidan huquqbuzarlarga (jamoat joylarida chekuvchi va chekish uchun sharoit yaratib bergan muassasa mansabdor shaxsiga) nisbatan qat`iy va tizimli ravishda chora ko`rilishini ta`minlash.

Zero, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti v.b. Shavkat Mirziyoev aytganlaridek, “Avvalambor, “ommaviy madaniyat” ko`rinishida kirib kelayotgan turli tahdidlar, giyohvandlik, diniy ekstremizm, missionerlik kabi balo-qazolardan yoshlarni asrash, ularning ta`lim-tarbiyasiga har bir kishi mas`ul ekanini hech qachon unutmaslik zarur”.

 

Farrux MADAMINOV
Davlat raqobat qo`mitasi
Reklama faoliyatini nazorat qilish va
iste`molchilar huquqlarini himoya qilish
boshqarmasi bosh mutaxassisi

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!