O`zbekistonga EXHT DIIHBning saylovni kuzatish bo`yicha missiyasi rahbari keldi

09:29, 01 noyabr

1 noyabr kuni Toshkentga EXHT DIIHBning O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovni kuzatish bo`yicha missiyasi rahbari Yoxan Peter Traugott Teyler tashrif buyurdi.

O`zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi 2016 yil 28 oktyabrdagi qarori bilan EXHTga a`zo bo`lgan 13 ta mamlakatdan 17 nafar kishidan iborat EXHT DIIHB kuzatuvchilar missiyasi asosiy guruhini ro`yxatga olgan.

Asosiy guruh ikki – tahliliy va tezkor bo`linmadan iborat bo`lib, butun missiya to`laqonli ishlashini, shu jumladan saylov bilan bog`liq barcha axborotlar to`plash, umumlashtirish va yakuniy tahlil qilishni hamda missiya va EXHT DIIHB o`rtasida doimiy aloqani, shuningdek DIIHB bosh qarorgohidan missiyaga zarur yordam ko`rsatilishini ta`minlaydi.

Missiya rahbari Yoxan Peter Traugott Teyler Shvesiya fuqarosi, 1949 yilda tug`ilgan, san`at magistri darajasiga ega bo`lib, uning diplomatik xizmatda 40 yillik tajribasi bor. Turli yillarda Shvesiya Tashqi ishlar vazirligida, shuningdek Shvesiyaning Siriyadagi diplomatik vakolatxonasida ishlagan, Pokiston, Afg`oniston, Janubiy Afrika Respublikasi va boshqa mamlakatlardagi diplomatik vakolatxonalariga rahbarlik qilgan. 2012-2016 yillarda Shvesiyaning Eron Islom Respublikasidagi elchisi bo`lgan.

Missiya rahbari sifatidagi vazifalari missiya ishini nazorat qilish, shu jumladan davlat idoralari, saylov o`tkazish bo`yicha organlar, saylov jarayoni boshqa ishtirokchilari bilan aloqalar o`rnatish va mustahkamlash, shuningdek missiyaning oraliq, dastlabki va yakuniy hisobotlari tayyorlanishini ta`minlashdan iboratdir.

Ta`kidlash lozimki, EXHT DIIHBning saylovni kuzatish bo`yicha missiyasi tarkibiga asosiy guruh bilan birga 28 nafar uzoq muddatli kuzatuvchilar, shuningdek ovoz berish kuni saylov uchastkalarida kuzatuvni amalga oshiradigan 250 nafar qisqa muddatli kuzatuvchilar kiritilgan.

Mamlakatimizga kelishi 5 noyabrga rejalashtirilgan uzoq muddatli kuzatuvchilarning vazifalari saylov jarayonining turli bosqichlarini mintaqalarda kuzatish va missiya ishtirokchilariga mamlakatda nima bo`layotganligi haqida to`laqonli axborot taqdim qilishdan iborat. Uzoq muddatli kuzatuvchilarning faoliyati DIIHBga mintaqalardagi kuzatuv natijalarini inobatga olgan holda saylov jarayoni haqida to`laligicha hisobot tuzish imkonini beradi.

Qisqa muddatli kuzatuvchilarning vazifalari ularga biriktirilgan hududda saylov kuni kuzatuvni amalga oshirish, shuningdek o`z xulosalari haqida aniq va to`laligicha missiyaning bosh qarorgohiga xabar berishdan iboratdir. Etarli miqdorda qisqa muddatli kuzatuvchilarni joylashtirish DIIHBga butun mamlakat bo`yicha statistik jihatdan ko`proq saylov uchastkalarini qamrab olish imkonini beradi. Qisqa muddatli kuzatuvchilarning mamlakatimizda joriy yilning 2 dekabridan 6 dekabrigacha faoliyat yuritishi nazarda tutilgan.

Ta`kidlash lozimki, saylovni kuzatish bo`yicha to`laqonli missiya Markaziy saylov komissiyasining taklifiga binoan hamda mamlakatimiz xalqaro standartlarga muvofiq mazkur muhim siyosiy tadbirni ochiq va oshkora o`tkazishga tayyorligini e`tiborga olib ilk marotaba O`zbekistonga yuborilmoqda.

2 noyabr kuni "Radisson Blu Tashkent" mehmonxonasida EXHT DIIHB missiyasi rahbarining jurnalistlar uchun brifingi bo`lib o`tadi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!