Bolani sportga jalb etishda nimaga ahamiyat qaratish zarur?

10:39, 01 noyabr

Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida bolalar sportini rivojlantirish, yurtimizning barcha hududlarida zamonaviy sport majmualarini qurish, ularni zarur inventarlar va jihozlar bilan ta`minlash borasida ulkan ishlar amalga oshirildi. Bu O`zA xabar bermoqda 

Bolalarni sport turlariga jalb etishda, avvalo, ularning yoshi, qiziqishi, salomatlik darajasi va qobiliyatiga e`tibor qaratish zarur. 

– Ota-ona farzandini sportga jalb qilishda, avvalo, uning sog`lom bo`lib ulg`ayishini ko`zlaydi. Shunday ekan, farzandlari sport turini tanlashida bolaning fiziologik-psixologik ko`rsatkichlariga alohida e`tibor qaratishi kerak, – deydi Toshkent shahar oliy sport mahorati maktabi shifokori Mashhura Rahmonjonova. – Bolani avval umumiy tibbiy ko`rikdan o`tkazish va mutaxassislar tavsiya etgan sport turiga qatnashtirish lozim. 

Toshkent shahar oliy sport mahorati maktabi ertayu kech o`g`il-qizlar bilan gavjum. Bu erdagi basketbol, badminton, taekvondo (WTF), tennis, stol tennisi, voleybol va velosport to`garaklarida 234 nafar o`g`il-qiz 24 nafar murabbiydan sport sirlarini puxta o`rganmoqda. 

– Maktabimizda shug`ullanayotgan bolalarni sportning tegishli turlari bo`yicha yuqori toifali sportchi etib kamol toptirish va terma jamoalar tarkibiga qo`shish bizning asosiy maqsadimizdir, – deydi maktab direktori M.Toshmatov. – Shu sababli barcha shart-sharoitlarga ega bo`lgan sport zallarimizda endigina sportga qadam qo`ygan bolalar mamlakatimiz va xalqaro toifadagi sport ustalari bilan birga mashg`ulotlarda qatnashadi. Bu bolalarning sportga bo`lgan ishtiyoqini yanada oshiradi. 

Bu erdagi to`garaklarga qatnayotgan bolalar, ayniqsa, qizlarning salomatligini mustahkamlash, ular o`rtasida sog`lom turmush tarzini keng targ`ib qilish maqsadida hududdagi mahallalar bilan hamkorlikda xotin-qizlar va yoshlar uchun salomatlik guruhlari tashkil etilgan. 

– Bolaligimdan sportning bir necha turlari bilan shug`ullanganman, – deydi Toshkent politexnika kasb-hunar kolleji o`quvchisi Temur To`raxonov. – Olti yildan buyon gandbol bilan shug`ullanaman. Ayni paytda terma jamoa a`zosiman. Bir necha marotaba shahar va mamlakat miqyosidagi chempionatlarda g`alaba qozondim. Biz erishayotgan yutuqlar mamlakatimizda bolalar sportini rivojlantirishga qaratilayotgan doimiy e`tibor, sport bilan muntazam shug`ullanishi uchun keng imkoniyat yaratib berilayotganining samarasidir. 

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!