O`zbekistonda qish-bahor mavsumi uchun 660 ming tonna qishloq xo`jaligi mahsulotlari zaxirasi yaratiladi

15:05, 01 noyabr

“O`zbekoziqovqatzaxira” uyushmasi raisi Zafar Fayziev bu yilgi mavsumda mamlakatimiz aholisi uchun qish-bahor oylarida talab etiladigan asosiy turdagi qishloq xo`jaligi mahsulotlari hajmi, ularni eksport qilish imkoniyati, mahsulotlarni saqlash uchun qurilayotgan sovutgichlar xususida O`zA muxbiriga quyidagilarni gapirib berdi:

Uning aytishicha, 2016-2017 yil qish-bahor mavsumi uchun asosiy turdagi qishloq xo`jaligi mahsulotlarining 660 ming tonnalik zaxirasini yaratish choralari ko`rilmoqda. 175 ming tonna kartoshka, 139 ming tonna piyoz, 46 ming tonna boshqa sabzavotlar, 105,8 ming tonna meva shular sirasidan. Bozorlarda qishloq xo`jaligi mahsulotlarining tanqisligi va narxlar oshishining oldini olish maqsadida sovutgichli omborxonalarda kerakli miqdorda asosiy oziq-ovqat mahsulotlari jamg`arildi. Buning uchun zarur bo`lgan 93 million so`mning 38,4 millioni korxonalarning o`z mablag`lari, qolgan qismi tijorat banklari kreditlari evaziga moliyalashtirildi.

Omborlar mavsumga talab darajasida tayyorlansa, aholini kelasi pishiqchilik mavsumiga qadar sifatli qishloq xo`jaligi mahsulotlari bilan uzluksiz ta`minlash imkoni yaratiladi. Korxonalardagi iliq va salqin omborxonalar, sovutish va muzlatish kameralarida mahsulotlarni yangi hosil pishib etilguncha bemalol saqlash mumkin. Tuxum, go`sht va sut mahsulotlari sovutish kameralarida, alohida harorat talab qilmaydigan dukkakli don, makaron, choy, shakar, qandolat kabi mahsulotlar omborlarda saqlanadi. Mahsulotlar sifati, sovutgich va omborlar harorati to`la nazorat qilib boriladi. 

2011-2016 yillarda bu yo`nalishda qariyb 70 milliard so`m yo`naltirilib, umumiy sig`imi 68 ming tonnaga teng bo`lgan ellikdan ziyod sovutgichli kameralar foydalanishga topshirildi. “Namanganulgurjisavdoinvest”, “Qashqadaryotijoratsavdo” jamiyatlaridagi har biri 3 ming tonnalik, “Bekobodgo`shtsutsavdo”dagi 2 ming tonnalik, “Farg`onago`shtsutsavdo”dagi 4,2 ming tonnalik omborlar shular jumlasidandir. Uyushma korxonalari va shaharlarda jamg`arilgan 330 ming tonna qishloq xo`jaligi mahsulotlari mazkur omborlarda sifatli saqlanib, qish-bahor oylarida ichki bozorga peshma-pesh etkazib berilmoqda. 

Shu yilning o`tgan davrida uyushma korxonalarida 4 ming tonnalik sovutgichli sig`im ishga tushirildi. Natijada yurtimizda foydalanishga topshirilgan bunday ob`ektlarning umumiy hajmi 98,5 ming tonnaga etadi. Bu boradagi ishlar kelgusida ham izchil davom ettirilib, 2016-2020 yillarda 325 ming tonnalik sovutgichli zamonaviy omborxonalar ishga tushirilishi rejalashtirilgan.

Agar joriy yilning to`qqiz oyida savdo korxonalari va boshqa iste`molchilarga 581,5 milliard so`mlik un, o`simlik yog`i, shakar, guruch etkazib berilgan bo`lsa, shundan 123,3 milliard so`mligi uzoq, tog`li hududlardagi iste`molchilarga jo`natildi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!