Markaziy saylov komissiyasida ekspertlar guruhlarining yig`ilishi bo`lib o`tdi

15:27, 01 noyabr

2016 yilning 1 noyabr kuni O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini yoritish bo`yicha Respublika matbuot markazida joylarda uchastka saylov komissiyalari a`zolari uchun hududiy seminar-treninglarni uyushqoqlik bilan tashkil etish masalalariga bag`ishlangan ekspertlar guruhlarining yig`ilishi videokonferensaloqa shaklida o`tkazildi.

Tadbirda Markaziy, okrug saylov komissiyalari a`zolari, deputatlar, saylov huquqi sohasi bo`yicha olim va mutaxassislar, fuqarolik jamiyati institutlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Qayd etilganidek, Markaziy saylov komissiyasining 13 oktyabrdagi qarori bilan O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o`tkazuvchi uchastka saylov komissiyalari faoliyatini samarali tashkil qilish masalalariga bag`ishlangan tadbirlar rejasi qabul qilingan edi. Ushbu reja asosida respublika seminar-treningi shu yilning 20 oktyabr kuni o`tkazildi.

1-10 noyabr kunlari Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida Markaziy saylov komissiyasi, okrug saylov komissiyalari va Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti tomonidan saylov komissiyalari a`zolarining huquqiy bilimlarini yanada yuksaltirish hamda ularning saylov komissiyalari faoliyatini samarali tashkil qilish bo`yicha ko`nikmalarini mustahkamlashga qaratilgan seminar-treninglar tashkil etish belgilangan.

Shuni hisobga olgan holda yig`ilish ishtirokchilari uchastka saylov komissiyalari a`zolari uchun hududiy seminar-treninglarni uyushqoqlik bilan o`tkazish masalalarini atroflicha muhokama qildilar.

Qayd etilganidek, o`tkaziladigan tadbirlardan maqsad uchastka saylov komissiyalari barcha a`zolarini qamrab olgan holda komissiya faoliyatining muhim jihatlariga, chunonchi saylov uchastkalarini jihozlash, saylovchilar ro`yxatini tuzish va unga o`zgartishlar kiritish, muddatidan oldin ovoz berishni hamda saylov kuni ovoz berishni tashkil qilish, kuzatuvchilar instituti ahamiyati, ommaviy axborot vositalarining saylov jarayoni ochiqligi va oshkoraligini ta`minlashdagi roli singari muhim jihatlarga alohida e`tibor qaratishdir.

So`zga chiqqanlar hududiy seminar-treninglarni erkin fikr almashuvi, savol-javob tarzida o`tkazish yuzasidan o`z takliflari va tavsiyalarini bildirishdi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!