Narimon Umarov Surxondaryo viloyati saylovchilari bilan uchrashdi

01:49, 02 noyabr

O`zbekiston “Adolat” sosial-demokratik partiyasidan O`zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Narimon Umarov 1 noyabr kuni Surxondaryo viloyati saylovchilari bilan uchrashdi. 

Uchrashuvni Surxondaryo viloyati hokimligi huzuridagi fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlari xodimlarining malakasini oshirish bo`yicha o`quv kursi rahbari A.Ortiqov ochdi. Prezidentlikka nomzodning ishonchli vakili R.Hamroev yig`ilganlarni nomzodning tarjimai holi bilan tanishtirdi. 

O`zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod nutq so`zlab, saylovoldi dasturida ilgari surilgan asosiy yo`nalishlar haqida ma`lumot berdi. 

Dasturda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan demokratik o`zgarishlarni qo`llab-quvvatlash, iqtisodiyotning ijtimoiy yo`naltirilganligini kuchaytirish, aholi turli ijtimoiy qatlamlarining turmush sifati va darajasini yanada oshirish kabi muhim vazifalar belgilangan. Ta`lim, sog`liqni saqlash va atrof-muhitni muhofaza qilish sohalariga ham alohida e`tibor qaratilgan. Aholining barcha qatlamlari o`z vaqtida, muntazam, sifatli tibbiy xizmatdan foydalanishini ta`minlash, ko`rsatilayotgan tibbiy yordam sifatini yanada oshirish, maktab va maktabgacha ta`lim muassasalari doirasida bolalarni tibbiy xizmatlar bilan ta`minlash tizimini kuchaytirish, dori vositalarining noqonuniy aylanishi, qalbakilashtirilgan va sifatsiz dori vositalari sotilishining oldini olish, skrining va perinatal markazlari, ayollar tibbiy maslahatxonalari, tug`ruq majmualari, ginekologiya va patronaj xizmatlari faoliyatini takomillashtirish masalalari dasturning asosiy yo`nalishlaridandir. 

Dasturda, shuningdek, ijtimoiy soha, xususan, ta`lim tizimini isloh qilish borasida bir qator vazifalar ilgari surilgan. Jumladan, nomzod so`nggi yillarda yoshlarimiz orasida oliy ta`lim olishga intilish kuchayib borayotgani, birgina Termiz davlat universitetiga abiturientlar soni belgilangan qabul kvotalariga nisbatan 18-20 barobar ortiqni tashkil etayotganini ta`kidladi. Shundan kelib chiqib, dasturda oliy ta`lim muassasalariga qabul qilishda iste`dodli yoshlarni saralab olish sifatini oshirish hamda ta`lim-tarbiya sohasida uzviylikni yanada mustahkamlashga qaratilgan qator g`oyalar ilgari surilgan. 

Mustaqillik yillarida mamlakatimizning barcha hududlarida bo`lgani kabi Surxondaryo viloyatining ham boy tarixi tiklanib, shahar va qishloqlar infratuzilmasi zamonaviy qiyofa kasb etdi. So`nggi besh yil davomida Termiz shahrida ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirilib, bir-biridan ko`rkam va muhtasham turar joy binolari, ko`plab savdo va maishiy xizmat inshootlari qad rostladi, aholi turmush farovonligi yuksaldi. 

Uchrashuvda O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati D.Tangirov, Termiz axborot texnologiyalari va maishiy xizmat kasb-hunar kolleji o`qituvchisi N.Xidirova, “Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat bo`limi raisi O`.Toshboev, “Termiz-Baqtriya savdo kompleksi” mas`uliyati cheklangan jamiyati bosh hisobchisi B.Bobomurodov va boshqalar nomzodning saylovoldi dasturi haqida o`z fikr-mulohazalarini bildirdi. Saylovchilarni Vatanimiz taraqqiyoti va xalqimiz farovonligini yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etadigan O`zbekiston Prezidenti saylovida faol ishtirok etishga chaqirdi. 

2016 yil 2 noyabr kuni soat 11:00 da Qashqadaryo viloyatidagi “Yoshlar markazi”da O`zbekiston “Adolat” sosial-demokratik partiyasidan O`zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Umarov Narimon Majitovichning Qashqadaryo viloyatidagi saylovchilar bilan uchrashuvi bo`lib o`tadi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!